Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Siz bu muzeyga borganmisiz?(foto)

Siz bu muzeyga borganmisiz?(foto)

Foto: Xabar.uz

«Xabar.uz» Toshkent muzeylari faoliyati, eksponatlari haqida foto va maqolalar berib borishni davom ettiradi. «Muzeyga boramiz» loyihamizning navbatdagi sayohati O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida bo‘lib o‘tadi.

Amaliy san’at muzeyi tarixi 1927 yilga borib taqaladi. Aynan shu yildan O‘zbekiston ustalarining ijodiy ishlari ko‘rgazmasi o‘tkazilgan va bu doimiyga aylantirilgan. Namoyishga qo‘yilgan eksponatlar soni yildan-yilga ortib borgach, 1997 yilga kelib doimiy ko‘rgazma Madaniyat vazirligi tasarrufiga o‘tkazilib, Amaliy san’at muzeyi maqomiga ega bo‘lgan. Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi qarori bilan muzey negizida O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi tashkil etildi.

Muzey markaziy zali. Foto: Xabar.uz

Manzil: Toshkent shahri, Rakatboshi ko‘chasi 15 uy.

Kirish pulli: 25 ming so‘m; o‘quvchi, talaba va nafaqa yoshidagilar uchun chegirmali narxlar belgilangan. Seshanba va juma kunlari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va ularga hamrohlik qiluvchi ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) muzeyga bepul kiritiladi.

Ekskursiya xizmati 25 ming so‘m.

Ish vaqti: 09:00 dan 18:00 gacha.

Dam olish kuni: yo‘q.

To‘liq aylanish uchun: 30 daqiqadan 2 soatgacha vaqt sarflanadi.

Qo‘l kashtachiligi namunasi. Foto: Xabar.uz

– Muzeyimizda 10 mingga yaqin xalq amaliy san’ati nodir asarlari bor. Lekin eksponatlarning hammasini bir vaqtning o‘zida ekspozitsiyada namoyish qilish imkonsiz. Hozirda mingga yaqini ko‘rgazma uchun qo‘yilgan, – deydi muzey matbuot kotibi Nodira Sobirova. – Muzey bir qavatli binoda joylashgan. Eksponatlar 13 ta zalga mavzulashtirilgan holda joylashtirilgan. To‘plangan buyumlar 20 nomdagi kolleksiyaga ajratilib, shu turlar bo‘yicha ekspozitsiyalarda namoyish qilinadi. Masalan, milliy matolar, qo‘l kashtachiligi, milliy liboslar, milliy cholg‘u asboblari, kulolchilik, chinnisozlik, zardo‘zlik buyumlari, yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshlik, misgarlik va pichoqlar kabi ekspozitsiyalarimiz bor.

Ayollar milliy libosi. Foto: Xabar.uz

– Muzey eksponatlarining eng qadimiysi qaysi asrlarga borib taqaladi?

 – Muzey xazinasida XIX asrning birinchi yarmidan hozirgi kungacha bo‘lgan davrni qamrab olgan amaliy san’at durdonalari yig‘ilgan. Muzeyimizda o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar vaqtida usta hunarmandlar o‘zlarining asarlaridan, shaxsiy kolleksiyalaridan hunarmandchilik buyumlarini sovg‘a qilishadi. Shu asosda ham zaxiramiz boyib bormoqda.

Milliy do‘ppilar. Foto: Xabar.uz

– Qaysi kolleksiyalarga qiziqish katta?

– Turistlarni ko‘proq yog‘och o‘ymakorligi namunalari, naqqoshlik qiziqtiradi. Ayollarni milliy liboslarimiz, taqinchoqlar, kashtachilik va zardo‘zlik ekspozitsiyalari o‘ziga tortadi. Bolalarni esa sopoldan yasalgan o‘yinchoqlar, pichoqlar qiziqtirib qo‘yadi. Aslida qo‘l mehnati bilan qilingan har bir buyumning qiymati yuqori. Naqshlarda, tanlangan ranglarda ustaning kayfiyati, mahoratini ko‘rish mumkin.

Chingiz Axmarovning «Yetti go‘zal» bezakli laganlar to‘plamidan. Foto: Xabar.uz

 – Navro‘z bayrami yaqinlashmoqda. Muzey milliy an’analarimiz targ‘ibotchisi sifatida bayramga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

– Navro‘z bayramiga har yili alohida dastur ishlab chiqilishi odatga aylangan. Bu yil 19 martda muzey hovlisida sumalak tayyorlanadi. Sumalak pishirish jarayoni, milliy an’analarimiz guvohi bo‘lishni xohlovchilar uchun muzey eshiklari ochiq. 20 mart kuni esa, muzeyda «Xush kelding, Navro‘z!» deb nomlangan konsert dasturi o‘tkaziladi. Konsertda estrada va folklor-etnografik ansambllarning chiqishlaridan bahramand bo‘lib, birga raqsga tushishingiz, sumalakdan tatib ko‘rib, muzey bo‘ylab sayohat qilishingiz mumkin. Navro‘z arafasidagi bayram dasturlari mamlakatimiz aholisi uchun bepul. Barcha yurtdoshlarimizni bayramda kutib qolamiz.

O‘zbek milliy buyumlari to‘plami. Foto: Xabar.uz
Milliy liboslar. Foto: Xabar.uz
Milliy so‘zanalar. Foto: Xabar.uz
Yog‘och o‘ymakorligi namunasi. Eshik.
Yog‘och o‘ymakorligi. Stul va ustunlar. 
Muzey hovlisi va 1880 yillarda ekilgan eman daraxti. Foto: Xabar.uz

Dilroz Abrayeva

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring