Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bayram arafasida «UNICON.UZ» yangi binoga ko‘chdi (foto, video)

Mustaqillik bayrami arafasida – 27-avgust kuni «UNICON.UZ» – Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi davlat unitar korxonasi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirga axborot texnologiyalari sohasi korxonalari va tashkilotlaridan rahbaru mutaxassislar keldi. Shuningdek, marosimda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov qatnashdi va «UNICON.UZ» jamoasini qizg‘in tabrikladi.

– Avvalo, barchangizni tobora yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayramining 30 yilligi bilan tabriklayman, – dedi AKT vaziri Shuhrat Sodiqov. – Yaqinda «O‘zbektelekom» AK Nurafshon shahri va poytaxtimizda yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ofislarini ochgan edi. Mazkur kompaniya tomonidan 210 nafar aloqachiga poytaxtimizning Qushbegi va Ibn Sino mavzelarida uylar topshirildi. Boshqa soha korxonalari ham Istiqlol bayramimizga munosib to‘yonalar tayyorlashdi. Bugun esa «UNICON.UZ» ham faoliyatini mana shunday ko‘rkam yangi binoda davom ettiryapti. Bu shodiyona bilan barchangizni tabriklayman. «UNICON.UZ» jamoasi hamisha o‘z ilmiy salohiyatini ko‘rsatib kelgan va bu borada ularga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

– Albatta, bugun biz uchun quvonchli kun, – dedi «UNICON.UZ» DUK direktori Maxsum Mahmudov. – Korxonamiz dastlab faoliyatini bir binoning yerto‘lasidan boshlagan. Mana endi ko‘rib turibsiz, shunday ulkan binoda mehnat qilishga imkon tug‘ildi. Buning uchun Vazirlikka va barcha hamkor tashkilotlarga minnatdorlik bildiramiz. 170 nafardan ortiq mutaxassis xodimlarimiz sohani rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan siyosatni amalga oshirish, standartlashtirish, metrologiya, telekommunikatsiya tarmoqlarida ishlatiladigan asbob-uskunalarni sertifikatlashtirish, yangi texnika va texnologiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritib kelmoqda.

Darhaqiqat, markazda kuchli mutaxassislar yig‘ilgan. Ular tomonidan axborot-kommunikatsiyalar sohasida faoliyatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqish va ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish, telekommunikatsiya texnik vositalarini sertifikatsiyalash bo‘yicha xizmatlarni amalga oshirish, elektron raqamli imzo kalitlarini va sertifikatlarini berish, elektron komponentlarni yig‘ish va o‘rnatish, dasturiy mahsulotlarni ekspertizadan o‘tkazish, aloqa va axborotlashtirish sohasidagi atamalarning turli lug‘atlarini ishlab chiqish va taqdim etish xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Markazda 2 ta ilmiy-tadqiqot departamenti, 6 ta ilmiy-tadqiqot bo‘limi, shuningdek, ishlab chiqarish departamenti hamda 6 ta sinov laboratoriyasi faoliyat olib bormoqda.

Tadbir yakunida mehmonlar korxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Tanishuv yakuni ham quvonchli bo‘ldi. Gap shundaki, ushbu markazda uzoq yillar ishlagan professor, ko‘plab aloqachilarning ustozi Rixsi Isayev yaqinda Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan edi. Shu munosabat bilan ustoz olimga sovg‘a topshirildi, izzat-ikrom ko‘rsatildi. Ustoz barchani duo qildi. Shodiyona shodiyonaga ulanib ketdi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring