Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident investitsiya jalb qilishga doir 2025-yildagi vazifalarga to‘xtaldi

Prezident investitsiya jalb qilishga doir 2025-yildagi vazifalarga to‘xtaldi

Prezident investitsiya jalb qilishga doir 2025-yildagi asosiy vazifalarga to‘xtaldi.

O‘tgan yil yakunida hokimlarning hududiy rejalari belgilab olindi. Har bir tuman kesimida bajarilishi lozim bo‘lgan indikatorlar to‘plami ishlab chiqildi.

Jumladan, bu yil 27 ta tuman hokimi investitsiyani 200 million dollardan oshirish rejasini olgan. Masalan, so‘nggi besh yilda Uchko‘prikda xorijiy investitsiya 10 karra oshib, 100 million dollarga yetdi. Tuman hokimi  2025-yilda buni 200 million dollarga yetkazishni hisob-kitob qilgan.

Lekin 10 ta tuman hokimining rejasi 40 million dollarga ham yetmasligi ko‘rsatib o‘tildi. Bular Mirishkor, Ko‘kdala, Boyovut, Bandixon, Uzun, Sherobod, Bekobod, Toshkent, Rishton, Gurlan tumanlari.

Mutasaddilarga ushbu tumanlarga yangi loyihalar paketini shakllantirib, kamida 100 million dollarlik rejani tasdiqlash topshirildi.

Har bir dollar investitsiyaning samaradorligini oshirish hudud va tarmoqlar rahbarlarining asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

So‘nggi yetti yilda kiritilgan 120 milliard dollar investitsiya hisobiga 6 mingdan ortiq korxona ishga tushdi. Tahlillar ko‘rsatishicha, jalb qilingan har 1 ming dollar investitsiya yiliga o‘rtacha 530 dollar qo‘shilgan qiymat yaratmoqda.

Tog‘-kon sanoatida bu ko‘rsatkich 700 dollarga yetgani sababli sohaga Germaniya, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlardan investorlar kirib kelishni boshladi.

Lekin «O‘zbekneftgaz», «O‘zmetkombinat» va qurilish materiallari tarmog‘ida investitsiya samaradorligi boshqa tarmoqlarga nisbatan 2 barobar past. Investitsiya hisobiga qo‘shilgan qiymat Sirdaryoda respublika ko‘rsatkichidan 3 barobar, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda 2 barobar kam.

230 ta tadbirkorning bojxona omborlarida uzoq muddatdan buyon saqlanayotgan 120 million dollarlik uskunalar egalariga yetkazildi. Lekin yana 105 ta tadbirkorning 110 million dollarlik uskunalari omborlarda turibdi.

Mutasaddilarga ushbu uskunalarni egalariga yetkazish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring