Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Seriallar falsafasi: quruq tomosha yoki kuchli mafkuraviy qurol

Seriallar falsafasi: quruq tomosha yoki kuchli mafkuraviy qurol

Bugungi kunda biror yirik telekanal yo‘qki, seriallar namoyish qilmasa. Nafsilambrini aytganda tomoshabinni televizorga bog‘lab turgan so‘nggi jiddiy rishtalardan biri ham shu seriallar bo‘lib turibdi. Bir-biriga bog‘lanib borish orqali o‘ziga jalb qiluvchi bunday telemahsulotlarga shunchaki tomosha sifatida qarash to‘g‘ri emas.

Kinosanoat kuchli mafkuraviy qurol ekanligi allaqachon anglab yetilgan va har bir tuzum o‘z qarashlaridan kelib chiqib undan foydalanadi. O‘z vaqtida Rossiyada inqilob uyushtirgan Vladimir Lenin «San’atlar ichida eng muhimi kinodir» deganda bu sanoatni ulug‘lashni maqsad qilmagan, aksincha, uning kuchidan foydalanib o‘z g‘oyalarini kengroq yoyishni rejalashtirgan.

Dunyoning eng yirik kinoindustriyasini o‘zida jamlagan AQSh ham davomli filmlar orqali qator g‘oyalarni singdirib borgan va bormoqda. Masalan deyarli yarim asrdan buyon «Yulduzlar jangi» kinoasari Amerikaning har jabhada qudratini namoyish etishga xizmat qiladi. Shuningdek, Gollivud ishlagan bir necha qismli filmlarning aksariyatida AQSh dunyoni muammodan qutqaruvchi sifatida tasvirlanadi.

Sobiq ittifoq

O‘z davrida dunyoning eng yirik davlati bo‘lgan SSSR ham tomoshabinni seriallar orqali «tarbiyalash»ga katta ahamiyat qaratgan. Birgina misol – «Bahorning 17 lahzasi” (tomoshabin bu serialni «Shtirlits» deb nomlashga odatlangan) ko‘p qismli badiiy film SSSRning juda qudratli va aqlli razvedka tizimini yo‘lga qo‘ygani, dunyoning manaman degan davlatlari ham bu borada sovetlar oldida ip esha olmasligini ko‘rsatishga uringan hamda buning uddasidan chiqqan ham. Aslida bunday bo‘lmasada, tomoshabin qattiq ishontirilgan.

Deyarli har yili namoyish etiladigan bu serialni tomosha qilgan bir necha avlodga kinoasar orqali vatanga sadoqat, har qanday buyruqni bajarish va harbiy sohaga muqadas deya qarash g‘oyalari singdirilgan.

Sovet O‘zbekistoni

«O‘zbekfilm» ham umumittifoq belgilab bergan qoliplardan chiqib keta olmagan va hatto ko‘p jihatdan boshqa respublikalarga «o‘rnak» ham bo‘la olgan. Aslida ozodlikka intilgan insonlarni bosmachiga chiqarish, ularning erkka qaratilgan harakatini buzg‘unchilik deya baholash, xalqni shunga to‘la-to‘kis ishontirib qo‘yishda kinochilarimiz o‘rni beqiyos.

Sovet O‘zbekistonining milliy-mafkuraviy seriallariga «Olovli yo‘llar» (tomoshabin «Hamza» deya atardi) yaqqol misol bo‘la oladi. Boshdan-oxir sotsializm g‘oyalariga yo‘g‘rilgan, milliy-diniy odatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tosh otilgan va asl qahramonni dushmanga, dushmanni esa qahramonga aylantirib yuborgan bu kinoasar yillardirki qayta-qayta namoyish etilgan hamda sog‘inib ko‘rilgan.

Eng qizig‘i – «O‘zbekfilm»ning bunday mahsulotlari badiiy film nomi bilan berilsada, tomoshabin asl tarix aynan shunday bo‘lganiga to‘liq ishongan va shundan kelib chiqib fikrlagan.

Yangi asr

Yigirma birinchi asrga kelib tomoshabinning fikrlashi doirasi, axborot olish imkoniyatlari kengaydi. Tomoshabin endi g‘oyalarga oldingidek ergashmasada, qahramonlar hayoti bilan yashay boshladi. Oldin asosan propagandaga xizmat qilgan seriallar industriyasi endi katta biznes manbasiga aylandi va yirik telekanallar bilan shartnomalar va reklamalar ortidan juda katta pul ishlay boshladi.

Bu jarayonda uloqni dastlab Lotin Amerikasi davlatlari olib ketishdi. Ammo so‘nggi yillarda birinchilik Turkiya tarafiga o‘ta boshladi.

Marianna va Mariya

Seriallar shunchaki efirga uzatilmasligiga misob Meksika kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Boylar ham yig‘laydi» seriali hisoblanadi. Aynan ittifoq tarqalgan kunlari, bo‘shagan peshtaxtalar, ochlik va kambag‘allik hukm surgan onlarda – 1991 yilning 28 noyabridan boshlab markaziy telekanal orqali «Boylar ham yig‘laydi» namoyishi boshlandi. Shunchaki nomining o‘zidan boylik baxt keltirmasligini targ‘ib qiladigan, bir seriyasi bor yo‘g‘i 23 minut davom etadigan bu serial o‘z vazifasini a’lo darajada uddaladi – muammolardan to‘yib ketgan xalqni boplab aldab turdi.

«Boylar ham yig‘laydi» tugar-tugamas 1993 yilning 9 martidan boshlab «Oddiy Mariya» seriali boshlandi. Uning g‘oyasini ham tasodif deb bo‘lmasdi – oddiy qishloqning oddiy qizi katta shaharga keladi va tadbirkorlik ortidan boyib ketadi.

Bu vaqtga kelib ham Rossiya hali-hanuz korrupsiya, reket, ishsizlik, dahshatli inflyasiya kabi jiddiy muammolar girdobidan chiqib keta olmagan edi. Shunga qaramay Mariya obrazini gavdalantirgan Viktoriya Ruffo Moskvaga kelganida u mashinada o‘tgan ko‘chaning ikki tarafi aktrisani olqishlayotgan tomoshabinlar bilan to‘lib ketgandi. Odamlar, ayniqsa himoyaga eng muhtoj qatlam bo‘lgan pensionerlar ko‘zlari yonganicha «Mariya, Mariya» deb qichqirishgan.

Bugun uloq Turkiyada

Turkiya serial sanoatini hammamiz bilgan «Muhtasham yuz yil» orqali tahlil qilishimizni anglab turibsiz. Bu serial nafaqat katta pulga va juda ko‘p telekanallarga sotildi, balki Turkiya turizm industriyasini ham yangi bosqichga olib chiqdi. Bu davlatga keluvchi sayyohlar soni karrasiga oshib ketdi, oldin turistlar shunchaki hordiq chiqarish uchun kelishgan bo‘lsa, endi ularni sobiq imperiya tarixi ham qiziqtira boshladi.

Har qanday qiziqish monetizatsiya qilinishiga bir misol – sultonlar yashab o‘tgan To‘pqopi saroyiga kirish narxi bugungi kunda o‘rtacha 35-40 dollar. Ammo shunga qaramay hamisha turnaqator navbatlar. Bu faqat kirish narxi, ichkarida yana qo‘shimcha xizmatlar, alohida bo‘lmalarga kirishlar uchun haq undiriladi.

Qizig‘i, mazkur serialda Sulton Sulaymon asosiy vaqtini haramda, xotinlari atrofida o‘tkazgandek, muntazam poytaxt Istanbulda o‘tkazgandek tasvirlangan. Aslida Sulaymon Qonuniyning asosiy umri yurishlarda o‘tgan va doimo imperiya sarhadlarini kengaytirish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Serialdagi talqindan hatto Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on ham norozi bo‘lgan. «Sizlar umri egar ustida o‘tgan sultonni saroyga qamab tasvirladingiz va katta xatoga yo‘l qo‘ydingiz» deya e’tiroz bildirgan kinochilarga. Ammo tanqidlarga qaramay «Muhtasham yuz yil» juda ko‘p telekanallar orqali qayta-qayta namoyish qilindi va qilinmoqda.

Bundan tashqari «Chuqur» serialidagi mahalla bugun sayyohlar kezadigan sevimli maskanlardan biriga aylangan.

Ayni paytdagi seriallar

Bugungi seriallarda mafkuraviy jihat nisbatan kamaygan. Ular orqali oldingidek biror davlat manfaatlari ham targ‘ib qilinmaydi. Lekin shunga qaramay seriallar oddiy tomoshaga aylangan, desak adashamiz. Mavzu jihatdan asosan kundalik maishiy muammolarga o‘ralashib borayotgan seriallar deyarli har daqiqasida reklama elementlarini jo qiladi. Kiyilgan kiyimlar, ishlatilgan buyumlar, minilgan mashinalaru, yeyilgan taomlarga qadar yashirin yoki ochiq reklama ilgari suriladi va buning ortidan mo‘maygina pul topiladi.

Daromadning yana bir salmoqli qismi – havaskorlarga rol sotish. Yuzlab seriyadan iborat kinomahsulotda har qanday qobiliyatli yoki mutlaq qobiliyatsiz ishtirokchi uchun ham joy topish mumkin. Qonuniyligi shubha ostida bo‘lgan bu jihat ham yaxshigina mablag‘ keltiradi.

Yangi seriallar faqat maishiy mavzular bilan cheklangan va yagona maqsadi efirni to‘ldirish, deyish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ayrim g‘arb seriallarida sharq turmush tarziga mos kelmaydigan kattalarga hurmatsizlik, fahsh targ‘iboti, Islom dini qattiq qoralaydigan bir jinslilar muhabbati kabi elementlar ustalik bilan singdirib yuboriladi. Bu jihatlar esa tomoshabinni doim hushyorlikka undashi lozim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring