Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil Tillaboyev

Xalq uchun ishla, o‘zinga qaytmasa, farzandingga qaytadi!

Yoshlar kitob o‘qimay qo‘yganmi?

Yoshlar kitob o‘qimay qo‘yganmi?

Foto: «Pixabay»

Ilgari buning sabablari, kitoblarning qimmatligi, bozor iqtisodiyoti deb hamma kitobga emas, pulga o‘zini urganligi haqida ko‘p munozara qilinardi. Aslida bozor iqtisodi rivojlangan boshqa davlatlarda bizdan o‘n karra ko‘p kitob o‘qilishini bilsak-da, negadir biz sababni shundan izlashga o‘rganib kolgandik...

Odamlar pul topishga berilib ketib kitob o‘qigani vaqt topolmay qoldi deb ovundik. Ahvol shu darajaga yetdiki, ko‘cha-ko‘yda kitob o‘qib o‘tirgan odamni uchratmay qo‘ydik, eng yomoni shunga ko‘nika boshladik. Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lgan kundan boshlab kitobxonlikni targ‘ib qila boshladi. Avvalo har bir nutqida shoh asarlardan albatta iqtibos keltirishiga o‘rgandik, ba’zan sevgan asarlarini tavsiya qilib maqtagan joylariniyam eshitdik. Konstitutsiyamizning 25 yilligini nishonlash tadbiridan boshlab xalq uchun kutilmagan dastur tayyorlandi, katta sahnaga qo‘shiqchilar bilan birga el suygan shoirlar, ko‘pchilikka hali tanish bo‘lmagan shoirlar chiqib, o‘z she’rlarini o‘qib berishdi. Xalq asl she’rlarni mualliflarning o‘zidan tinglay boshladi.

Keyinchalik kitob savdosini yanada takomillashtirish haqidagi qaror e’lon qilindi (lekin bu qaror ijrosida biroz oqsalayotgandek tuyulmoqda). Kitobga muhabbatni oshirishning boshqa yo‘llarini ham joriy etish haqida o‘ylandi. Ko‘pchilik nima qilsa bo‘ladi deb turganda prezident navbatdagi kutilmagan qarorga keldi: kitob o‘qigan kishiga mashina beramiz!

Moddiy rag‘batlantirish «bozor iqtisodi»ni ro‘kach qilib kitobni bir chekkaga qo‘yib qo‘ygan kishilarni ham mutolaaga jalb etishning eng zo‘r usuli edi, bu borada ajoyib yo‘l tanlandi. Shunday qilib respublika bo‘yicha «Eng yaxshi kitobxon» tanlovi e’lon qilindi. Quvonarlisi, 20 yoshgacha va 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan kitobxonlar uchun alohida-alohida ikkita mashina yutuqqa tikildi. Viloyat bosqichi qanday o‘tganidan xabarim yo‘q, lekin tanlovning respublika bosqichini har kuni imkon boricha kuzatib bordim. Telekanallar ham tanlovning ahamiyatini yaxshi his qilgani ko‘rinib turdi. Prezidentning «o‘z nomiga yarashmayapti, yoshlarning hidiyam yo‘q» degan tanqididan keyin yoshlar uchun rang-barang ko‘rsatuvlar namoyish qilib, o‘zini o‘nglab olgan «Yoshlar» telekanali tanlovdan jonli ko‘rsatuvlar tayyorlab tomoshabinlarni voqealar rivojidan xabardor qilib bordi. Har ikki tanlov tugashi bilan kelasi hafta 4 turi har kuni bittadan takroran namoyish etildi. Odamlar seriallarini bir chekkaga surib qo‘yib, ikki hafta davomida oilasi bilan eng ibratli tanlovni kuzatib, o‘zlarining biliminiyam sinab o‘tirdi. Tanlov iste’dodli yoshlarni xalqqa kashf qilib berdi. Menimcha, bular ichida Allohning irodasi bilan ko‘zlari ko‘rmasa ham tanlov doirasida 80 ta kitob o‘qiganini aytib yaqin bir-ikki yilda qo‘liga kitob olmagan ko‘p tengdoshlarini uyaltirgan Umidjon butun xalqimizning mehrini qozondi.

Shuningdek, o‘sha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi tanlovda andijonlik qizning 4-bosqichda qanday chiqqanini ko‘rdingizmi? Ovozi bo‘g‘ilib zo‘rg‘a gapirdi, hakamlar ovozingga nima qildi desa, kechasi bilan she’r o‘qib bo‘g‘ilib qoldi ovozim dedi... Bu kabi holatlar kishini to‘lqinlantirmaydimi? Ha, do‘stlar, kechalari uxlamay kitob o‘qib chiqadigan yoshlarni endi ko‘p ko‘ramiz!

20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi tanlov ham butun respublikada, har bir ishxonada, maktab yoki oliy o‘quv yurtida, ko‘cha-ko‘yda muhokama qilib borildi. Bunda «Yoshlar» telekanali mamlakatdagi eng yaxshi yosh jurnalistlardan unumli foydalangani ham ko‘rsatuvlarning muvaffaqiyatini ta’minladi. Shirin so‘zlari bilan ishtirokchilar ko‘ngliga yo‘l topa oladigan Gulhidaning ulardan intervyu olishga jalb qilinishi, tagdor va o‘rinli hazillari bilan qatnashchilarni yo‘naltirib turgan Hamza Jumayev va opalarcha mehribonlik bilan ishtirokchilarni ruhlantirib turgan Lola Zunnunova o‘z vazifalarini a’lo darajada bajarib, tanlovning yaxshi o‘tishiga hissa qo‘shdilar.

Men tanlovni kuzatish jarayonida ishtirokchilarning yutuq va kamchiliklari haqida o‘z xulosalarimni chiqardim. Bilasizmi, 20-30 yoshlilardan nafaqat men, balki butun tashkilotchilaru hakamlar ko‘p narsa kutgandik...

Qatnashchilarning ko‘pi hayajonini biroz bosib, shoshma-shosharligini yig‘ishtirib olganida yaxshi bo‘larmidi deb o‘ylab qoldim. Men bir ishtirokchining kutish zalida boshqalarga o‘xshab baqirib-chaqirib bilag‘onlik qilgani tugul, o‘sha xonada o‘tirganini ham ko‘rmadim. Balki adashayotgandirman, to‘rtinchi turdagina sal ko‘rinish berdi. Ungacha u bir chekkada biron kitobini o‘qib o‘tirgandir. O‘ziga navbat kelganda esa shaxdam-shaxdam yurib chiqib, barcha savollarga to‘la-to‘kis javob berib, hakamlar va teletomoshabinlarni lol qilib eng yuqori ball olib chiqib ketaverdi. Bu Qo‘qon davlat pedagogika institutining 24 yoshli talabasi Sharofat Ismoilova edi! Uning bir jihatiga qoyil qoldim. E’tibor berdingizmi, oxirgi tur barcha uchun qiyin keldi, 13 ta ishtirokchidan 3 tasigina ball oldi. Sharofat ham Erkin Vohidovning she’rini topolmadi va sahnadan chiqqach yig‘lab yubordi. Jurnalistning «Nega yig‘layapsiz?» degan savoliga «Men bu she’rni topishim kerak edi, men oltiariqlikman, ustoz shoirimiz Erkin Vohidov ham oltiariqlik edi, men bu hamyurtimning she’rini topishim shart edi» deya yig‘ladi! U ball yuqotganiga emas, buyuk shoirning ruhi oldida uyatdan, oriyati kelib yig‘ladi. Mana sizga vatanparvarlik, mana oriyat! Menimcha, shu vaziyatda men kabi Sharofatning hamiyatiga tan berib yig‘laganlar juda ko‘p bo‘lsa karak...

Sharofatga oliy mukofot topshirilayotgan vaqtda yana to‘lqinlandim. Unga prezident sovg‘asi — «Spark» avtomashinasi kaliti berildi va uni mashinaga chiqishga chorlashdi. Shunda u tomoshabinlar orasidan padari buzrukvorini olib chiqdi va kalitni otasiga topshirdi, rulga o‘tirg‘izdi, o‘zi esa otasining yoniga o‘tirdi! Ilmli va ma’rifatli qiz shu joyda ham butun o‘zbek yoshlariga ulkan namuna ko‘rsatdi, ota-ona hurmatini, o‘zbek xalqining qon-qoniga singib ketgan hurmatni namoyish qildi.

Birinchi marta tashkil qilingan «Eng yaxshi kitobxon» ko‘rik- tanlovi, menimcha, O‘zbekistondagi eng yaxshi tanlov bo‘ldi desak arziydi. Butun O‘zbekiston xalqini kitob o‘qishga undash va kitobxonlikni mana shunday yuksak rag‘batlantirish ishlari menga jahonga mashhur ne-ne allomalarimizni yetishtirib bergan Ma’mun akademiyasi davridagi holatlarni eslatmoqda. O‘sha davrda ham kitob, kitobxon nihoyatda qadrlangani tufayli ming yillardan buyon ardoqlanadigan buyuk allomalarimiz yetishib chiqqan edi. Yana shunday davr boshlanayotganiga ishonaman.

Ha, aytgancha, tanlov minglab qalblarni ilhomlantirgani rost: mening maktab-internatimda bitta sinf o‘quvchilari bu tanlovni ko‘rgach tashabbus bilan chiqishibdi, endi maktab-internatda shu sinf tashkilotchiligida «Eng yaxshi kitobxon uchun 8-«a» sinf kubogi» ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi!

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring