Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Soch ektirishda nimalarga ahamiyat qaratish kerak?

Soch ektirishda nimalarga ahamiyat qaratish kerak?

Hozirgi kunda soch ekish — eng talabgir va qimmat xizmat turiga kiradi. Talabning kuchayishiga ilgari sochning to‘kilishi asosan qirq yoshdan keyin kuzatilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, jarayon teng yarmiga, ya’ni 20 yoshga yoshargani hisoblanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tekshirish markazi dermatovenerolog-trixologi Hojiakbar Nurmatovga soch ekish amaliyotiga oid savollar bilan murojaat qildi.

— Soch ekish amaliyoti O‘zbekistonga qachon kirib kelgan va ilk bosqichlarida insonlar bu «yangilik»ni qanday qabul qilishgan?

—  Yurtimizga ilk bor soch o‘tkazish operatsiyasi 2014 yilda amalga oshirilgan. Soch o‘tkazish sohasida eng kuchli mutaxassislari bor Gruziyaning Tbilisi shahridagi «Soch maktabi»da shifokorlarimiz o‘qib qaytishgan. Bu amaliyot yurtimizda endi rivojlanib, kurtak ochayotgan vaqtda ayrimlar amaliyotga salbiy munosabatda bo‘lgan, ayrimlar esa, ishonmagan. Mijozlarning soni sekin-sekin ortib, natija ko‘ringach ushbu muolajaga bo‘lgan munosabat o‘zgardi va ishonch ortdi.

—   Soch ekish jarayonining necha xil ko‘rinishi bor va qanday bosqichlarda kechadi?

—  Soch ekishning ikki xil: jarrohlik va FUE usuli mavjud. Jarrohlik usulida soch teri bilan kesib olinib, graftlar bitta-bitta soch ildizlariga ajratilib, alohida joylashtiriladi. Soch olingan joy tikiladi. Natijada chandiq izlari qoladi. Bu sochlar 5-10 yilgacha turadi. Yillar o‘tgandan keyin bu soha ham rivojlanib soch ekishning FUE usuli qo‘llanila boshlandi. FUE— bu choksiz, kesmagan holda transplantantlarni (graftlarni) olish va kiritishning mikrojarrohlik usuli. 1-4 tukdan iborat soch guruhlari (follikullar) bemorning ensa sohasidan yoki tananing boshqa qismlaridan olinadi. Jarrohlik og‘riqsiz o‘tadi. FUE usuli bo‘yicha operatsiya har doim umumiy reja bo‘yicha amalga oshiriladi. FUE usulining o‘zi uch bosqichdan iborat.

Birinchi bosqichda maxsus mikrojarrohlik asbobi (panch) bilan soch follikullarini qazib olish, chiqarish va ishlov berish jarayoni amalga oshiriladi.

Ikkinchi bosqichda soch ko‘chirilayotgan soha maxsus asbobda teshiladi.

Uchinchi bosqichda yaratilgan kanallarga transplantantlarni donalab kiritish amalga oshiriladi.

—  Soch ekish amaliyotini o‘tkazganlarga nimalar mumkin emas va ular sochni odatiy yuvish va quritishda davom etadimi?

— Boshlang‘ich 7-10 kun davomida jismoniy va asabiy zo‘riqishdan bemor tiyilishi kerak. Sport zallariga chiqish ta’qiqlanadi. Soch o‘rnashib, yaxshi joylashib olguncha bizning tavsiyalarimizga amal qiladi. Yuvish masalasiga kelsak, ortiqcha kimyoviy moddalar qo‘shilmagan bolalar shampunida yuvib turish tavsiya etiladi. Oradan bir oy o‘tgandan keyin istagan shampunidan bemalol  foydalanadi.

—    Soch ektirayotgan mijozning orqa sochlari ham siyrak bo‘lsa qanday yo‘l tutiladi? Soch donorlari ham bormi?

—  Bizga murojaat qilgan mijozlarning donorlik qismida ham soch siyrak bo‘lsa, soqol va ko‘krak qafasi sohasidan tuk olib o‘tkazamiz. Bemorning eng yaqin insonlari ham donor bo‘lolmaydi va bemor ham o‘zi hech kimga donor bo‘la olmaydi. Soch boshqa organizmda rivojlanib ketmaydi. Ayni paytda Italiyadan Biofibre deb nomlangan soch ekish apparatini olib kelganmiz. U ayollarning soch bilan bog‘liq muammolarini yechadi. Ushbu vositaning yaxshi tomoni shundaki sun’iy sochlarni ham muvaffaqiyatli ekadi. Bu sochlar ham to‘kilib ketmaydi va unga istalgan ishlovni bersa bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring