O‘zbek kinosi qaytdi: «Bahorni quvib»
Bilmadim, o‘zbek kinosi mudrab yotganmidi yoki sukut saqlayotganmidi, mening nazarimda, shu film bilan u qaytdi.
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida «Bahorni quvib» badiiy filmining maxsus namoyish bo‘lib o‘tdi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, kinoshunos mutaxassislar, ijodkorlar qatnashdi.
Ssenariy muallifi: O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam, rejissyor: bir necha xalqaro mukofotlar sovrindori Ayub Shahobiddinov. «Bahorni quvib» ularning hamkorlikdagi birinchi filmi emas. O‘z vaqtida «Parizod» suratga olinib, «gran-pri»ni qo‘lga kiritgan edi. «Bahorni quvib» ham, shubhasiz, xalqaro kinoanjumanlarda nominatsiya bo‘lishga munosib!
Film nima haqida? Erkin A’zam aytganiday, armon haqida, bir ayolning armonlari haqida!
Otashin qalblarning munosabati, ular muhabbatining zavolga tutishi...
Eh, – deyman ich-ichimdan, – ikki yosh sevishsa, albatta, uchinchi odam paydo bo‘ladi va u, albatta, dushmanlik qiladi-ya! Huv Tohir-Zuhra zamonidan beri shunday! Hayot qonuniga aylangan...
Rohat bilan Qudrat bir maktabda ishlaydi. Ikki o‘rtada sevgi kurtak otadi. Hech gapdan gap «partkom» suqilib kiradi (shundaylarni otib tashlasang-da). U bu yosh o‘qituvchilarning munosabatini majlis kun tartibiga olib chiqadi. Keyin esa Rohat Shukurovani «statya» bilan ishdan haydashni talab qilib turib oladi.
Odam, odamgina-ya! Mehribonlik uyida o‘sgan bir navnihol qizga mehr berish o‘rniga toshbag‘irlik qilding-a!
Eng achinarlisi, majlisda Qudrat nima qilishni bilmaydi. Chunki u (armiyada bo‘lganida) ammasining qiziga unashtirilgan. Ammo shunday bo‘lsayam ikki og‘iz zo‘r gap aytadi!.. Boshqalar jim, g‘ala-g‘ovur ko‘tariladi, xolos. Qaytaga boshqa millat vakilasi Shevchenko xonim irg‘ib turib, partkomga norozilik bildiradi. Rus tilida! Emin-erkin gapiriladigan zabonda! Tushunyapsizmi? U yoshlarning tarafini olib, «bular do‘st-ku», deydi. «Yo‘q, – deydi partkom Marks, – bular sevishganlar». Shevchenko ajablanadi. «Sevishganlar bo‘lsa, nima qilibdi? Sevishish mumkin emasmi?» – deydi. Rostdan ham nima qilibdi shunga? Yo‘q, toki «Marks»lar bor ekan, navnihollar zavol topaveradi. «Rohatoy Shukurovani badarg‘a qilish kerak», – deydi u vishillab. Odam odamni bunchalar ezmasa-ya!..
Rohatoy ketadi, uzoqqa ketadi. Bitta kasofat odamni deb butun umr turmush qurmay o‘tadi. Mehnat daftarchasiga yozilgan «statya» tufayli hech qayerga ishga ham kirolmaydi. Keyinchalik go‘zallik saloni ochadi.
Oradan o‘ttiz yil o‘tib qishloqqa qaytadi. Butunlay emas, shunchaki qo‘msab, sog‘inib... Qudratning qabrini ziyorat qiladi.
«Shuncha yildan keyin bo‘lsayam keldim. Kechiring», – deydi u. Ra’no Shodiyeva talqinidagi qahramonning gaplaridan yig‘lavoray deysan!
Qishloq erkaklariga muhokama-g‘iybatga gap topiladi: «Bir xotinki, rosa ketvorgan!» Falon, pismadon... Ichkilikka berilib, naq «bomj»ga aylangan Marks Rohatoy haqida eshitib, uni topishga oshiqadi. Rohatoy har qancha qochmasin, Marks ta’qibni kuchaytiradi. Keyin esa, qishloqda uydirma tarqatadi. Va... hammasining sababi film adog‘ida ayon bo‘ladi. Ko‘prikdan qulab tushgan palid poyloqchi o‘zini-o‘zi fosh qiladi.
Rohatoy uyiga qaytib ketadi.
Xayriyatki, ustoz Erkin A’zamday yozuvchi bor, – deyman o‘zimga-o‘zim, – Ayub Shahobiddinovdek rejissyor bor. Ularning ijodi tufayli botiningdagi kemtiklik to‘ldiriladi go‘yo!
Qani edi hamma ko‘rsa! Naqadar ajoyib film-a!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter