Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Egiluvchan qarorlar. SESning ruxsati bilan 100 kishilik to‘y qilsa bo‘ladimi?

Egiluvchan qarorlar. SESning ruxsati bilan 100 kishilik to‘y qilsa bo‘ladimi?

Foto: Xabar.uz

Respublika maxsus komissiyasi qizil, sariq va hatto yashil hududlar uchun ham amal qilinishi majburiy bo‘lgan cheklovlarni belgilab bergan. Unga ko‘ra, ommaviy tadbirlar o‘tkazish mumkin emas. Qanday maqsadda bo‘lishidan qat’i nazar ommaviy tadbir mumkin emas, tamom vassalom.

Ammo koronavirus tarqalishi kuchayib borayotgan bir paytda Andijonda yuzlab odamlarni ko‘chaga chiqarib ommaviy piyoda yurdirishmoqda. Tepaga yaxshi ko‘rinishni xohlaydigan ayrim amaldorlar buning boshida turibdi. Ijtimoiy masofaga ham birov amal qilgan, birov qilmagan. Nima emish, SES ruxsat berganmish. Nega ruxsat beradi? SESda shunaqa vakolat bormi, Respublika maxsus komissiyasi taqiqlagan narsaga ruxsat beradigan?

Foto: Izboskan tumani hokimligi matbuot xizmati

Unaqada SES ruxsati bilan 100 kishilik to‘y qilsa ham bo‘ladimi? Har bir stulning orasini uzoqroq qo‘yib, to‘yga kelganlarni isitmasini tekshirib, qo‘liga antiseptik sepib, to‘yxonani dezinfiksiya qilib, bemalol to‘y qilish mumkinmi? Yo‘qmi? Unda nega boshqacha tadbirlarga ruxsat berilyapti? Qarorlar hamma uchun bir xil emasmi?

O‘zbekistonning boshqa chekkalarida esa, karantin qoidalarini buzding, degan vaj bilan fuqarolarga tinimsiz jarima va boshqa jazolar qo‘llanmoqda. Hattoki ko‘chaga non olishga chiqqan niqobli fuqarolarga «bemaqsad yuribsan» degan ayb bilan jarima solishgandi. Mana, ko‘chada yuzlab bemaqsad yurganlarga hech narsa bo‘lmayaptiku. Piyoda yurish shunchalik sog‘liqqa foydali ekan, unda nima uchun ko‘chadagi odamlarni «uyda qoling» deb haydayapsizlar? Hamma ko‘chada yuraversin mazza qilib, sog‘lig‘iga foyda bo‘lar ekan-ku.

Qilinayotgan ishlarda na mantiq bor, na bir tartib.

Avval o‘zimiz uchun aniqlab olaylik, karantin va undagi cheklovlar kimlar uchun? Barcha uchunmi yoki faqat oddiy xalq uchunmi? Davlat tashkilotlariga bu taalluqli emasmi?

Bunaqa egiluvchan va odamiga qarab cho‘ziluvchan qarorlar nima uchun faqat oddiy xalqqa kelganda ishlaydiyu, davlat tashkilotlariga kelganda hamma ko‘z yumadi? Nima uchun? Shu savolga kimdir javob bera oladimi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring