Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bu bilan to‘xtab qolmaymiz» – Shuhrat Sodiqov jurnalist va blogerlar bilan ochiq muloqot qildi (foto)

«Bu bilan to‘xtab qolmaymiz» – Shuhrat Sodiqov jurnalist va blogerlar bilan ochiq muloqot qildi (foto)

Bugun, 24-oktyabr kuni Toshkentdagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki shou-rumida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov jurnalist va blogerlar bilan uchrashdi. Ochiq muloqot shaklidagi, ya’ni galstuksiz o‘tgan uchrashuvda AKT vaziri OAV vakillariga axborot texnologiyalari sohasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.

– Har bir sohada ilmsiz taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi, – dedi Shuhrat Sodiqov. – AKT yo‘nalishida uchta oliy ta’lim muassasasi – TATU, INHA, Amiti universitetlari, bitta litsey, to‘rtta texnikum va AKTga ixtisoslashgan maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining beshta filiali qatoriga endi Toshkent viloyatida tashkil qilinadigan filial ham qo‘shiladi. Bundan tashqari, viloyatlarda 52ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etilgan. Sohaga ixtisoslashtirilgan bunday ta’lim muassasalarini tashkil etish ishlari izchil davom etiriladi. Maqsad – ilmli kadrlarni ko‘paytirish, shu orqali soha va mamlakatimiz taraqqiyotiga erishish.

– Keyingi ikki yilgi faoliyatimiz davomida respublikamizning hamma viloyatlarida bo‘lib, vazirligimiz ishchi guruhi bilan eng chekka tumanlardagi soha korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdik, – dedi uchrashuvda Shuhrat Sodiqov. – Xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish uchun barcha tegishli choralarni ko‘ryapmiz. Xodimlarga qulay mehnat sharoitlarini yaratishga intilyapmiz. Bilasizlarmi, soha rahbari sifatida oddiy xodimlarning oylik ish haqlari kamligi dilimdagi og‘riq nuqtalardan biri edi. Hozir pochta va telekommunikatsiya bog‘lamalaridagi xodimlarning o‘rtacha ish haqlarini ikki barobarga oshirishga erishdik. Albatta, bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Pandemiya sharoitida boshqa sohalar qatori aloqachilar ham o‘z ishlarini uzluksiz davom ettirishdi.

AKT vaziri jurnalist va blogerlarga sohaning boshqa yo‘nalishlarida ham amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi. Shundan so‘ng qizg‘in muloqotlar boshlanib ketdi. Soha mutasaddilari OAV vakillarining barcha savollariga javob berishdi. 

Uchrashuv davomida ishtirokchilarga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari o‘zlari yaratgan dasturiy mahsulotlarni namoyish qilishdi.

AKT vaziri Shuhrat Sodiqov jurnalist va blogerlarni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki – IT-Park hududida jadal olib borilayotgan binolar qurilishi bilan tanishishga chorladi. Vazirning o‘zi bu yerda bunyod etilayotgan binolar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Mazkur zamonaviy majmua qurilishi o‘tgan yilning 20 noyabrda boshlangan edi. Bu yerda bosqichma-bosqich 17ta imorat, jumladan, 20-25 qavatli ofis binolari, 22 qavatli mehmonxona, universitet, konferensiya zali, kovorking markazi va boshqa ob’yektlar barpo etiladi. Inshootlar 9 balldan yuqori zilzilaga chidamli bo‘ladi. Yer ostida 3 qavatli avtoturargoh quriladi. Majmua hududida kafe va restoranlar, do‘konlar, masjid, sport maydonlari, dam olish joylari ham bo‘ladi.

Ushbu IT-parkning dastlabki ikkita binosi foydalanishga topshirilgan. Ularda eng zamonaviy qulayliklar yaratilib, istiqbolli startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. IT-park rezidentlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar 2028 yil 1 yanvarga qadar soliqlar va bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan.

Majmua tanishuvdan so‘ng AKT vaziri bunday ochiq muloqotlar shu bilan tugamasligi, vazirlik huzurida jurnalistlarning mediaklubi tashkil qilinib, OAV vakillari bilan uchrashuvlar doimiy o‘tkazilib turilishini ma’lum qildi. 

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan tadbir jurnalistlarning Toshkent teleminorasiga ekskursiyasi bilan yakunlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring