Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent va viloyatlarda kimlarda koronavirus aniqlandi? SSV ma’lumot berdi

Toshkent va viloyatlarda kimlarda koronavirus aniqlandi? SSV ma’lumot berdi

Hamon aniq davo chorasi topilmagan koronavirus pandemiyasi dunyoni xavotirda ushlab turibdi. Ko‘plab davlatlar qatori yurtimizda ham koronavirus infeksiyasiga qarshi samarali olib borilayotgan chora-tadbirlar o‘z natijasini berib, karantin tadbirlari asta-sekin yumshatilayotgan bo‘lsa-da, karantin qoidalariga qat’iy amal qilish dolzarb bo‘lib turibdi. Negaki, mamlakatimizning turli hududlarida aholi orasida koronavirus qayd etilish holatlari uchrab turibdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Misol uchun, avval xabar qilganimizdek, 4 iyun kuni davomida koronavirus aniqlangan 96 nafar bemordan 13 nafari aholi orasida aniqlangan. 5 iyun kuni esa, umumiy kasallanish ko‘satkichi kamayib, 68 nafarni tashkil etgan bo‘lsa-da, ulardan 17 nafari aholi orasidan aniqlangan.

Shundan 9 nafari Toshkent shahridan, 4 nafari Qashqadaryo viloyatidan, 2 nafari Toshkent viloyatidan, Namangan va Buxoro viloyatlaridan 1 nafardan.

Jumladan, Toshkent shahridagi Olmazor tumanida nafaqadagi fuqaroda, Uchtepa tumanidagi «O‘rikzor» savdo majmuasida yana bir do‘kon sotuvchisi va uning 5 nafar oila a’zosi (onasi, ikki nafar qizi, o‘g‘li va jiyani)da koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.

Aynan «O‘rikzor» savdo majmuasida o‘tgan may oyi davomida yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan, so‘ngra doimiy yashash manzili Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumaniga qaytgan fuqaro va uning 3 nafar oila a’zosi (2 nafar akasi va qizi)da ham ushbu kasallik aniqlandi.

Toshkent viloyati infeksiya aniqlangan fuqarolarning 1 nafari Oqqo‘rg‘on tumanidan bo‘lib, harorati ko‘tarilgan va namuna topshirgan. Yana bir holat esa Qibray tumanida yashovchi fuqaroda qayd etilgan. U Yunusobod bozorida ziravorlar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan.

Bundan tashqari, Namangan viloyati Ichki ishlar hamda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yo‘l qurilish idorasi xodimi (tana harorati ko‘tarilgan va shifokor maslahati asosida tahlil topshirgan)da ham koronavirus tasdiqlangan.

Bugun ayni paytgacha Toshkent shahrida aholi orasida yana 3 nafar fuqaroda koronavirus aniqlangan bo‘lib, jumladan, Shayxontohur tumanidagi «Mediapark» savdo majmuasining yana 2 nafar xodimida ham koronavirus qayd etilgan. Yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Tahlillardan oydinlashadiki, nafaqat «qizil» va «sariq» hududlar, balki «yashil» hududlarda ham koronavirus yuqtirib olish xavfi mavjud.

Bu barchamizni xushyor torttirishi, karantin qoidalariga qat’iy rioya etishimiz zarurligini ko‘rsatadi. Negaki, ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, umuman kutilmagan joyda, kutilmagan vaqtda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish mumkin.

Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan karantin va sanitariya qoidalariga so‘zsiz rioya etishni, kasallik alomati sezilgan zahoti shifokorga murojaat etishni hamda ko‘chada, ishxonada, safarda va umuman qayerda bo‘lishingizdan qat’iy nazar, bir lahza bo‘lsa-da, xushyorlikni yo‘qotmaslikni takror-takror so‘rab qoladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring