Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jamshid Niyozov

Olov yonmagan joydan tutun chiqmaydi.

Hamma do‘konda sotilsa, bu yerda tekinga tarqatiladi. Rishtondagi savobli ishga hissa qo‘shaylik

Hamma do‘konda sotilsa, bu yerda tekinga tarqatiladi. Rishtondagi savobli ishga hissa qo‘shaylik

Foto: «Facebook»

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi dehqon bozorida respublikamizning boshqa hududlarida uchramaydigan kitob rastasi bor. Boshqa rastalarda kitoblar sotilsa, bu yerda tekinga olasiz. Faqat qaytarish sharti bilan. Shu bois mazkur rasta hamisha odamlar bilan gavjum.

Faoliyat boshlaganiga ikki oyning nari-berisi bo‘lgan esa-da, bu tashabbus ko‘pchilikning tiliga tushib ulgurdi. Bu haqda bir qancha nashrlarda yozildi, TVda ko‘rsatuv, lavhalar efirga uzatildi. Bugun «Xalq kutubxonasi» deya ta’riflanayotgan jajji ma’rifat maskanining tashabbuskori mahalliy tadbirkor — 34 yoshli Dilshodjon Boltaboyevdir.

Ayni paytda rishtonlik kitobsevarlarning joniga ora kirayotgan bu maskanning dunyoga kelishida yurtimizning turli go‘shalarida yashayotgan o‘zbekistonliklarning hissasi bor. Chunki kitob javonini to‘ldirib turgan o‘zbek va rus tillaridagi yangiyu eski kitoblar xayriya yo‘li bilan yig‘ilgan. Butun O‘zbekiston bo‘ylab odamlar pochta yoki taksi haydovchilari orqali Rishtonga kitob yuborishni boshlashgan. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda pechkachi Dima Qayum tahallusi bilan tanilgan Dilshod Boltaboyev shunday hikoya qiladi:

— O‘zim ziyoli oiladan bo‘lganim uchun kitobga muhabbatim kuchli. Prezidentimizning kitob mutolaasiga bo‘lgan katta e’tibori esa meni yanada ilhomlantirdi. Ya’ni menda odamlarga mutolaa uchun bepul tarqatiladigan kutubxona ochish istagi tug‘ildi. Men tadbirkorlik orqasidan 2 million so‘m yig‘dim va bu pulga kutubxona uchun mahalliy ustalarga maxsus bir kitob javoni yasattirdim. Bu haqida Feysbukda ma’lum qilganimda, hamyurtlarim meni qo‘llab-quvvatlashdi. Butun respublika bo‘ylab, hatto qo‘shni Qirg‘izistondan ham kitoblar yuborishdi. Ma’rifatparvar yurtdoshlarimizga katta rahmat! Qo‘llab-quvvatlayotgan bozor ma’muriyati rahbari Islom akaga ham tashakkur!

Quvonarlisi, sanoqli haftalar ichida bozordagi ochiq kutubxonachaga oid xabar butun Rishton bo‘ylab tarqalib ketdi. Hatto, D.Boltaboyevdan kitob olib o‘qish uchun odamlar qo‘shni viloyatlardan ham kelishayotgan ekan.

Keling, bu xayrli ishning boshida turgan yurtdoshimiz batafsilroq ma’lumot bersak. Dilshod Boltaboyev Rishton dehqon bozorida qish kunlarida pechka, truba, yoz kunlarida esa, banka sotadi. Bu o‘spirinligidan beri qilib keladigan mashg‘uloti. O‘zi oliy ma’lumot ololmagan. Biroq farzandlari, rishtonlik bolalarning Vatan koriga o‘zidan ko‘proq nafi tegadigan insonlar bo‘lib yetishishini xohlaydi. Buning uchun esa, ularga eng avvalo, kitobga, mutolaaga mehr uyg‘otish zarur deb hisoblaydi.

Tadbirkorning aytishicha, hamma uchun ochiq bo‘lgan bir kutubxona ochishni bolalikdan orzu qilgan. O‘zining shaxsiy mablag‘lari va saxovatpesha insonlarning ko‘magi bilan orzusi bepul kitob rastasi ko‘rinishida qisman amalga oshdi ham. Biroq hozirga kelib kitoblar ancha ko‘payib qolib, rastaga sig‘mayotgan ekan. Bu esa Dilshodbek orzusini to‘laqonli amalga oshirishga, ya’ni kitob rastasini kutubxonaga aylantirishga undamoqda:

Hozirgi kunga kelib turli mavzudagi kitoblar soni 1000 taga yetdi. Rishton ahli bu yerdagi adabiyotlarni qo‘lma-qo‘l qilib o‘qishmoqda. O‘zimizning bolalarimiz, farzandlarimiz, mahalla, tuman ahli kelib, shu yerdan kitob olib, foydalanayapti. Hozir, misol, kutubxona, deb, axtarib yurmaysiz. «Bozordayam kutubxona bo‘larkanmi, bu yerga kitob o‘qishga kelmaydi-ku odam», deganlar ham bo‘ldi. Bunga ham o‘z mantig‘im bor. Rishtonda bozordan ko‘ra ko‘p odam to‘planadigan joy yo‘q. Hamma keladi. Bozorga xarajat qilgani kelib ham, shu kitobni olib ketayapti. Boshqa bir chekkada qurilgan kutubxonalarga esa borishmaydi deb qo‘rqaman.

Kitoblar soni oshgani uchun joy torlik qilyapti. Joyni kengaytirishni niyat qilib yurgandim. Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev bu fikrimni qo‘llab-quvvatladi va rejamning amaliy jihatiga katta yordam berdi. Uning tavsiyasi va qo‘llovi bilan kuni kecha tumanimiz hokimi G‘ayrat aka Mamadaliyev bilan qabulida bo‘ldim. Hokim bu tashabbusni ma’qullab, yordam berishini aytdi. Savdo nuqtam yaqiniga kattaroq maxsus joy qurilishi boshlandi.

Tadbirkorning aytishicha, o‘zi «Roshidoniy xalq kutubxonasi» nomlagan kutubxona 12 m2 maydonda plastik materiallardan quriladi. Qurilish uchun Dilshodbek 3 million so‘m ajratgan. Biroq bu rejasining amalga oshishi uchun yetarli emas. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, inshoot to‘liq bitishiga taxminan 15-20 million so‘m ketadi.

— Qiynalib katta bo‘ldik. Oliy ma’lumot bo‘lish nasib etmadi. Tirikchilik tashvishidan ortmadik. Bugun o‘qiyolmaganimdan afsuslanaman. Gohida alamim keladi. Odamlar, yoshlar menga o‘xshab afsuslanishmasin, degan maqsadda mana shu xayrli ishga qo‘l urdik. Bolaligimda bunaqa imkoniyatni hech kim bermagan. Qishloq joyda odamlarning kitob sotib olib o‘qishi qiyin. Ro‘zg‘orini tebratishga, qora qozonini qaynatishga amal-taqal qilib pul topib, kun ko‘rib yurganlar qancha. Boshimdan o‘tgani uchun bilaman. Bunday oilalarda o‘sayotgan bolalar o‘ksimasligi kerak. Kitob olishga puli bo‘lmagani uchun ma’rifatsiz qolmasligi kerak. Balki shularning orasidan yurt qaddini ko‘taradiganlar, Vatanga sidqidildan xizmat qiladiganlar yetishib chiqar. O‘qishsin, ilmli bo‘lishsin! Shu qishlog‘imizdan yaxshi, o‘qimishli insonlar chiqishsa, xursand bo‘laman. Bizning O‘zbekistondan ham «Apple»ning xo‘jayinidek biznesmenlar, katta-katta firma rahbarlari chiqsin, dunyo yuzini ko‘rsin!

Hamyurtlarimizning daldasi va ko‘magi bilan bu ishga qo‘l urgan Dilshod Boltaboyev yana saxovatpesha yurtdoshlarimizning yordamiga muhtoj. Bu kutubxonani bir o‘zi qurolmasligi kunday ravshan gap. Shu bois u yordam so‘rab, «Xabar.uz»ga murojaat qildi. Biz esa aziz o‘quvchilarimizga yuzlanamiz: 2 ming kishi 10 ming so‘mdan yordam qilgan taqdirda, 20 mln. so‘m yig‘ilarkan. Keling, shu xayrli ishga hammamiz hissa qo‘shaylik. Ajab emas, ushbu loyiha O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham ommalashsa, bu ishga mahalliy davlat hokimiyati organlari ham bosh qo‘shsa, homiylar jalb etilsa... Havoyi orzu-istaklarimizga ham bundan ortig‘ini sarflab yotibmiz.

Aslini olganda, Dilshod Boltaboyev qo‘l urgan ishni amalga oshirishda Sizu bizning imkoniyatimiz ko‘proq, qo‘limiz uzunroq. Ammo taqdirni qarangki, Yaratgan bu ishni bozorda savdo qiluvchi oddiygina tijoratchi yigitning ko‘ngliga joylabdi. Sizu bizga esa bu ajrli ishga hissa qo‘shish imkonini taqdim etmoqda. Fursatni qo‘ldan bermaylik, azizlar, barchangizni ushbu xayriya aksiyasida faol ishtirok etishga chaqiramiz.

«Roshidoniy xalq kutubxonasi» qurilishi uchun xayriya aksiyasi:

Plastik karta raqami: 8600 0423 9788 7851

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring