Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Biotexnolog. Albert Eynshteyn o‘qigan oliygoh magistranti Surayyo Akramxanova bilan suhbat

Biotexnolog. Albert Eynshteyn o‘qigan oliygoh magistranti Surayyo Akramxanova bilan suhbat

Surayyo Akramxanova.

«Xorijdagi vatandoshlar»ning navbatdagi suhbatdoshi Shveysariyaning nufuzli ETH Zürich Federal texnologiya instituti Biotexnologiya yo‘nalishi magistranti Surayyo Akramxanova.

U bilan suhbatimiz Shveysariyadagi ta’lim, nega biotexnologiya yo‘nalishini tanlagani, O‘zbekistonda e’tibor qaratish zarur bo‘lgan masalalar va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

Bu sohalarda ko‘rmasligimni anglab yetdim

Toshkent shahridagi 171-maktabda o‘qiganman. So‘ng Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi akademik litseyni bitirganman. 2019 yili esa Yangi Zelandiyada joylashgan Otago universitetining «Molekulyar biotexnologiya» bo‘yicha bakalavr darajasini qo‘lga kiritdim.

Bakalavriat paytida talabalar almashuvi dasturi bo‘yicha Daniyadagi Kopengagen universitetida yarim yil ta’lim olganman. Hozir Shveysariyadagi ETH Zürich (Eidgenössische Technische Hochschule Zürich) Federal texnologiya institutida «Biotexnologiya» mutaxassisligida tahsil olyapman.

Biotexnologiya yo‘nalishini tanlashimga esa bir nechta sabablar bor. Xususan, maktab paytidan informatika va biologiya fanlariga qiziqar edim. Biologiya fanidan olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelganman.

Litseyning oxirgi yilida Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida Foundation yilini o‘qish imkoniyatidan foydalanib, keyinchalik IT-sohasida mutaxassis bo‘lishni rejalashtirgandim. (Foundation yili Buyuk Britaniya universitetlariga xos bo‘lib, ta’lim tizimi farqli bo‘lgan davlatlardan yoki o‘qishga kirish talablarini butunlay qondira olmagan talabalar uchun bakalavrning dastlabki bosqichi hisoblanadi). Shu yil mobaynida o‘zimni biznes, biznesdagi axborot tizimlari va iqtisodiyot sohalarida sinab ko‘rdim, afsuski o‘zimni bu sohalarda ko‘rmasligimni anglab yetdim.

Aniqrog‘i, men shu sohalar yordamida insonlarga va dunyoga qanday foyda keltira olaman degan savolga o‘zimda javob topa olmadim. Shunda universitetdan bir yillik akademik ta’til olgan holda chet el universitetlariga «Biotexnologiya» yo‘nalishiga hujjat jo‘natishni boshladim va niyatimga erishdim.

Natijada, hayot, kasalliklar, mavjudotlar, o‘zimizning tanamizdagi jarayonlar haqidagi savollarni qoniqtirishga qaratilgan va tabiatdan olgan shu bilimlarimizni hayot tarzimizni yaxshilashga xizmat kiladigan ilmiy dunyoga sho‘ng‘idim.

Dars berish jarayonidagi kamchiliklarni, takliflarni ochiq oydin o‘rtaga chiqarish rag‘batlantiriladi

Yangi Zelandiya, ya’ni kuchli ilmiy tadqiqot olib borayotgan ta’lim muassasasi muhitida bo‘lganim uchun magistratura bosqichi uchun ham, so‘nggi innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha bilim beradigan va amaliy qo‘llanmalarga e’tibor qaratadigan oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishni boshladim. Bir nechta oliygohlarga kirish sinov va suhbatlardan o‘tgandan so‘ng tanlovim dunyo miqyosida tabiiy fanlar va muhandislik bo‘yicha kuchli sanalgan Shveysariyadagi ETH Zürich universitetiga tushdi. U yerdagi o‘quv dasturi menga qiziq bo‘lgan hamma jihatlarni o‘zida qamrab olgan. Misol uchun intensiv ravishda molekulyar biologiya, injenerlik va dasturlash kabi har xil bo‘lgan jihatlarni birlashtirgan holda biologik ahamiyatga ega bo‘lgan savollarga yechim topish. Bu menga ham kengroq fikrlash, ham kichik tafsilotlarni ko‘zdan qochirmasdan, ularni turlicha yondashuv bilan talqin etishga undaydi. Ana shu xususiyatlari bilan Shveysariya ta’limi butun dunyoga mashhur.

Bu yerga kelib sifat o‘quv tizimida, ayniqsa, muhim ekanligini ko‘rdim. Bu yerda professorlar bilan ochiq muloqotda bo‘lish, turli xil masalalarda fikr bildirish, unvonsiz ism bilan murojaat qilish, dars berish jarayonidagi kamchiliklarni, takliflarni ochiq oydin o‘rtaga chiqarish rag‘batlantiriladi. Ikki tomonlama o‘zini ustida ishlash muhiti yaratilgan. Ayniqsa, bizning universitetda, rasmiy ravishda ta’til belgilanmagan. Imtihonlar qishda dekabr va fevral oylarida, yozda esa iyun va avgust oylarida o‘tkaziladi. Talabalardan o‘qishga mashaqqat bilan yondashish va izlanishdan to‘xtamaslik kutiladi.

Albert Eynshteyn ham ushbu universitetda tahsil olgan

ETH Zürich 1854 yili tashkil etilgan bo‘lib, ilm, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) sohalariga yo‘naltirilgan. ETH Zürich 2021 QS World University Rankings jadvalida 6-o‘rinda turadi.

2019 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 21 ta Nobel laureati, 2 ta Fields Medalists (nufuzli matematika sovrini), 2 ta Pritzker Prize sovrindorlari (nufuzli me’morchilik sovrini) va 1 ta Turing Award sovrindori (nufuzli dasturlash/hisoblash sovrini) universitetga aloqador bo‘lishgan, shu jumladan Albert Eynshteyn ham ushbu universitetda tahsil olgan. ETH Zürich IDEA ligasi va Xalqaro Tadqiqot universitetlari Alyansi (IARU)ning asoschilari va a’zolaridan biri hamda CESAER tarmog‘ining a’zosi.

6000 yil oldin asos solingan

Biotexnologiya sohasi tez rivojlanayotgan sohalaridan biri. Terminning o‘zi nisbatan yangi bo‘lsa-da, unga 6000 yil oldin asos solingan bo‘lib, tarixdagi birinchi misollarni qishloq xo‘jaligi va fermentatsiya orqali oziq-ovqatlar (pishloq, non, pivo) ishlab chiqarish deb keltirsa bo‘ladi.

Hozirgi kunda biotexnologiya hayotimizning ko‘p jabhalarida muhim ahamiyatga ega. Bu qishloq xo‘jaligida eng yaxshi hosil beradigan meva, sabzavot ekinlarini saralab olish, turli hil iqlim sharoitiga moslashtirish uchun transgen (genetik o‘zgartirishlar kiritilgan) o‘simliklar yaratish, biologiya orqali sanoatda ishlab chiqarish unumdorligini yaxshilash, pishloq va ba’zi-bir ichimliklarni tayyorlash, bu jarayonlarda zararli organizmlarga qarshi chora topish, qurg‘oqchil yerlar va cho‘llar vaziyatini nazorat qilish va maxsus o‘simliklar o‘stirish, chiqindi va ifloslanish muammolarini yechish. Va albatta tibbiyot va farmatsevtika sanoati va sog‘liqni saqlash sektorida ahamiyati katta. Ayniqsa hozirgi pandemiya davrida buni ko‘rish mumkin. Vaksina, antibiotik, dori vositalarni yaratish, yangi diagnostika usullarini yaratish, yangi terapiya usullarini kashf etish va sun’iy organlar o‘stirish, bular hammasi biotexnologiya va biologiya fani bo‘limalari orqali sodir bo‘ladi. Ko‘rib turganingizdek, bu soha O‘zbekiston uchun ham juda muhim.

Magistraturadagi ilmiy ishini tayyorlashni hali boshlamadim, lekin funksional genomika va irsiy kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lgan ilmiy ishlarni qiziqish bilan kuzatib boryapman. Hozir ildiz hujayralardan (stvolovie kletki) miya organoidi (sun’iy organ) o‘stirish bo‘yicha kichikroq amaliy loyihamni boshlash arafasidaman.

Maktab paytidan kamida 3 ta tilni o‘zlashtirishadi

Ta’lim tizimida o‘rganishimiz mumkin bo‘lgan ko‘plab jihatlar borligi haqida gapirmoqchiman. Bu, avvalambor, o‘qituvchilarga bo‘lgan hurmat va ular oladigan maoshlar. Maktablarda o‘quvchilar uchun fanlar tanlash va kreativ fikrlash imkoniyatining berilishi, bolalikdan jamoatchilik ishlari muhimligini o‘rgatib, mustaqil jamoatchilik loyihalariga qo‘shilish imkoni. Til o‘rganishga bo‘lgan e’tiborni alohida ta’kidlamoqchiman. Shveysariyada 4 ta davlat tili mavjud bo‘lib bolalar maktab paytidan kamida 3 ta tilni o‘zlashtirishadi.

Yana bir qiziqarli va ijobiy tarafini referendum tizimida ko‘rdim. Shveysariyada jamiyatga aloqador bo‘lgan masalalarni referendum orqali hal qilishar ekan. Bu nafaqat Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish, balki oddiy qonunlar qabul qilish va kanton (viloyat) budjeti nima uchun sarflanishi. Masalan minimal maosh miqdorini oshirish yoki oshirmaslik, ma’lum bir mablag‘ga qo‘shimcha harbiy samolyot olish, ma’lum mablag‘ni ichimlik suvini tozaroq bo‘lishiga sarflash kabi oddiy muammolar ham referendumga chiqariladi. Bunday tadbirlar nafaqat demokratiyani mustahkamlaydi, balki fuqarolarni o‘z yurtiga befarq qolmaslik va jamoatchilik ongini uyg‘otadi.

Investitsiyaga muhtoj bo‘lgan ko‘plab sohalarimiz bor

Afsuski, O‘zbekistonda haligacha investitsiyaga muhtoj bo‘lgan ko‘plab sohalarimiz bor. Masalan jamiyatimizda ko‘payib borayotgan saraton kasalligi, uni skrining qilish va oldini olish chora-tadbirlarini rivojlantirish, bizning iqlimimiz va yashash tarzimizdan kelib chiqib saratonga olib borayotgan sabablarni belgilab, ularga davo topish masalalariga e’tiborimizni qaratishimiz kerak.

Ko‘plab investitsiyalar daromadi tezroq bo‘lgan qurilish, biznes sohalariga ajratiladi, lekin o‘ylab ko‘rilsa, ilm-fanga mablag‘ va resurs tikish uzoq muddatli «daromad» keltiradi. Oziq-ovqat yetishmovchiligi, o‘zgarayotgan iqlim muammolari, o‘zgarayotgan va g‘oyib bo‘layotgan ekotizimimiz muammosi, mahalliy bo‘lmagan o‘simliklarni ko‘payishi, biologik parchalanadigan materiallardan foydalanmaslik oqibatida atrof-muhit ifloslanishi, kelajak avlod sog‘ligi kabi muammolarni bartaraf etish davlat uchun uzoq muddatli foyda keltiradi.

Rivojlanishga to‘sqinlikni yana xotin-qizlarni doim ham bilim olib, o‘zlari yoqtirgan kasb egalari bo‘lishlari uchun yetarlicha rag‘batlantirmasligimizda ko‘raman. Ayniqsa ilm, texnologiya, muhandislik va matematika sohalarida. Vaholanki, maktabda a’lochi qizlarimiz juda ko‘p bo‘ladi. Buning uchun muhit, imkoniyatlar va atrofdagilarning qo‘llab-quvvatlashi katta ahamiyatga ega.

Men o‘zimni ziyoli va bilim olishni qo‘llaydigan oiladan ekanligim uchun omadli deb bilaman. Doimo dastak bo‘lgan ota-onam, biologiya faniga mehr urug‘ini qadagan maktabdagi biologiya fani o‘qituvchim Nadejda Yevgenevna va do‘stlarim qo‘llab-quvvatlashgani uchun, qobiliyatimga ishonishgani uchun, bilimim bilan boshqalarga yordam bera oladigan sohadaman. Shunday sharoitni oilalarda o‘g‘il bolalar qatorida yurtimizdagi barcha qizlar uchun ham yaratilsa, ko‘plab bilimli, saviyasi baland bo‘lgan, yurt rivojiga hissa qo‘shadigan kadrlar yetishtirishimiz mumkin bo‘lar edi.

Biotexnologiya va tibbiyotga oid mavzularni muhokama qilinadigan platforma yaratmoqchiman

Bakalavriatda birga o‘qigan dugonam bilan ingliz tilida blog orqali odamlarga o‘zimizning sohamizni tushuntirib, murakkab terminlar bilan yozilgan maqolalarni oddiy qilib odamlarga yetkazib berib turamiz. Shunga o‘xshash odamlarning maorifini oshiradigan, saratonni qo‘zg‘atuvchi omillar, vaqsina, qarindoshlar orasidagi nikoh oqibatlari, GMO mahsulotlari, genetika, genetik kasalliklar, biotexnologiya va tibbiyotga oid mavzularni ochiq-oydin muhokama qilinadigan platformani o‘zimizda O‘zbekistonda yaratib ko‘rish rejalarimdan biri. Shu bilan birga ilmiy ish bilan shug‘ullanishni davom ettirmoqchiman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring