Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Biz yangi hayot sifatini yaratamiz — «Zarafshan Golden group»

Biz yangi hayot sifatini yaratamiz — «Zarafshan Golden group»

Foto: Xabar.uz

Navoiyga biror marta kelmagan odam uchun shahar haqidagi tasavvurlar ko‘p holatda shunday bo‘ladi — cho‘l, qum, tutun. Boshqa narsa yo‘q.

Ammo shaharni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rgach fikringiz zumda o‘zgarishi turgan gap. Chunonchi, aeroportdan chiqqaningiz hamono ming yillar burun Qoraxoniylar tomonidan qurilgan saroy darvozasiga ko‘zingiz tushadi. E’tiborga olib qo‘yasiz, qadim Movarounnahrda saroylar ko‘p bo‘lgan, ammo arxeologlar tomonidan o‘rganilgani yagona — Rabotul Malik.

Saroy xarobalari qarshisida esa sardoba joylashgan. Qiziqqan odam bemalol kirib ko‘raveradi, eshigi mudom ochiq. Endi tabiatga kelsak, shahardan ko‘p emas, bir chaqirim tashqariga chiqsangiz bo‘lgani, bepoyon cho‘l, dala-dashtga ko‘zingiz tushadi. Nimaga Dubaydek joydan arab shayxlari ataylab Navoiy cho‘llariga kelishini shunda tushunasiz.

«ZARAFSHAN GOLDEN GROUP»

Biz bugun sizga hikoya qiladigan kompaniyaning bosh ofisi mana shu shaharda joylashgan. «Zarafshan Golden group» turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritadigan konsern bo‘lib, tarkibida 18 ta korxona bor. Qurilish, trikotaj, mehmonxona, restoran, oxak zavodi, temir-beton zavodi, issiqxona va boshqa ishlab chiqarish ob’yektlarida 2000 dan oshiq xodim mehnat qiladi.

Hammasi bundan 25 yil muqaddam, 6 kishilik korxonadan boshlangan edi. Avvaliga Ulug‘bek Fayziyev boshqaruvida «Fayz» MChJ ochildi. Keyinroq Zarafshon shahridagi 49-sonli avtomobil korporatsiyasining xususiylashtirilgan aksiyalari sotib olinib, barcha texnik jihozlari yangilandi.

BAA, Germaniya va Xitoydan maxsus texnika sotib olindi. Natijada korxona faoliyati kengaydi, ko‘plab yo‘llar qurildi, ta’mirlandi, qurilish va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Shu bilan birga, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Zarafshon-Nyumont (O‘zbekiston-AQSh), Amantaytau-Goldfils (O‘zbekiston-Buyuk Britaniya) kabi qo‘shma korxonalariga xom ashyo yetkazib beruvchi ohak zavodi qurildi.

NAFAQAT BIZNES

«Zarafshan Golden group» kompaniyasi biznes bilan birgalikda ijtimoiy sohaga ham katta e’tibor qaratib keladi. Xususan, 100 dan ortiq mahkumlar ish bilan ta’minlanib, qayta tarbiyalashga hissa qo‘shilmoqda. Shu bilan bir qatorda ular mehnat qilib qo‘shimcha daromad topishiga imkon yaratilgan.

Kompaniya klaster tizimida faoliyat yuritadi, turar-joy qurilishida xom-ashyodan tortib, qurilish materiallarigacha korxonaning o‘zida ishlab chiqariladi. Bu jarayonda ko‘plab fuqarolar ish bilan ta’minlanadi. Asosiy e’tibor «temir daftar» va «yoshlar daftari»ga qaratiladi. Ehtiyojmandlarni ish bilan ta’minlash kompaniya uchun muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek yana Navoiydagi Fanlar akademiyasi filiali va Turkiyaning «ֿVarnet» kompaniyasi bilan hamkorlikda issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanadigan mutaxassislarni qayta o‘qitish ustida ish olib borilyapti. Ayni vaqtda O‘zbekistondagi aksariyat issiqxonalarda xorijlik mutaxassislar ishlamoqda. «Zarafshan Golden group» tashabbusi ishga tushsa, mahalliy mutaxassislar ularning o‘rnini egallashi mumkin.

PANDEMIYa

Butun dunyo iqtisodiga ta’sir o‘tkazgan karantin «Zarafshan Golden group»ga ham bilindi, faoliyat ham qariyb 60 foizga to‘xtab qoldi. Kompaniya darhol pandemiya sharoitida ishlash tizimiga o‘tdi — har bir ob’yektga shifokor tayinlandi, maxsus yotoqxonalar tayyorlanib, xodimlar ob’yektdan chiqmasdan ishlashga harakat qildilar. Ishlab chiqarish ham keskin pasaydi — faqat investitsion loyihalarni yuritishga ahamiyat qaratildi.

Ammo shuncha qiyinchilikka qaramay xodimlar ish haqi saqlab qolindi. Hatto ishlamay, uyda o‘tirganlarga ham maosh to‘landi. Nima uchun? Chunki «Zarafshan Golden group» uchun har bir xodim qadrli.

Umuman, yaxshi kadrni tayyorlash oson emas. Ish o‘rgangan, sinovlarda toblangan, xorijda amaliyot o‘tab kelgan va yetarlicha tajribaga ega ishchilarni osongina bo‘shatib yuborish kompaniya uchun ham zararli bo‘lardi. Shu sababli 6 oylik karantin davomida ularga maosh berildi. Har qancha og‘ir bo‘lmasin, imkon qadar xodimlarni saqlab qolishga harakat qilindi.

ChO‘LDAGI BAXT

«Zarafshan Golden group» tomonidan yana bir katta ijtimoiy loyiha rejalashtirilgan. Shahardan tashqarida kompaniyaga tegishli 100 gektarlik maydon bo‘lib, tuproq osti gil bilan qoplangani bois dehqonchilik yuritishga yaroqsiz hisoblanadi. Yaqin vaqtlar ichida bu yerda «temir daftar», «yoshlar daftari» va «ayollar daftari»dagi fuqarolar uchun uy-joy va issiqxona qurish rejalashtirilgan.

Qanday qilib deysizmi? «Zarafshan Golden group»dagilar buning yo‘lini topishgan. Har bir uy oldida 10 sotixli oynali issiqxona quriladi va gidroponika usulida pomidor, bodring va boshqa ekinlar yetishtirish xonadon egalariga o‘rgatiladi. Uy-joy va issiqxona kredit hisobiga beriladi.

Ushbu loyiha ijtimoiy xarakterga ega bo‘lib, «Zarafshan Golden group» undan daromad olishni ko‘zlamagan. Asosiy e’tibor davlat siyosati doirasida aholining kambag‘al qatlamiga yordam ko‘rsatishga qaratilgan.

YaNGIChA SIFAT HAQIDA

Kompaniyaning asosiy faoliyati ko‘p qavatli turar-joy binolarini qurish bo‘lib, «Zarafshan Golden group» tomonidan 2019 yilda 500 ta xonadondan iborat turar-joy majmualari, 2020 yilda esa jami 801 ta xonadondan iborat turar-joy binolari qurildi. Xususan, poytaxt Toshkent shahrining Yunusobod tumanida turar-joy majmuasi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, ayni vaqtda Zarafshon City  bunyod etilmoqda.

Yaxshi bilamiz, bugungi kunda O‘zbekiston bo‘ylab ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Ammo ularning orasida sifatlisi bo‘lganidek, sifatsizi ham uchrab turibdi. Bunga sabab nimada? Nazorat yetarli emas!

Qurilish sifatini doimiy kuzatib borish qiyin. Ayniqsa hozirgi sharoitda. Qurilish ko‘p, qayerdadir sement kam yoki ko‘p qo‘shilishi mumkindir, boshqa joyda binoga tushayotgan bosim yuki to‘g‘ri taqsimlanmaydi. Buni hamma ham birdek nazorat qila olmaydi. Natijada muammo yuzaga keladi.

«Zarafshan Golden group» bunga ham yechim topib qo‘ygan. Ayni vaqtda kompaniya yangicha ish uslubiga o‘tmoqda. Yaqin vaqtlarda Navoiy shahrida 19 qavatli uy tiklanadi. Ko‘p qavatli turar-joyning karkas va rigel qismi to‘liq zavodda quyiladi va qurilish joyiga olib kelinib, montaj qilinadi. G‘isht o‘rniga esa gazobeton ishlatiladi. Uy qurilishida barcha jarayon qat’iy nazorat ostida bo‘ladi. Zavod chiqarayotgan mahsulot laboratoriya sinovidan o‘tkaziladi.

Uy qurilishida an’anaviy g‘isht va beton qorishmadan foydalanilmaydi. Gazobeton esa oddiy g‘ishtdan to‘rt barobar yengil. Natijada poydevorga tushadigan yuk kamayadi. Shu sababli bino nafaqat tejamkor, balki mustahkam ham bo‘ladi.

Zero «Zarafshan Golden group» intilayotgan marra ham aynan shudir. «Biz yangi hayot sifatini yaratamiz» — korxonaning shiori shunaqa jaranglaydi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring