Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bishkekda Turkiy dunyo xartiyasi qabul qilindi

Bishkekda Turkiy dunyo xartiyasi qabul qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi hamda nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida jumladan, tarixiy hujjat – Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi qardosh davlatlar va xalqlar o‘rtasida kuchayib borayotgan ko‘p qirrali hamkorlikning yorqin ifodasi ekanini alohida ta’kidladi.

Sammit kun tartibidan kelib chiqib, O‘zbekiston yetakchisi bir qator ustuvor masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Avvalo, davlatimiz rahbari tashkilotning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahakamlash muhimligini ta’kidladi. Shu ma’noda, Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilish taklif etildi.

Shuningdek, tashkilot doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish maqsadida tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq bitim va kelishuvlarni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Shu munosabat bilan savdo sohasidagi salohiyatni kengaytirishga qaratilgan chuqur tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda yetakchi tahlil markazlarining anjumanini o‘tkazish taklif qilindi.

Kelgusi yil uchun iqtisodiy forum, savdo va sanoat ko‘rgazmalari, mintaqa va viloyatlarning o‘zaro tashrif rejalarini, davlat xaridlarida ishtirok etish, kooperatsiya va lokalizatsiya qo‘shma dasturini qabul qilish kerakligi ta’kidlandi.

Jahon moliya bozorida kapitalga bo‘lgan talab va uning qiymati ortib bormoqda, rivojlanayotgan davlatlarga uzoq muddatli va «yashil» kreditlar ajratish shartlari murakkablashmoqda.

Shu nuqtai nazardan, moliyaviy instrumentlarni joriy etish, Turkiy investitsiya fondi faoliyatini faollashtirish va Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik loyihalarga xalqaro moliya institutlari va xorijiy investitsiya kompaniyalarini jalb qilish muhimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Turkiy investitsiya forumini tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi.

Transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, O‘rta yo‘lak bo‘yicha tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralarni kesib o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qo‘shma operatorlarni yaratish yana bir ustuvor masala sifatida belgilandi.

Tashkilot doirasida tashishlarda elektron hujjat aylanishiga o‘tish va ularni o‘zaro tan olish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolash tashabbusi ilgari surildi.

Ushbu masalalarni biznes vakillari ishtirokida batafsil muhokama qilish maqsadida Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi bilan hamkorlikda Xalqaro logistika konferensiyasini o‘tkazish dolzarbligi qayd etildi.

Bu galgi sammit mavzusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelajak iqtisodiyotini keng joriy etish, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida ilg‘or tajriba va yutuqlarni almashish, innovatsiyalar, infratuzilma va ilm-fanning raqamli tizimlarini, yirik ma’lumotlar markazlarini yaratishga qaratilgan «Raqamli turkiy dunyo» konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni kelgusi haftada Boku shahrida COP-29 Global sammiti ish boshlashi bilan samimiy qutlab, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘tkir ekologik muammolarga yechim topish uchun vazirlar darajasida Turkiy ekologiya kengashini tez fursatda tashkil etish zarurligini ta’kidladi hamda uning birinchi uchrashuvini kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorligini tasdiqladi.

Qardosh xalqlarni yanada yaqinlashtirish, yoshlarni ajdodlarimizga munosib ruhda tarbiyalash maqsadida tashkilotga a’zo mamlakatlar tillarida turkiy xalqlar og‘zaki ijodining ko‘p jildlik to‘plamini nashr etish, birgalikda fundamental tadqiqotlar olib borish, maktablarda turkiy xalqlar va ularning tarixi, etnografiyasi, madaniyati va san’ati bo‘yicha fakultativ darslarni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasining to‘laqonli a’zosi bo‘lishga tayyorligi bildirildi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanni Turkiy dunyoning oliy ordeniga sazovor bo‘lgani bilan samimiy tabrikladi.

Sammit yakunida Bishkek deklaratsiyasi, mamlakatimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Turkiy dunyo xartiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator kelishuvlar qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring