Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

20 yildan beri onlaynda ishlayotgan Estoniya COVID-19 pandemiyasiga qarshi qanday kurashmoqda?

20 yildan beri onlaynda ishlayotgan Estoniya COVID-19 pandemiyasiga qarshi qanday kurashmoqda?

Foto: «Prima Bergamo»

Estoniya so‘nggi yigirma yil ichida raqamli davlat sifatida yaxshi nom qozondi. Bu haqda yozganmiz. Hozirgi hikoya esa ilg‘or texnologiyalar estonlarga koronavirus pandemiyasi davrida qanday ko‘maklashgani haqida.

Estoniyada davlat xizmatlari asosan elektron shaklda ko‘rsatiladi.
Foto: «Getty Images»

Estoniya Yevropaning aksariyat ishlar onlaynda hal qilinadigan namunali raqamli davlatiga aylanganiga ancha bo‘ldi. Mamlakat elektron raqamli imzoni 2000-yildayoq to‘liq joriy etgan, 2005-yilda esa mamlakat fuqarolari internet orqali mahalliy saylovda ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Bir qarashda, yuqori darajali raqamlashtirish Estoniyaga COVID-19 pandemiyasidan minimal yo‘qotishlar bilan o‘tishda yordam beradigandek edi. Biroq amalda mamlakat koronavirusdan anchayin talafot ko‘rdi. Hatto Estoniya 2021-yilning bahorida bir muddat har yuz ming kishiga kasallanganlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa ham ko‘tarildi. Hukumat o‘shandan beri tinmay turli darajadagi — niqoblar taqishni majburlashdan tortib lokdaunlargacha — cheklovlarni qo‘llab kelyapti.

Shunga qaramasdan, aynan raqamli texnologiyalar Estoniyani qutqardi, aks holda pandemiyaning dastlabki to‘lqinlari zarbasidan o‘nglanish qiyin kechardi. Pandemiya davrida raqamli texnologiyalar mamlakat aholisi koriga chindan-da yaraganini statistik ma’lumotlar tasdiqlaydi.

Estoniyaga kelmasdan turib xizmatlardan foydalanish

Estoniyaning axborot texnologiyalari sohasidagi yutuqlaridan biri — «elektron davlat»ning yaratilishi bo‘ldi. 2000-yillardayoq mamlakatda soliq deklaratsiyalarini elektron shaklda topshirish hamda boshqa davlat xizmatlarini internet orqali olish yo‘lga qo‘yilgandi. 2014-yilda boshqa mamlakatlar fuqarolariga Estoniya elektron xizmatlarini taklif etuvchi elektron rezidentlik dasturi ishga tushdi. Ushbu shakldagi rezidentlik fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga o‘z mamlakatlarida turib ham Estoniyada tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, bankda hisobraqami ochish, soliq to‘lash kabi imkoniyatlarni taqdim etdi.

Estoniyada aholi jon boshiga startaplar soni Yevropadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 4,6 baravar ko‘p.

«Startups Estonia» tadbirida taqdim etilgan robot yo‘lak bo‘ylab harakatlanmoqda.
Foto: «Starship Technologies»

«Visit Estonia» portali ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Estoniya aholisi 600 dan ziyod elektron xizmatlardan foydalanyapti, tadbirkorlar uchun taqdim etilgan xizmatlar soni esa — 2 400 ta! Noutbuk ekranidan uzoqlashmasdan turib, o‘z kompaniyangizga atigi 18 daqiqada asos solish, shifokordan retseptlarni masofada turib olmoqchimisiz — buning uchun Estoniyaga boring!

«20 yildan beri onlayndamiz»

Anton Keks — dasturchi, Tallin texnika universitetida notiq, elektron davlat uchun ayrim yechimlarni ishlab chiqishda bevosita qatnashgan.

Agarda ko‘plab narsalarni raqamli formatga o‘tkazish imkonini bergan rivojlangan texnologiyalar bo‘lmaganida, Estoniyaning aksariyat aholisi uchun lokdaun og‘ir kechardi, ta’kidlaydi u.

«Davlat hujjatlarini olib-jo‘natishdan tortib, xizmatlardan foydalanishgacha — hamma ishni masofadan turib bajara olamiz. Qariyb 20 yildan beri shu tarzda ishlab kelyapmiz. Shuning uchun biz uchun bu oddiy narsalar.

Boshqa mamlakatlarda, hatto Germaniyadek yirik davlatda ham biron narsani rasmiylashtirish uchun tegishli joyga borish, qog‘ozlarni to‘ldirish talab etiladi. Bizda esa hammasi onlayn. Masalan, pandemiya davrida ko‘plab kompaniyalar davlatdan ko‘mak olish uchun nafaqalarni shu tarzda rasmiylashtiri», — dedi Anton Keks.

Antonning fikricha, aynan aksariyat ishlarni onlaynda bajarish ko‘nikmasi eston jamiyatiga pandemiya voqeliklariga oson moslashishda qo‘l keldi.

Sog‘liqni saqlash bo‘yicha xizmatlarni ham masofadan olish mumkin. Xususan, Estoniya sug‘urta Shifoxona kassasi bemorlarga shifokorlarning videoqabuliga navbatga turishni maslahat beradi. O‘tgan yilning mart oyida tatbiq etilgan ushbu xizmat ancha samarali chiqdi. 2021-yilning oktyabriga kelib shunday masofaviy videoqabullardan 223 mingtasi amalga oshdi — bu shifokorlar jami qabullarining 9,3 foizini tashkil etdi. Eng katta ko‘rsatkich psixiatriya yo‘nalishida — jami qabullarning deyarli 30 foizi onlaynda o‘tkazilgan. Albatta, bu boshlanishi, barcha tibbiyot muassasalarigacha bunday imkoniyat hali yetib bormagan.

Shifokor videoaloqa vositasida bemorga maslahat bermoqda.

Butun Estoniya xuddi yagona shifoxona kabi ishlay oladi

Shifokor videoaloqa vositasida bemorga maslahat beryapti.
Foto: «Deutsche Apotheker Zeitung»

Raqamlashtirish tibbiyot xodimlarining ham yumushini yengillashtiryapti. «Bu bizning butun Estoniya bo‘ylab bemorlarni kuzatish, ularga maslahat berish, kasalliklarni muhokama qilishga mo‘ljallangan asosiy ishchi platformamiz. Ayniqsa, epidemiya davrida uning ahamiyati juda katta, —  dedi Narva shifoxonasi kovid bo‘limi shifokori Tatyana. — Sog‘liqni saqlash departamenti statistikani bevosita shifoxonada turib yuritadi, davolanish bosqichlarida bemorlarni kuzatish ham raqamli texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi. Barcha yo‘nalishlar va tadqiqotlar umumeston ma’lumotlar bazasida saqlanadi, shuning uchun ham butun Estoniya xuddi yagona shifoxona kabi ishlay oladi».

Hoia ilovasi va sobiq Ittifoq asorati

Pandemiya davrida axborot tizimlarining yana bir vazifasi — virus tarqalishining oldini olishda ko‘maklashishdir. Bir yarim yil avval 12 ta eston korxonasi qator davlat muassasalari bilan birgalikda ilova ishlab chiqdi, u COVID-19ga chalingan bemor bilan aloqada bo‘lganlarni aniqlashga qaratilgan. Ilova qo‘shni qurilmalar bilan o‘zaro almashilgan anonim kodlar vositasida o‘z egasiga u kasalligi bor odam bilan muloqotda bo‘lgan-bo‘lmaganini ma’lum qiladi.

Biroq ilova keng ommalashmadi. «Nazarimda, u sal kechikdi, — dedi Anton Keks. Ilova to‘liq ishga tushgan 2020-yilning sentyabrida pandemiyaning birinchi to‘lqini o‘tib bo‘lgandi. Avvaliga reklama yetishmadi, keyin esa odamlar uni ishlatishda ma’no ko‘rishmadi».

Tallinda niqoblar taqish majburiyligiga qarshi namoyishlar. 2020-yil 27-noyabr.
Foto: «Baltnews»

Anton Keks Estoniyada vaksinatsiyalash ko‘ngildagidek kechmayotganiga jo‘yali asos keltirdi. «Nima bo‘lganda ham baribir sobiq Ittifoqdan chiqqanmiz, ko‘ryapmizki, odamlarda davlatga ishonch hanuz pastligicha qolyapti. Bu holat biz intilayotgan shimoliy va g‘arbiy Yevropa mamlakatlariga nisbatan sharqiy Yevropa mamlakatlarida ham kuzatilyapti. Shuning uchun ham ilova ko‘pchilikning nazariga tushmadi. Ayrimlar shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlanishidan shubhalansa, yana birovlar doimiy ta’qib qilinishidan cho‘chidi. Xullas, ko‘pchilik Hoia qanday ishlashini bilmasdan turib undan voz kechib yubordi, holbuki, ilovaning ishi mutlaqo maxfiylikka qurilgan».

Masofaviy ta’lim — samaralimi?

Pandemiya yuzaga keltirgan yana bir ulkan muammo — masofadan o‘qishga o‘tish bo‘ldi. Uni amalga oshirishda Estoniya oldindan mavjud raqamli texnologiyalariga suyandi.

Sentyabr oyining boshlarida eston matbuotida Tallin universiteti bir guruh olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalari e’lon qilindi. Unda masofadan o‘qitishning mamlakat ta’lim tizimiga ta’siri haqida so‘z boradi. Ma’lum bo‘lishicha, so‘rovda qatnashgan maktab o‘quvchilarining 41 foizi samaradorlik borasidagi farqni sezmagan, 31 foizi esa «masofa» maktabga qatnab o‘qishdan hatto samaraliroq, degan fikrda.

So‘rovda qatnashganlarning faqat 40 foizi masofadan o‘qish chog‘ida muayyan qiyinchiliklarga duch kelganiga iqror bo‘lgan. «Telia» kompaniyasi bolalar huquqlarini himoya qiluvchi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqot ham xuddi shunga yaqin xulosa berdi. Olingan ma’lumotlarda aytilishicha, Estoniyada har 10 o‘quvchining faqat 1 nafari masofadan o‘qishda noqulaylikni his qilgan. Bu shundan dalolatki, Estoniyada maktab tizimlariga onlayn bog‘lanish tadqiqotda qatnashgan boshqa mamlakatlar — Shvetsiya, Norvegiya, Daniya, Finlyandiya, Latviya va Litvadagidan yaxshiroq yo‘lga qo‘yilgan.

Kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan (masofadan ishlash) so‘rovnoma natijalari ham shunga o‘xshash. Stat.ee statistika xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yilning uchinchi choragiga kelib Estoniyada mehnat bilan bandlar soni qariyb 653 ming nafar bo‘lgan. Mamlakat statistika idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilning bahoriga kelib taxminan 200 ming kishi masofadan ishlayotgan bo‘lgan. Demakki, Estoniyada koronavirus pandemiyasi hali avj olmasidan turib ishlovchilarning deyarli uchdan bir qismi masofadan ishlovchilar — kasallikni yuqtirish xavfi past guruhga aylanib bo‘lishgan.

«Bizda aholining salmoqli qismi kompyuterlarda o‘tirib ishlaydi. Masofadan ishlashga o‘tish ularga deyarli bilinmadi ham. Keyinchalik bu tarzda ishlash boshqalarga ham yoqib ham qoldi, ehtimol, pandemiyadan keyin ham shunday davom etsa kerak. Odamlar ko‘proq xizmat ko‘rsatish sohasida yoki zavodlarda ishlovchi mamlakatlarda pandemiyaning zarbasi kuchliroq bo‘ldi», — ta’kidladi so‘zining yakunida Anton Keks.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring