Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiyada aroqdan zaharlanib vafot etgan o‘zbekistonliklar soni 14 nafarga yetdi

Turkiyada aroqdan zaharlanib vafot etgan o‘zbekistonliklar soni 14 nafarga yetdi

16-yanvar, payshanba kuni Turkiya hududida qalbaki spirtli ichimlik iste’moli oqibatida yana 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi (barchasi erkak) vafot etdi.

Avvalroq, 14-yanvarda 6 nafar, 15 yanvarda esa 4 nafar o‘zbekistonlikning aroqdan zaharlanish oqibatida vafot etgani xabar qilingan edi.

17-yanvar holatiga Turkiyada zaharlanish oqibatida vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining umumiy soni 14 nafarni tashkil qilmoqda.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunga qadar qalbaki spirtli ichimlik iste’moli tashxisi bilan Turkiya bo‘ylab kasallanganlar soni 88 nafarni tashkil etib, shundan 37 nafari vafot etgan. Ushbu qurbonlar orasida mahalliy aholi vakillari va boshqa millat vakillari ham bor.

Istanbul hokimligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, mahalliy huquq-tartibot idoralari 2025 yil 16 yanvar kuni Istanbul shahrida 32 862 litr noqonuniy metil va etil spirtli ichimliklarni musodara qilgan.

Tezkor tadbirlarda jami 9 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Tekshiruvlar chog‘ida 227 shisha soxta ichimlik va distillash uskunasi ham topilgan. Qo‘lga olinganlardan 3 nafari politsiyadagi so‘roqlardan so‘ng qo‘yib yuborilgan bo‘lsa, 6 nafarining tergovi davom etmoqda.

Bosh konsulxona diplomatlari Istanbul shahridagi shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlarida qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanish oqibatida davolanayotgan fuqarolarning holidan xabar oldilar.

Ularning 3 nafarining ahvoli og‘ir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring