Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Yandeks taksi» bozorning 86 foiziga ega – Raqobat qo‘mitasi

«Yandeks taksi» bozorning 86 foiziga ega – Raqobat qo‘mitasi

«Yandex Go» taksi agregatorlari bozordagi xizmatning katta qismini – 86,3 foizini ko‘rsatmoqda va kompaniya xizmat narxi va sifatiga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deyiladi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarni himoya qilish qo‘mitasi xabarida.

«O‘zbekiston Respublikasidagi «Yandex Go» ilovasi orqali ko‘rsatilgan taksi xizmatlarining 2022 yildagi moliyaviy natijalari yuzasidan rasmiy statistik ma’lumotlar Ridetech International B.V. kompaniyasi (Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan) tomonidan taqdim etilgan», – deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishiga ko‘ra, «Yandex Go» platformasi 2023 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekiston hududida agregatorlik xizmatlarini respublikada ro‘yxatdan o‘tgan «YandexGo UB» MChJ orqali amalga oshira boshlagan.

Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi Niderdandning Ridetech International B.V. kompaniyasi hamda O‘zbekistondagi «YandexGo UB» MChJni – yagona (umumiy) iqtisodiy manfaatga ega bo‘lgan shaxslar deb hisoblashini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda jami 66 ta korxona taksi-agregatorlik xizmatlari ko‘rsatayotgani va shundan 58 tasi dispetcherlik xizmati orqali (telefon) hamda 8 tasi mobil ilova orqali agregator xizmatini ko‘rsatayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Tahlil jarayonida «Yandex Go»ning taksi xizmatlari bozoridagi ulushi 86,3 foizni tashkil qilishi va ushbu kompaniya jami xizmatning asosiy qismini ko‘rsatayotganini sababli xizmat narxi va sifatiga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish xavfi mavjudligi ham aniqlangan.

Shu bois 4 dekabr kuni qo‘mita tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunining 13-moddasiga asosan «YandexGo UB» MChJ yo‘lovchilarni tashish (taksi) uchun buyurtmalarni joylashtirish va taksi xizmatlarini ko‘rsatishga imkon beruvchi vositachilik (agregator) xizmatlari bozorida «Ustun mavqega ega xo‘jalik yurituvchi sub’yekt» deb e’tirof etilgan.

«Qo‘mita ushbu bozorda barcha ishtirokchilar tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning muvofiqlashtirilgan harakatlar, insofsiz raqobat, ustun mavqeini suiiste’mol qilish kabi harakatlarni oldini olish va bartaraf etish yuzasidan tizimli ravishda monitoring olib boradi», – deyiladi xabarda.

Davlat soliq qo‘mitasi jamoatchilik vakillarining e’tirozlari ortidan bir necha yildan beri O‘zbekistonda rasmiy soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tmay faoliyat yuritib kelayotgan «Yandex.Go» xizmati bloklanishi haqida xabar berib, kompaniyaga o‘z faoliyatini qonun hujjatlari asosida tashkil etish bo‘yicha bir qator talablar qo‘yilganini bildirgandi.

Unga ko‘ra, xizmat 1dekabrgacha O‘zbekistonda soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish va belgilangan soliqlarni to‘lashi lozim edi. Shundan so‘ng «Yandex.Go» davlat ro‘yxatidan o‘tgani va boshqa taksi xizmatlari bilan birxilda soliq to‘lay boshlagani aytilgandi.

Biroq amalda bunday bo‘lib chiqmadi. «Yandex.Go» garchi de-yure soliqlarni to‘layotgan bo‘lsa-da, de-fakto buni haydovchilar hisobidan qoplayotgani aniqlandi.

Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov «Yandex.Go» agregator ushlab qoladigan xizmat komissiyasi ulushini 13 foizdan 14,6 foizgacha ko‘targani haqida yozdi. Blolerga ko‘ra, bu haqda Toshkent shahridagi «Yandex.Go» platformasiga ulangan taksist haydovchilar tarmoqlarda ma’lum qilishgan.

Bundan tashqari «Yandex.Go»ning qator hamkor taksoparklari ham o‘z ulushlarini 4,0-5,0 foizdan 5,0-6,0 foizgacha ko‘tarishgan. Kelib chiqadiki, 1 dekabrdan keyin haydovchi taksistlarning ko‘rsatilgan xizmat uchun oladigan ulushi 2,6 foiz bandigacha qisqargan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring