Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Avtobuslar uchun qulay yo‘laklar yengil avtomashinalar uchun noqulaymi? (video)

Yaqinda Toshkent shahrining markaziy ko‘chalarida avtobuslar harakati uchun alohida yo‘laklar ajratildi. Endi siz avtomashinangizda ushbu yo‘laklarda sababsiz harakatlansangiz 600 ming so‘m jarimaga tortilishingiz mumkin. Harakatdagi tirbandliklar va qoidabuzarliklarning oldini olish uchun tashkil etilgan yo‘laklar yetarlicha samara beryaptimi?

Xabar.uz shu mavzuda haydovchi va yo‘lovchilar fikrini o‘rgandi.

So‘rovnoma davomida avtobus haydovchilaridan maxsus yo‘laklar ajratilganidan beri nimalar o‘zgargani haqida so‘raganimizda ularning ko‘pchiligi «manzilimizga o‘z vaqtida yetib boryapmiz, avvallari bir yarim soat sarflagan yo‘limizga hozir yarim soat sarflayapmiz», deya javob berishdi.

Haydovchilarning ta’kidlashicha, alohida yo‘laklar ajratilishi ular uchun bir qator qulayliklar tug‘dirgan. Ba’zi haydovchilar esa shaxsiy avtomobili bor fuqorolarning hali ham qoidani buzayotganini bildirishdi.

Yo‘lovchilarning mavzu yuzasidagi fikri ham ijobiy bo‘ldi. Ular ham manziliga o‘z vaqtida yetib borayotgani, avtobuslar tez-tez qatnab turganini ta’kidlashdi. Ba’zi fuqorolar uchun esa hammasi avvalgidek, manziliga borish uchun avtobuslarni ilgari qancha kutgan bo‘lsa, hozir ham shunday.

Shu bilan birga shaxsiy avtomobili bor fuqorolar masalaga boshqacha fikrdalar. «Jamoat transportlari uchun alohida yo‘lak ajratishdan oldin yo‘llarni kengaytirish kerak», deyapti ular.

Avtobuslar harakatlanishi uchun qulay bo‘lgan bu yo‘llarning tashkil etilishi yengil avtomobillarning harakatiga ham ta’sir qilmasdan qolmayapti. Shu sababli bu masala haqida yengil avtomobil haydovchilarining fikriga ham qiziqdik. Aksariyat haydovchilar bu tashabbusning avtobuslar uchun ancha qulay ekanligi, ammo yengil mashinalarning harakatlanishi uchun bir qator muammoli vaziyatlarni yuzaga keltirayotganligini aytib o‘tishdi.

Asosiy yo‘llardagi tirbandlik hamda o‘rta yo‘lda harakatlanayotgan mashinaning o‘ng tomondagi yo‘lga burilib olishi, ya’ni avtobuslar yo‘lidan kesib o‘tishi ham ancha xavfli ekanligini ta’kidlashdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, ushbu maxsus yo‘laklarning afzallik tomonlari bilan bir qatorda kamchiliklari ham yo‘q emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring