Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bepul quloq, tomoq, burun operatsiyalari» — imkoniyati cheklanganlar uchun aksiya (video)

Dunyo aholisining 5 foizidan ko‘prog‘i yoki 430 million kishi eshitish zaifligi bilan bog‘liq muammolarga duch kelishmoqda. Ulardan 34 millionini bolalar tashkil etadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga kelib 700 milliondan ortiq inson yoki har o‘n kishidan biri — eshitish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin.

O‘zbekistonda ushbu raqamlar qanchani tashkil etishini bilmaymiz, ammo kam emasligi tayin. Shu o‘rinda LOR sohasidagi kasalliklarning oldi olinishi va davolanishi qanchalik muhim ekanligi ahamiyatlidir.

Pulingiz bo‘lsa-ku yaxshi, xususiy shifoxonalarda yoki chet elda davolanib kelishingiz mumkin. Ammo imkoniyati cheklanganlar nima qilsin, ular qayerga murojaat qilishlari mumkin?

Bugungi videolavhamizda «Men eshityapman» xayriya aksiyasi haqida so‘zlab beramiz. Quloq kasalliklarini davolash uchun 2021 yilda Andijonda tashkil etilgan ushbu muruvvat aksiyasi, hozirgi kunga kelib, Farg‘ona viloyati, Toshkent va Nukus shaharlariga yoyildi. Endilikda bu aksiya doirasida butun LOR kasalliklari bepul davolanmoqda.

– «Men eshityapman» xayriya aksiyasi qanday tashkil etildi?

– Tuyg‘unxon Muzaffarov: Respublika bolalar milliy tibbiyot markazi tomonidan har yili xayriya aksiyalari o‘tkazilar edi. Ilk bor Andijon shahrida shu kabi xayriya tashkil etildi. Bemorlar juda ko‘p, birdaniga hammaga yordam berishning esa iloji yo‘q. Shunda biz o‘zimizning «Men eshityapman» aksiyamizni boshlashga qaror qildik. Hozirgi kunga kelib, 200 ga yaqin bemorlarda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazib, ularni ijtimoiy hayotga qaytarishga muvaffaq bo‘ldik.

– Aksiya kimlar uchun mo‘ljallangan?

– Sherzod G‘ulomov: Ushbu aksiyaga LOR kasalliklari bilan og‘rigan, ammo davolanish uchun imkoniyati yetarli bo‘lmagan yetim, boquvchisini yo‘qotgan, «temir daftar»ga kiritilgan bolalar qatnasha oladi.

– Aksiya boshlanganidan buyon uning ko‘lami qanchalik kengaydi?

– Shonodir Shoazizov: Andijon shahrida start olgan ushbu xayriya aksiyasi hozirgi kunga kelib, yurtimizning turli viloyat va shaharlarida o‘tkazilmoqda. Jumladan, Toshkent, Farg‘ona va Nukusda. Aksiyani turli viloyatlarda o‘tkazishimizga sabab, u yerdagi aholining shaharga kelish imkoniyatining cheklanganligidir. Yana bir sabablaridan biri esa chekka hududlardagi shifokorlarning malakasini oshirish. Negaki, biz amalga oshiradigan aksariyat jarrohlik amaliyotlari O‘zbekistonda ommalashmagan.

– Qaysi turdagi kasalliklar ko‘proq davolanadi?

– Sherzod G‘ulomov: Aksiyamiz nomidan kelib chiqsak, dastlab faqat quloq kasalliklari, ya’ni tug‘ma eshitish zaifligi yoki nuqsoniga ega bolalarni nazarda tutgan edik, keyinchalik esa nafas yo‘li, ya’ni burun va halqum kasalliklarini ham davolashni yo‘lga qo‘ydik. Hozirda «Men eshityapman» nomi ostida butun LOR kasalliklari davolanadi.

– Nima sizga kuch beradi?

– Shonodir Shoazizov: Men natija haqida gapirishni yaxshi ko‘raman, biz odatda tashqi eshituv yo‘li yo‘q, quloq suprasi yo‘q bemorlarga tashqi eshituv yo‘lini shakllantiramiz va uni nog‘ora parda bilan yopamiz. Demak, u bolalar endi eshitishni boshlaydi. Ulardagi xursandchilikni ko‘rib men kuch olaman, bundan ortiq baxt bormi?!

– Aksiya imkonyatlaridan qanday foydalanish mumkin?

– Tuyg‘unxon Muzaffarov:  Agar LOR sohasi kasalliklaridan shikoyatingiz bo‘lsa, davolanish yoki jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun imkoniyatga ega bo‘lmasangiz, «Otolor» markazimizga murojaat qiling. (98) 777 99 88 yoki (99) 777 99 88  raqamlari orqali doimiy aloqadamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring