Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent nemis tili o‘qituvchilari anjumaniga mezbonlik qildi

Toshkent nemis tili o‘qituvchilari anjumaniga mezbonlik qildi

7-noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston nemis tili o‘qituvchilarining XVII anjumani o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti mezbonligidagi ilmiy-ma’rifiy tadbir Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan Gyote instituti, Shveysariya elchixonasi, Germaniyaning xorijdagi maktablar bosh boshqarmasi (ZfA), O‘zbekiston nemis tili o‘qituvchilari uyushmasi (DLV) va Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD) hamkorligida tashkil etildi.

Bu yil anjumanda O‘zbekiston bo‘ylab 250 dan ortiq nemis tili o‘qituvchilari va Markaziy Osiyodagi maktablar direktorlari ishtirok etdi.

Ikki kunlik tadbirda nemis tilini yanada ommalashtirish, bu bo‘yicha yangi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar joriy qilish, o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirishga e’tibor qaratildi.

Germaniyalik va o‘zbekistonlik ma’ruzachilar tomonidan turli mavzularda seminar va mahorat darslari o‘tkazildi, nemis tilini o‘rgatish va o‘rganish bo‘yicha zamonaviy usullar muhokama etildi.

An’anaviy anjuman pedagoglar uchun tajriba almashish va o‘z faniga doir yangiliklardan xabardor bo‘lish maydoni sanaladi.

O‘zbekistonda nemis tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. Bugungi kunda 300 mingdan ortiq maktab o‘quvchisi, 19 ming nafar talaba ushbu tilni o‘rganmoqda.

24 ta maktabda nemis tili chuqurlashtirilgan  tarzda o‘rgatilyapti. Ulardan 6 tasi, ya’ni Toshkent, Samarqand, Marg‘ilon, Farg‘ona, Andijon va Buxoro shaharlaridagi maktablar olmon tili diplomini (DSD) berish huquqiga ega. Hozirda ushbu xorijiy tilni bog‘cha, maktab va universitet bosqichlarida, uzluksiz ravishda o‘qitishga e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimiz bo‘yicha 3 mingdan ortiq o‘qituvchi Gyote tilidan dars beradi.

Avval xabar berganimizdek, Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning 2022 yil noyabr oyidagi O‘zbekistonga tashrifi mobaynida nemis tilini o‘rganish va o‘rgatish mavzusi ham ko‘tarilgan.

Germaniyaning avvalgi elchisi Tilo Klinner O‘zbekiston nemis tilini o‘rganuvchilar soni bo‘yicha Osiyoda 1-o‘rinda ekanini mamnuniyat bilan qayd etgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring