Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alla Pugachyova keskin bayonot berdi

Alla Pugachyova keskin bayonot berdi

Foto: RBK.

Rossiyalik taniqli xonanda Alla Pugachyova turmush o‘rtog‘i Maksim Galkinning xorijiy agent deb topilishi ortidan keskin bayonot bilan chiqdi. Mamlakat adliya vazirligiga murojaat qilgan xonanda uni ham xorijiy agentlar ro‘yxatiga kiritishlarini so‘ragan.

«Meni sevimli mamlakatimda xorijiy agent deb topishingizni so‘rayman. Negaki, men halol, vijdonli, samimiy inson, Rossiyaning chinakam va sotilmas vatanparvari bo‘lgan turmush o‘rtog‘im bilan hamfikrman», – deb bayonot bergan mamlakatda katta obro‘ga ega 73 yoshli A.Pugachyova.

Ukraina bosqini borasida ochiq gapirishdan o‘zini tiyib kelgan taniqli qo‘shiqchi bu gal urushning salbiy jihatlari xususida fikr bildirgan, xususan, xomxayollar sababli rossiyalik yigitlar halok bo‘layotgani, bu hol mamlakatni yolg‘izlatib, fuqarolar hayotini mushkullashtirayotganini ta’kidlagan.

Avval xabar berganimizdek, 16-sentyabr kuni Rossiya adliya vazirligi so‘z ustasi va shoumen Maksim Galkinni jismoniy shaxs sifatida xorijiy agentlar ro‘yxatiga kiritdi.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, xorijiy agent deb topilgan OAV va jismoniy shaxslar har bir ommaviy chiqishida mazkur maqomini ko‘rsatishi, adliya idorasiga daromadu xarajatlari yuzasidan muntazam hisobot berishi lozim. Bu boradagi talablarni buzgan xorijiy agentlar ro‘yxatidagi jismoniy shaxs 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

M.Galkin Rossiya Ukrainaga bosqin boshlaganidan beri Isroilda yashab kelmoqda. So‘z ustasi ko‘pdan buyon urushni qoralab bayonotlar bermoqda. Jumladan, u Ukrainaning Odessa shahridagi tinch aholi uylari Pasxa bayrami arafasida vayron etilganini taassuflanarli holat deb baholagan va fojialarda Rossiya aybdor ekanini ta’kidlagan.

Keskin siyosiy fikrlari ortidan M.Galkin millionlab daromaddan mahrum bo‘lgan – Rossiyada o‘tishi rejalashtirilgan konsertlari taqiqlangan, reklama shartnomalari bekor qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring