Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazir o‘qituvchilarni «Tashabbusli budjet»da ovoz yig‘ishga majburlamaslikka chaqirdi

Vazir o‘qituvchilarni «Tashabbusli budjet»da ovoz yig‘ishga majburlamaslikka chaqirdi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan o‘qituvchilarni joylarda «Tashabbusli budjet» portalida ovoz yig‘ishga majburlanayotgani holatlari haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.  

Vazirga ko‘ra, boshqa loyihalar singari maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarini ta’mirlash ishlari ham ushbu portalda yetakchilik qiladi. Tabiiyki, ushbu jarayonda o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘zlari mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan yoki farzandlari tahsil olayotgan ta’lim dargohini obod qilish uchun ovoz berishda shaxsiy tashabbus ko‘rsatmoqda.

«Biroq ijtimoiy tarmoqlar orqali joylarda ba’zi o‘qituvchilarga ushbu loyihada ovoz yig‘ish uchun majburiy topshiriq berilayotgani, topshiriqni bajarishga bee’tibor qarayotgan o‘qituvchilarga kerakli chora ko‘rish bilan tahdid qilinayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalib, ular Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan jiddiy o‘rganilmoqda», – deydi Umarova.

Shuningdek, u ayni vaqtda «Vazirga murojaat» portaliga o‘qituvchilardan ushbu mazmundagi murojaatlar kelib tushmaganini bildirdi.

O‘qituvchilardan ularni ushbu loyiha doirasida majburiy ovoz yig‘ishga jalb etish holatlari kuzatilsa, vazirlikning Ishonch telefoni (71-202-09-09)ga qo‘ng‘iroq qilish so‘ralmoqda.

«Sizning murojaatingiz asosida ushbu yo‘nalishda qonun buzilish holati aniqlansa, tegishli mas’ul xodimlarga zarur ta’sir choralari ko‘riladi», – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova.

Ma’lumot uchun, Prezidentning 2018-yil 14-avgustdagi tegishli qaroriga ko‘ra, pedagoglarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring