Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AKT vaziri «Hukumat soati»da deputatlar savollariga javob berdi

AKT vaziri «Hukumat soati»da deputatlar savollariga javob berdi

Qonunchilik palatasida navbatdagi «Hukumat soati» o‘tkazildi. Unda axborot texnologiyalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, muammolar va yechimlar muhokama qilindi.

Deputatlarning savollariga axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov javob qaytardi.

Sohada o‘tgan 9 oy mobaynida, jami 7,9 trillion so‘mlik, jumladan, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 546,6 milliard so‘mlik kompyuter dasturlash xizmatlari ko‘rsatilgan. Ularni eksport qilish hajmi 102,5 million dollarni tashkil etgan. Investitsiya dasturiga muvofiq, jami 82,8 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, belgilangan reja 153 foizga bajarilgan.

Telekommunikatsiya tarmoqlarini yanada rivojlantirish yo‘nalishida operator va provayderlar tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1 200 Gbit/s ni, foydalanilayotgan sig‘imi 650,0 Gbit/s ni tashkil etgan bo‘lib, yil boshiga nisbatan 48,1 foizga o‘sgan.

Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 1 ming 605 baza stansiyasi o‘rnatildi, shundan 132 tasi «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan hududlarga to‘g‘ri keladi. Internet kanallarining ulgurji narxi 1 Mbit uchun 70 ming so‘mni tashkil etadi va joriy yil boshiga nisbatan 28 foizga arzonlashtirildi. Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, telekommunikatsiya tarmoqlari operator va provayderlari tomonidan 650 dan ortiq Wi-Fi tarmog‘i orqali internetga ulanish nuqtalari ishga tushirildi. Keng polosali texnologiyalar asosida yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish xizmatlaridan foydalanayotgan abonentlar soni 1,2 milliontaga yetkazildi.

«Hukumat soati»da deputatlar tomonidan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi ko‘zga tashlanayotgan bir qator muammolar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutasaddilari «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining 183-bandi ijrosini yakuniga yetkazish, aholining tez hamda sifatli internet xizmatlaridan foydalanishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida tegishli dasturlarni o‘z vaqtida amalga oshirishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mobil aloqa tarmog‘ini kengaytirish loyihasini bajarish sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf etib, mazkur loyihani to‘liq yakuniga yetkazish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish tavsiya qilindi.

Shuningdek, ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarining internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati ko‘rsatkichlari xalq ta’limi (31 foiz), maktabgacha ta’lim (29 foiz) va tibbiyot muassasalari (31 foiz) mamlakatdagi barcha ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarining soniga olib qaraganda juda past bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichlarni keskin oshirish uchun zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirish yuzasidan takliflar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring