«Energetika sohasidagi tarixiy voqea!» – energetika sohasida qiymati $3,7 mlrd bo‘lgan quvvatlar ishga tushirilyapti
Bugun, 13-dekabr kuni Toshkent shahrida Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur marosimda ishtirok etgan Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, jumladan, qiymati 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berilayotganini energetika sohasidagi tarixiy voqea deb atadi.
Xususan, Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya ishga tushirilmoqda.
O‘zbekistonda ilk bor Andijon va Farg‘onada 300 megavattli yirik saqlash tizimi barpo etildi.
Shuningdek, Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES foydalanishga topshirilmoqda.
Xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni izchil davom ettirish yo‘lidagi yangi sahifa sifatida Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qiymati 3,5 milliard dollar bo‘lgan 2,5 ming megavattli 6 ta elektr quvvatlari qurilishi boshlanmoqda.
«Bugun ishga tushayotgan quvvatlar va yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqarilishi oldi olinadi.
Eng muhimi – 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan ta’minlanadi.
Bu, o‘z navbatida, iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga turtki beradi.
Umuman olganda, kelgusi yili jami 84 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu – 2016-yilga nisbatan 25 milliard kilovatt-soat yoki 1,5 barobar ko‘p deganidir», – dedi davlat rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter