Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Skandinaviya bolalar adabiyoti bolani aldamaydi

Skandinaviya bolalar adabiyoti bolani aldamaydi

Foto: internet, ochiq manba

Skandinaviya kitoblariga mehrim o‘zgacha. Bolaligimdan ularni sevib o‘qiyman. Nazarimda bu mamlakatlarning bolalar kitoblari dunyodan 20-30 yil oldinda yuradi. Yaqinda qilgan bir xulosam, skandinaviya bolalar kitoblarida juda kuchli shukronalik hissi targ‘ibot qilinar ekan. Ular  shukr qilishni kitoblarida bolalarga shu qadar mohirona ko‘rsatadilar-ki...

Skandinav bolalar adabiyoti bolani aldamaydi. O‘lim, dard, kasallik, qiyinchilik, ayriliq, azob, urush va boshqa o‘ta qiyin mavzularda juda ajoyib tarzda bolalar bilan suhbat qila oladi. Bunday mavzular bolalarga kerakmi? Hammaga emas, albatta. Lekin ba’zida bolalar mana shunday kitoblarga zor!

Rossiyalik bir kutubxonachi aytib bergan voqea: Bir oila avtohalokatga uchraydi. Ota-ona va kichik farzand tirik qoladi. Ikki katta farzandi dunyoni tark etadi. Kichik farzand akasi va opasi haqida so‘rasa, ular chet elga ketishdi, deb aldashadi. Vaqt o‘tadi. Ota-ona bir amallab o‘ziga kela boshlaydi. Lekin shu davrda kichik farzand tildan qolib, qandaydur tushunarsiz psixologik salbiy holatlarni namoyon qilishni boshlaydi. Psixologga, nevropatologga, psixiatrga boradilar....hech kim muammoni tushunmaydi. Ota-ona hozir yaxshi, voqeadan ancha vaqt o‘tgan... lekin kichik farzandga nima bo‘lyapti?

Shunda kutubxonachi o‘zining Shvetsiyadagi hamkasblari bilan bog‘lanadi. Ularga voqeani aytib beradi. Shvetsiyada bunday vaziyatda bolaga qanday yordam beriladi, deya maslahatlashadi. Shunda shvetsiyaliklar unga bir kitob yuboradilar. Mana shu kitobni ota-ona bolasi bilan o‘qib chiqishi kerak deydi. Ona kitobni tarjimon bilan tarjima qilib, rasmlariga qarab bolasiga o‘qib beradi. Bola har kuni shu kitobni qayta-qayta so‘raydi. Bir necha kunda bola gapirishni boshlaydi, psixologik holati o‘z holiga kela boshlaydi.

Muammo qaytalanmasligi uchun uning negizini bilish kerak edi. Yana psixologga borishadi. Psixolog kitob bilan tanishib, bola bilan kitob haqida gaplashadi. Sababi aniq bo‘ladi.

Shvetsiyaliklar berib yuborgan kitobda qahramon bolakay eng yaqin odamini yo‘qotib qo‘ygan bo‘ladi. O‘limdan keyin ham hayot davom etishi mumkin va kerak ekanligini ko‘rsatadi. Bola kitobni o‘qib haqiqatni biladi va taskin topadi. Chunki uning bolalarcha fantaziyasi unga bundan-da yomon holatni chizib bergan ekan.

Akasi va opasi «ketib qolgach» ota-onasining yig‘lab yurganini ko‘rgan bola, ular akasi va opasini juda sog‘inayotganini tushunadi. So‘ng ota-ona yig‘lamay qo‘yadi, asta-sekin avvalgi holiga kelib xursand bo‘la boshlashadi, bola buni ko‘rib juda salbiy xulosaga keladi. Endi ota-onasi ham buni tashlab aka-opasini ortidan ketadi, degan fikrga keladi. Bu fikridan qo‘rqib ketib gapirmay qo‘yadi, psixologik muammolarga duch keladi.

Kitobni o‘qib bola akasi va opasiga aslida nima bo‘lganini tushunadi. Bu haqda ota-onasi bilan gaplasha oladi. Savollariga javob oladi. O‘zi tirik, ota-onasi uning yonida, uni tashlab ketishmasligini anglaydi. Hayot davom etayotganini his qila oladi. Bu haqda psixolog bilan gaplashadi.

Bunday kitoblar ko‘p sotilmaydi, bunday kitoblar ko‘p mukofotlar olgani bilan muallifni taniqli yoki boy qilmaydi. Bunday kitoblar bilan maktab yoki bog‘chalarga borib bolalarga taqdimot qilib ham bo‘lmaydi. Bunday kitoblar kitob do‘konlari yoki kutubxonalarda ko‘rinmas joylarda saqlanadi. Lekin ular juda kerak!

Bolalar yozuvchisi Dinara Mo‘minovaning Facebook sahifasidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring