Bolalar uylarida «Onalar maskani» xizmati yo‘lga qo‘yiladi – Prezident farmoni
2025-yil 1-fevraldan boshlab farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida «Onalar maskani» xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Bu borada «Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-185-son farmon qabul qilindi.
«Onalar maskani»da:
- onalar va ularning bolalari (4 yoshga to‘lmagan) 1 yilgacha bo‘lgan muddatga ijtimoiy shartnoma asosida vaqtincha boshpana bilan ta’minlanadi;
- ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, onalik va kasbiy ko‘nikmalar shakllantiriladi;
- onalarning kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi.
Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
- mehribonlik uylari va bolalar uylariga kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini vaqtinchalik qabul qilish tartibi bekor qilinadi;
- yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarga ta’lim olish, bandligini ta’minlash, davolanish hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi;
- tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslariga yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka olish istagini bildirgan nomzodlar ham qamrab olinadi;
- bosqichma-bosqich Andijon viloyati, Toshkent shahri hamda Samarqand viloyatida kichik hajmli bolalar uyi tashkil etiladi;
Bundan tashqari, ushbu hujjat bilan «Mehr daftari» jamg‘armalari tugatiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter