Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Alloh menga yana imkon berdi — Koronavirusdan tuzalgan bemor kechinmalari

Alloh menga yana imkon berdi — Koronavirusdan tuzalgan bemor kechinmalari

Kuni kecha to‘rt nafar hamyurtimiz koronavirusdan to‘liq halos bo‘lib, kasalxonadan chiqishdi. Undan avval esa yana 8 kishi Virusologiya ilmiy-teshirish instituti klinikasi jamoasi tomonidan sog‘lom turmush sari kuzatib qo‘yilgan edi.

Xabar.uz tahririyati mana shu hamyurtlarimizdan biri bilan suhbatda bo‘ldi. Daxlsizlik nuqtai-nazaridan hamsuhbatimizning ismi-sharifini keltirmaslikka qaror qildik.

«Mening hayotim endi roppa-rosa ikkiga bo‘linadi — koronavirusga qadar bo‘lgani va undan keyingisi. Bu kasallik hammasini o‘zgartirib yubordi — hayotga qarashlarim, niyatlarim, intilishlarim. Alloh menga ikkinchi imkoniyatni taqdim etdi.

Koronavirus haqida dekabr oyida internet saytlardan o‘qib bilgandim. O‘shanda bu kasallik O‘zbekistonga kirib kelishi va menga yo‘liqishini tasavvur ham qila olmagandim. Hammasi bir pasda o‘zgarib ketdi.

Kasallik menga xorijdan kelgan tanishim bilan muloqot natijasida yuqdi. Koronavirusga chalinganimni esa karantinda izolyasiya qilinganimdan so‘ng, shifokorlar nazorati ostida bildim. Xorijdan kelgan tanishimda kasallik aniqlangani hamono u bilan muloqotda bo‘lgan hammani karantinga olib bo‘lishgan edi. Men ham hamma qatori izolyasiyaga olindim.

Kasallik avvalo isitma orqali o‘zini bildirdi. Issig‘im chiqishi bilan darhol shifokorlarga aytdim va mendan analiz olishdi. O‘sha kunning o‘zida meni Virusologiya ilmiy-teshirish instituti klinikasiga yotqizishdi.

Ikkinchi kuni kasallik alomatlari asta-sekin ko‘paya boshladi. Isitma borgan sari ko‘tarildi. Dori ichganimdan keyin bir-ikki soatga tushardiyu, yana qayta ko‘tarilib ketardi. Ikki marta qayt qildim va yo‘tal ham kuchaydi.

Uchinchi kuni isitma juda kuchaydi, 39-40 darajagacha ko‘tarildi. Meni reanimatsiyaga olishdi. Shundan keyin eng og‘iri boshlandi. tushkunlikka tushib qoldim, hech kimga gapirgim ham kelmasdi, eshitgim ham. Butun badanim qaqshab og‘ridi, isitmada yonib ketayotgandek edim. Bunaqa vaqtda hech narsa ko‘ngilga sig‘may qolarkan.

Ammo baxtimga shifokorlarim tushkunlikka tushishmadi. Ularga mingdan-ming rahmat. Meni qo‘l siltab qo‘yayozgan hayotga ular qaytarishdi. Reanimatsiyada o‘tgan ikki kun men uchun haqiqiy sinov bo‘ldi. O‘tgan-ketganni esladim, avvalgi muammolarim bu kasalim oldida juda kichkina bo‘lib qolgandi.

Beshinchi kun reanimatsiyadan chiqarishdi. O‘sha kuni menga ikkinchi imkoniyat berilganiga ishondim. Isitma 37.2 darajaga qadar ko‘tarilardi holos. Asta-sekin tuzala boshladim.

Oltinchi kuni o‘zimni yana ham yaxshiroq his qildim.

Yettinchi kuni kasallik alomatlari to‘liq yo‘qoldi.

Shundan keyin ham yana besh kun klinikada qoldim. Shifokorlar qayta-qayta analiz olishdi, to‘liq tuzalganimga ishonch hosil qilish uchun bir necha marta chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazishdi. Shundan keyin javob berishdi. Hozir Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ikki haftalik kuzatuvda bo‘lib turibmiz.

Tuzalishimga sababchi bo‘lgan barchaga — Hukumatimizga, mas’ullarga va shifokorlarimizga rahmatimni aytib tugata olmayman. Hech kimning boshiga bunaqa dardlarni solmasin...»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring