Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentga Turkiyaning 500 yillik tarixiy hujjatlari olib kelindi

Toshkentga Turkiyaning 500 yillik tarixiy hujjatlari olib kelindi

O‘zbekiston Badiiy akademiyasida «Usmoniylar imperiyasida diplomatiya va mehmondorchilik» deb atalgan ko‘rgazma ish boshladi. Ochilish marosimida so‘zlagan Turkiyaning yurtimizdagi elchisi Olgan Bekar ko‘rgazmaning aynan Toshkentda o‘tkazilishi alohida ma’no-mazmun kasb etishini ta’kidladi.

Turkiya elchixonasi, Yulduz texnika universiteti huzuridagi Sulton Abdulhamid II nomli tadqiqotlar markazi va Badiiy akademiya hamkorligida tayyorlangan ko‘rgazmada Usmoniylar davlati tashkil topganidan to XIX asrgacha bo‘lgan diplomatik rasm-rusumlar namoyish qilinmoqda. Eksponatlar orasida, shuningdek, Fransiya, Shvetsiya, Norvegiya, Yaponiya, Germaniya, Eron hukmdorlari va sulola a’zolarining Istanbulga tashrifiga oid yozma hujjatlar va ko‘rgazmali dalillar mavjud.

Mutaxassislarga ko‘ra, Usmoniylar imperiyasi o‘zidan oldingi turk-islom davlatlariga xos diplomatik rasm-rusumlarni davom ettirish, xalqaro taomilni takomillashtirish, boyitish asosida o‘ziga xos diplomatiya an’analarini shakllantirgan. Turkiy sulola o‘z diplomatik an’analarini dunyo mamlakatlari tomonidan qabul qilingan rasm-rusumlarga uyg‘un tarzda rivojlantirgan.

Ko‘rgazma va uning doirasida chop etilgan maxsus katalog Usmoniylar hamda Turkiya diplomatiyasining o‘ziga xos jihatlari hamda yutuqlarini tanitishga xizmat qiladi.

Madaniy loyiha Turkiya tashqi ishlar faoliyatining 500 yilligi va Respublikaning 100 yilligi doirasida amalga oshirilgan.

Ko‘rgazma 4 noyabrga qadar davom etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring