Ayrim turdagi dorilar importiga bojxona bojlari joriy etiladi
Joriy yil 28-yanvardagi PF-13-son farmon bilan Prezidentning 2018-yil 29-iyundagi PQ-3818-son qaroriga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, 3004 (tovarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha kodi) pozitsiyasidagi tovarlar uchun 2 foiz miqdorida boj joriy etish belgilandi. Amalda bu 0 foiz darajasida edi.
Bu toifaga terapevtik yoki profilaktik maqsadlarda foydalanish uchun aralash yoki aralashmagan mahsulotlardan tashkil topgan, dozalangan dori shakli shaklida qadoqlangan (shu jumladan transdermal tizimlar shaklidagi dori vositalari) yoki chakana savdo uchun shakl yoki qadoqlangan dori vositalari kiradi. Bundan 3002, 3005 yoki 3006 tovar pozitsiyalari tovarlari mustasno.
Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimiga («HS Code») ko‘ra, 3004 kodiga kiruvchi preparatlar sifatida quyidagilar nazarda tutiladi:
- tayyor shakldagi antibiotiklar;
- og‘riq qoldiruvchi va yallig‘lanishga qarshi dorilar;
- virusga qarshi preparatlar;
- gormonal dori vositalari;
- kardiologik preparatlar;
- qandli diabetga qarshi dorilar;
- antigistamin preparatlar;
- o‘smaga qarshi vositalar;
- dori vositasi maqomiga ega vitaminlar va biologik faol qo‘shimchalar.
3004 kodiga kirmaydigan preparatlar:
- zardob, vaksinalar va qon preparatlari (3002)
- dori plastirlari va bog‘lov materiallari (3005);
- kontrast moddalar va diagnostik reaktivlar (3006).
Bunda 3004 kodi yakuniy iste’molchiga mo‘ljallangan dori vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda qo‘llaniladi (3003 kodi ostida yuritiladigan farmatsevtik substansiyalardan farqli o‘laroq).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter