Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

22 tadbirkor nimadan norozi? (video)

Namangan viloyati Chust shahri dehqon bozori hududida faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh tadbirkordan kelgan shikoyat xati bo‘yicha yo‘lga chiqdik. Har holda holatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib yozganimiz yaxshi-da.

Munavvarxon Muxtorxonov: – Bozor ichida «Don mahsulotlari» pavilonini o‘z ichiga olgan 22 ta rasta qurilishi xarajatini to‘liq o‘z bo‘ynimizga olganmiz, ya’ni 2008-2009 yillar har birimiz 22 000 000 so‘m, bugungi kunda esa 22 kishining umumiy xarajati 2.354000 000 (ikki milliard uch yuz ellik to‘rt million) so‘mlik bino qurib, 90 foiz bitkazilgan holda ish boshladik. Shuncha sarf-xarajat qilganimizga qaramay, biron bir tadbirkorning qo‘liga egalik huquqini beradigan rasmiy hujjat Chust tuman hokimligi tomonidan taqdim etilmagan. O‘shanda hokim Bahodir Yusupov bu pavilon yuz yildayam buzilmaydi, deb ishontirgandi.

2019 yil yangi hokim Bahodir Oxunov tomonidan  yanvar oyida bizning shuncha xarajat qilib qurgan rastalarimiz bir so‘m to‘lovsiz buzib tashlandi. Biz tadbirkorlar o‘zimizning shaxsiy mablag‘imiz hisobiga yangi quriladigan joyga loyiha hujjatlarini tayyorladik va tuman hokimiga ko‘rsatdik.

2020 yil noyabr oyida hamma hujjatlarimiz to‘liq holda bo‘lganiga qaramasdan qurilish uchun tuman hokimligi tomonidan ruxsat berilmadi. Joriy yilning iyul oyida Bibiona ziyoratgohida Prezident maslahatchisi tomonidan qabul bo‘lib, arizamizni qabul qildi va hokimni chaqirtirib, nima uchun qurilishga ruxsat berilmayotganini so‘radi.

Tuman hokimi yangi «genplan» qilishni bahona qilib, 1 avgustgacha kutib turishimizni aytdi. Avgust oyi tugab, sentyabrning yarimida nima qilamiz, deb hokimning qabuliga borsak, yangi andoza bo‘yicha bitta odamga tender qilib beriladi va sizlarga o‘sha yerdan joy beriladi, dedi. Ammo oradan mana necha oylar o‘tdiki, qurilishi buzilgan joy egasiz va qarovsiz yotibdi. Har bir hokim kelib o‘zicha qaror chiqarib yangi «genplan» qilaveradimi? Biz o‘zimizning mablag‘imizga o‘zimiz uchun joy qurmoqchimiz, bizga hech kimning yordami kerakmas, ruxsat berishsa bo‘ldi.

Mahmuda ona: 10 ming dollar to‘laganmiz o‘sha paytlari. Osonmi shuncha pulni topish. Bu mablag‘ni topguncha bir odamning qancha vaqti, qancha kuch-quvvati ketgan. Hozir joyi buzilgan tadbirkorlar sarson-sargardon. Shu yerni qaytadan qurib bitkazsak, yigirmadan ortiq odam ishli bo‘lardi. Hozir kam deganda har bir oiladan bitta bo‘lmasa ikkita odam chetda yuribdi. Nimaga? O‘zimizda sharoitlar bo‘lib nimaga bizning bolalarimiz chetda yurishi kerak? Nega bitta odam bu yerga egalik qilib foydalanishi kerak, bizga o‘xshaganlar-chi? Bolalarimiz bag‘rimizda bo‘lsin, yer quruq yotibdi-ku, nevaralarimiz ota-onasini ko‘rmayapti. Avval bolalarimiz armiyaga ketsa yig‘lardik, endi esa o‘zimiz bolalarimizni uzoqlarga kuzatishga majbur bo‘layapmiz.

Husanxon Hamidov: Mana ko‘rib turganingizdek bu yerlar mashina turadigan «stoyanka»ga aylandi. Bizning o‘zimizga bersa, bu yerni chiroyli qilib qurib olamiz. Hamma hujjatlarimiz bor. 13 yildan beri sarsonmiz. Chala qurilgan joyda savdo qilib turuvdik, ana endi shuyam yo‘q.

Bahromjon Mashrapov: Tadbirkor bir oyda 15 mln. so‘mlik soliq to‘laydi, 40 ta ish o‘rni yaraladi. Bir oyga bir milliard naqd pul tushadi. Undan tashqari, yana qancha to‘lovlarimiz bor. Biz shartnomadagi barcha shartlarga amal qilib kelganmiz. Barcha to‘lovlarni vaqtida to‘laganmiz. Bizning joyimiz buzib tashlangani oqibatida hozir davlat qancha mablag‘dan quruq qolayapti.

Kamoljon Boqiyev, huquqshunos: – Men ushbu bozorning huquqshunosiman. Bu yerda hokimlikning 51 foiz ulushi, xalqning 49 foiz ulushi bor. Ushbu hududga pavilon qurilsa bozorga tushum bo‘ladi. Bu bizga ham yaxshi. Biz tadbirkorlarning bu yerlarga rasta qurishlariga qarshi emasmiz, ruxsat berishsa bo‘ldi.

Shundan so‘ng biz shikoyatchilar bilan birgalikda ikkinchi tomonni eshitish uchun Chust tumani hokimiyatiga yo‘l oldik. Tuman hokimi bu paytda selektor yig‘ilishida ekan. Har tugul izlagan odamlarimiz uzoq kutishlarimizdan so‘ng bizni eshitdi. Tuman hokimi o‘rinbosari J.Bahodirov xonasidamiz.

Mirzolim Mirzaliyev, kapital qurilish va shaharsozlik masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari:2008 yil bozorda qurilgan rastalar chala bitgan bo‘lsa-da, odamlar savdo qilib turdi va 2019 yil o‘zlarining roziliklari bilan buzib tashlandi. Bu yerda hokimiyatning 51 foiz ulushi bor, 49 foiz fuqarolarniki, agar bozor qayta rekonstruksiya qilinadigan bo‘lsa, ro‘yxatdagi tadbirkorlarga ham yer beriladi, bu haqda hokimning qarori va yangi hokimning kafolat xati berilgan qo‘llariga. 2019 yildan beri qurilmayotganiga sabab pandemiya bo‘lib qoldi orada. Mana yaqinda 4-5 kun bo‘ldi, investor investitsiya kiritmoqchi, mart oyida bozor yopilib boshqatdan quriladi, o‘sha payti bularga yer beriladi... Biz vaziyatdan chiqish yoki tadbirkorlarning faoliyatiga to‘siq qo‘yish maqsadida aytayotganimiz yo‘q bu gaplarni...

Ikki tomonni o‘rganish jarayonida vaziyat biroz oydinlashgan bo‘lsa-da, murojaatchilarning savollari ochiq qoldi:

Agar investor kelmasa yoki martdan qurilish boshlanmasa, 22 nafar tadbirkor bozor hududida tasdiqdangan loyihalari bo‘yicha o‘zlari qurilishni boshlayveradilarmi? Ya’ni, investorlar aniq keladimi? Nega ikki yil davomida qurilishga ruxsat berilmadi? Yana to‘rt yil kutishadimi? Tadbirkorlar aytganidek, davlat g‘aznasiga tushum tushib turgani yaxshimasmi?

Munavvarxon bobo gap orasida qistirib o‘tganlaridek, «bozorga kiraverishdagi yo‘lni buzib changini chiqarib tashladinglar, shu yo‘lni o‘zimiz ta’mirladik, yo‘lni qurib bitkazolmagan, butun bozorni qachon buzasizlar, qachon qurasizlar?»

Ko‘rinib turibdiki, tadbirkorlar birgina ruxsat tegishi bilan ishga jadal kirishish niyatida. Agar ularning gaplarini bahs-munozara payti ilg‘amagan bo‘lsangiz yana bir bor qayta eslatmoqchimiz: «Bizga ruxsat beringlar, investor ham kerakmas, o‘zimiz qurib, o‘zimiz pul tikamiz. Keyin qachon bozor buziladigan bo‘lsa yana buzaverasizlar, bizga hozir joy kerak, bola-chaqamizni boqishimiz uchun ish kerak. Bundan ikki tomon ham foyda ko‘radi. Bo‘sh yotgan joy davlat g‘aznasiga pul, bizning daromadimizga daromad qo‘shadi...»

Eslatib o‘tamiz: Chust tumani «Dehqon bozori» MChJ hududini rekonstruksiya qilishga ruxsat berish to‘g‘risidagi tuman hokimining 2019 yil 12 martdagi 1971-sonli qarorining 6-bandida shunday belgilab qo‘yilgan. «Ro‘yxati 1-ilovada keltirilgan fuqarolarga buzib olingan «Don mahsulotlari» rastasi tarkibidagi mulk egaligiga da’vogar shaxslar sifatida «Dehqon bozori» MChJ hududini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida har biriga 15 m2 o‘lchamda savdo rastasi o‘rni biriktirib berilsin, bunda mulk va yerga nisbatan egalik huquqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 apreldagi «Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1326-sonli qarori talablari asosida belgilansin.»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring