Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Millionlab odamlarni kuldirgan aktyor achchiq qismat qurboni edi

Millionlab odamlarni kuldirgan aktyor achchiq qismat qurboni edi

Foto: earth-chronicles.ru

Aleksey Smirnov «Ishbilarmon kishilar», «I» operatsiyasi…» va boshqa filmlar orqali yaxshi tanish. Uning qahramoni aytgan «Joyni bo‘shataman, o‘zingni o‘xshataman», «Student, seni o‘ldiraman», «Hey, bolakay, manovi obakidandondan yeb, bizning aravada sayr qilib kelmaysanmi?» «O‘n daqiqada Kanada chegarasida bo‘lamiz» kabi so‘zlari tomoshabin yodida qolgan. Beo‘xshov xatti-harakatlari millionlar muxlislarga xush kayfiyat, tabassum ulashgan.

Ammo aktyor Smirnovning shaxsiy hayoti haqida hamma ham bilavermaydi. U tomoshabinlarga kulgi ulashgan bo‘lsa-da, o‘zining boshiga ko‘plab kulfatlar yog‘ilgan edi.

Yashirilgan nikoh uzugi

Aleksey Smirnov 1920 yil 28 fevralda Rossiyaning Yaroslav viloyati Danilov shahrida dunyoga kelgan. U kichkinaligidan aktyor bo‘lishni orzu qilardi. 30-yillarda orzusi ushalib, Leningrad musiqali komediya teatri qoshidagi studiyaga qabul qilindi. Uni tamomlagach, 1940 yilda estrada aktyori sifatida faoliyat yuritdi.

O‘sha paytlarda Aleksey qo‘shni qiz Lidiya Maslovani yoqtirardi. 1941 yilni kutib olish arafasida Aleksey Lidiyaning qo‘lini so‘radi. 5 mart kuni ZAGSga ariza berishdi, ammo... urush boshlandi.

Aleksey frontga ko‘ngilli bo‘lib ketdi. Ketishidan oldin sevgilisi Lidiyaga qattiq tayinladi: «Meni kutgin, tezda qaytaman, keyin to‘y qilamiz». Nikoh uzugini yashirib qo‘ydi.

Urushga ketgan A.Smirnov dastlab kimyo instruktori, so‘ng 169-vzvod komandiri bo‘ldi. G‘arbiy, Bryansk, 1-Ukraina va 2-Belorussiya frontidagi janglarda qatnashdi. 1943 yil 22 iyuldagi mukofotlash varaqasida uning uch gitlerchini o‘ldirgani yozilgan. 1944 yilning 4 martida Smirnov o‘z vzvodi bilan dushmanning minomyot batareyasi, stanokli pulemyoti va 30 nafarga yaqin askarini yo‘q qildi. O‘sha yili 20 iyulda nemislar 40 jangchisini hujumga tashladi. Smirnov qo‘lida quroli bilan oldinga talpinib, safdoshlarini ruhlantirib yubordi. Hujum qaytarildi. Nemislar 17 askarini yo‘qotdi. Smirnov shaxsan o‘zi 7 askarni asirga olgan edi. Oradan bir hafta o‘tgach, Juravka qishlog‘idagi jangda Smirnov va uning uch polkdoshi 17 ta dushman askariga duch kelishdi. Qattiq jang bo‘ldi. Dushmanning 9 nafar askari o‘ldirilib, 5 tasi asirlikka olindi.

1945 yil 17 yanvardagi Vislo-Oder operatsiyasida Smirnov va uch safdoshi qurshovga tushib qoldi. Kuchli jang kechdi. Smirnov shaxsan o‘zi uch nemis jangchisini o‘ldirib, ikki nafarini asir oldi va hujum yo‘lini ochdi. O‘sha yili 22 yanvarda esa Oder daryosi qirg‘oidan turib, dushmanning ikkita pulemyoti joylashgan nuqtasi va 20 askari yo‘q qilindi. Shu tariqa 36-gvardiya o‘qchi polkining Eyxenrid qishlog‘idagi platsdarmi kengaytirildi. Ko‘rsatgan qahramonligi uchun Smirnov bir necha marta mukofotlandi. E’tiborlisi, urush paytida u badiiy havaskorlik guruhiga ham rahbarlik qilgan. O‘nlab marta konsertlar uyushtirgan.

Ammo Aleksey Smirnovning urushni Berlinda yakunlashining imkoni bo‘lmadi. Qaqshatqich janglardan birida dushman o‘qi Smirnovni og‘ir jarohatladi va gospitalga yotqizildi. U yerda esa urushga yaroqsiz deb topildi. Smirnov qattiq iztirobga tushdi. Chunki og‘ir jarohat tufayli u endi bir umr farzandli bo‘la olmas, bepusht edi. Chor-nochor uyga qaytdi.

Sevgilisi Lidiyaning hayotini barbod qilmaslikni o‘ylagan Smirnov ich-ichidan siqilardi. U qizni baxtsiz qilishni xohlamasdi. Shu bois Lidiyaga urushdan qaytganini xabar ham qilmadi.

Lidiya Maslova hikoyasi: — Men uni qanchalik kutgandim. Aleksey urushdan har oyda menga xat yozardi. Uyga qaytganini boshqalardan eshitdim. Olmali pirog pishirdim va yugurdim. Ammo uylariga yetib, eshikni ochdimu, joyimda serrayib qoldim. Meni ko‘rgan Lyosha o‘rnidan ham turmadi. «Ha, senmisan? – dedi nopisandlik bilan. – Yaxshimisan?..» Men hamon bo‘sag‘ada turardim. «Lyoshka, qara, senga pirog olib keldim», – dedim ovozim titrab. «Pirogni boshimga uramanmi? – dedi Aleksey tutaqib. – Seni kim chaqirdi o‘zi?»

Lidiya uydan yugurib chiqib ketdi. Aleksey uning ortidan qarab qoldi. So‘ng bir stakan aroq ichib, Lidiya olib kelgan pirogdan tishladi va yig‘lab yubordi. «Hech qachon hech qanday to‘y bo‘lmaydi. Bu haqda mendan so‘rab o‘tirmang», – dedi u onasiga…

Oradan ikki yil o‘tdi. Lidiya boshqa yigitga turmushga chiqdi. To‘y o‘tayotgan hovlida qo‘ni-qo‘shnilarlardan faqat Smirnov yo‘q edi. U uyidagi deraza tokchasida bosh egib o‘tirardi.

Ertasi kuni ertalab... Lidiya uyida guldasta va nikoh uzugi solingan xatjildni ko‘rdi. «Baxtli bo‘linglar», deb yozilgandi qog‘ozda.

Faqat ancha yillar o‘tib, Lidiya Ivanovna Aleksey bilan bog‘liq haqiqatdan voqif bo‘ldi.

Bu vaqt davomida Smirnov sahnaga qaytishga urinib ko‘rdi. 1946 yili u Leningrad musiqali komediya teatriga qabul qilindi.

U hali kinoda ko‘rinmas, teatrdagi ommaviy chiqishlarda ishtirok etardi, xolos. Aktyor keksa va kasalmand onasiga qarashar, unga benihoya g‘amxo‘r edi.

Nogironlar uyida...

Aleksey Smirnovga ikkinchi darajali rollarni bera boshlashdi. Bu aktyorning tashqi qiyofasini nazarda tutgan rejissyorlar uni nojiddiy, kulgili va yengil rollarga munosib ko‘rishardi. Bora-bora teatr tomoshabini Smirnovni sevib qoldi. Uning har bir chiqishi tabassum uyg‘otar, ayniqsa bolalar yoqtirishardi.

Keksa onasi o‘g‘lining uylanishidan hali-hanuz umidvor edi. «Sen qachon juftingni topasan, nevaralarimni qachon ko‘rarkanman?» — derdi u.

50-yillarda Aleksey Smirnov bola asrab olishga ahd qildi. U nogiron bolalar uyiga boradigan, yog‘ochdan yasagan o‘yinchoqlarini ularga hadya etadigan bo‘ldi. Bu go‘shada Vanya ismli bola Smirnovning e’tiborini tortdi. Yurak kasalligi bilan tug‘ilgan Vanya hech kimga qo‘shilmas, ma’yus va sokin edi.

Uni asrab olish jarayoni yetti yilga cho‘zildi. 1960 yili nihoyat ruxsat tegdi. Biroq bu vaqtda Smirnovning boshiga kulfat tushgan: onasi hayotdan ko‘z yumgan edi. Aleksey ichkilikka berildi. Soch-soqoli o‘sgan holda, qo‘lida bir dasta hujjat bilan internat uyiga kelganida uni ichkariga kiritmadilar. «Menga bolamni beringlar, — dedi Smirnov alam bilan. — Ruxsat qog‘ozim bor-ku?»

Qimmatbaho tobut

Smirnovni kashf etgan rejissyor Leonid Gayday bo‘ladi. Bungacha aktyor kinoda kichik rollarni o‘ynarb yurardi. Gayday unga «Ishbilarmon kishilar» filmining «Hindular sarkardasi» novellasidagi bahaybat va soddadil Bill rolini ishonib topshirdi. Smirnov bilan birga aktyorlar Georgiy Vitsin va Seryoja Tixonov rollar o‘ynashdi.

«Ishbilarmon kishilar» filmidan so‘ng Aleksey Smirnov kino maydonidan ortmay qoldi. U bilan ishlash oson edi. Smirnov rejissyorlarning ko‘rsatmalarini tez tushunar, to‘rt oyoqlab yugurish, sakrash, muzli suvda suzish kabi og‘ir mashqlarni o‘zi bajarardi.

1964 yilda Aleksey Smirnov «Xush kelibsiz yoxud begonalarning kirishi man etiladi», «Quyoncha» kinokomediyalarida rollar ijro etdi.

Oradan bir yil o‘tib, Leonid Gaydayning «I» operatsiyasi yoki Shurikning boshqa sarguzashtlari» filmi katta ekranlarga chiqdi. Uni millionlab tomoshabin ko‘rdi. Shundan keyin «Aybolit-66», «Malinovkada to‘y», «Zarba, yana zarba», «Yetti qariya va bir qiz» filmlarida rollar o‘ynadi.

Aleksey Smirnovning orzusi jiddiy rollarni o‘ynash edi. Biroq, bitta-ikkita filmni aytmaganda, rejissyorlar unga jiddiy rollarni ravo ko‘rishmasdi.

1968 yili «Razvedkachilar» ekranlarga chiqdi. Smirnov unda safdoshlari uchun o‘zini qurbon qilgan razvedkachi rolini talqin qilgan. Filmda Smirnovning eng sadoqatli do‘stlaridan biri Leonid Bikov ham «vafot etadi». 1974 yili «Urushga faqat «qariyalar» boradi» namoyish etildi. Unda kinorejissyor Bikov eskadrilya komandiri Titarenkoni, Smirnov esa mexanik rolini o‘ynadi. Smirnov hamkasblariga shunday degandi: «Men o‘zimning rejissyorimni juda kech topdim».

Bu vaqtda onasidan judo bo‘lgan Smirnov og‘ir tushkunlikka tushib qoldi. U bor-yo‘g‘ini qimmatbaho tobut sotib olishga sarfladi. Onasini bir o‘zi ko‘mdi. Volidasining murdasini qabristonga olib borishda qo‘ni-qo‘shnilar yordamlashishdi. Smirnov onasining qabri boshida uch kun qolib ketdi. U to‘yib-to‘yib yig‘ladi. Keyin esa qaytib kelgach, uyida qamalib, telefonni, chiroqlarni o‘chirdi, sham yoqib, faqat aroq ichdi.

Ikki oy o‘tgach, Aleksey Smirnovning ichkilik va pullari tugadi. U spirt ichadigan bo‘ldi. Ichkilikka mukkasidan berilgani bois yangi filmlarda ko‘rinmay qoldi...

«Otajon, meni kechiring»

Smirnov umrining oxirgi yillari yanada ayanchli kechgan. Vafotidan uch yil avval ikki bolali ayolga uylangan, biroq tirikchilik uchun hech vaqolari yo‘q edi. Smirnovni allaqachon teatrdan bo‘shatishgan, kinoga ham taklif qilishmas, uning yana ichkilikka berilishidan cho‘chir edilar. Oqibatda Smirnov uydagi televizor va boshqa anjomlarni sotib, yana icha boshladi. Xotini ketib qoldi. Buning ustiga Smirnovga bir qancha kasalliklar yopirilib keldi. U o‘ta ayanchli ahvolda edi. Xavotirga tushgan qo‘shnilari «Lenfilm»ga qo‘ng‘iroq qilib, Smirnovga yordam berish kerakligini aytishar, ammo murojaatlari javobsiz qolardi.

Aleksey Smirnovni yurak xuruji yiqitdi. O‘shanda 1978 yilning oktyabri edi. U shifoxonada olti oy yotdi. Smirnovni do‘sti Leonid Bikovdan boshqa hech kim yo‘qlamadi. Bikov oxirgi marta 1979 yilning 25 martida Smirnovni ko‘rgani keldi. Uning yelkasiga qoqib, «Urushga faqat «qariyalar» boradi» filmidagi jumlani aytdi: «Biz yashaymiz, Makarich, yashaymiz». Ammo oradan yarim oy o‘tib... Leonid Bikov avtohalokat tufayli vafot etdi. Shifokorlar bu haqda Smirnovga sezdirmadilar.

1979 yil 7 may kuni Aleksey Smirnovga uyiga javob berishdi. Shu munosabat bilan aktyor shifoxonada dasturxon yozdi va do‘xtirlar davrasida do‘sti Bikov uchun qadah ko‘tarishlarini iltimos qildi. Bosh shifokor beixtiyor aytib qo‘ydi: «Endi Bikov oramizda yo‘q, bu haqda sizga aytishdan qo‘rqqandik...»

Smirnov qotib qoldi. So‘ng hech nima demadi, qadahni dasturxonga qo‘ydi. Palatasiga yo‘l oldi, karavotga cho‘zildi va... hayotdan ko‘z yumdi. O‘shanda Aleksey Smirnov 59 yoshda edi...

Aktyor asrab olmoqchi bo‘lgan internat-uydagi Vanya o‘n sakkiz yoshga to‘lganida avtomobilsozlik zavodiga ishga kirdi. U uzoq yillar yolg‘iz hayot kechirib, «otasi»ni topishdan umidvor edi. Vanya 1992 yil 7 may kuni – aktyor Aleksey Smirnovning vafotidan roppa-rosa 13 yil o‘tib (o‘sha sanada) qazo qildi. Sud-tibbiy ekspertizasida qayd etilishicha, Vanya o‘zini o‘zi o‘ldirgan. Vafotidan so‘ng uning yog‘och o‘yinchoqlari va otasiga yozgan maktubi topildi. «Otajon, sizni dafn etishga bormaganim uchun kechiring, – deyilgan edi xatda. – Men bu haqda juda kech eshitdim...»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring