Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘rikzor» bozori sotuvchisining o‘g‘li va qizida ham koronavirus aniqlandi

«O‘rikzor» bozori sotuvchisining o‘g‘li va qizida ham koronavirus aniqlandi

Foto: Xabar.uz

So‘nggi kunlarda Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari qatori Toshkent shahridan ham aholi orasida koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni kun sayin oshib bormoqda. Kasallanish ko‘rsatkichlari shu tempda o‘sib borsa epidemiya avj olish xavfi yanada kuchayadi. Bu esa aholidan yanada hushyor bo‘lib, o‘zi va yaqinlari salomatligiga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishlarini talab etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, bugun, hozirga qadar poytaxtimizda koronavirus infeksiyasi aniqlangan 11 nafar fuqaroning barchasi aholi orasidan kasallikni yuqtirib olgan.

Misol uchun, bir necha kun oldin  «O‘rikzor» savdo majmuasi sotuvchisi koronavirusga chalingani haqida xabar bergan edik. Endilikda uning o‘g‘li va qizida ham koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Ayni vaziyatdan ma’lum bo‘ladiki, har bir fuqaro, avvalo, karantin qoidalariga qat’iy rioya etishlari lozim. Zarurat yuzasidan ko‘chaga chiqib, uyga kelganingizda ham qo‘lingizni sovunlab, qayta-qayta yuving. Qo‘l berib salomlashish, quchoq ochib ko‘rishishdan tiyilish lozim. Eng muhimi, ijtimoiy masofani saqlang, jamoat va odamlar to‘plangan joylardan uzoqroq yuring, doimo tibbiy niqob taqib yurishni unutmang. Aks holda nafaqat o‘zingiz, balki oila a’zolaringiz, yaqinlaringiz sog‘ligini ham jiddiy xavf ostida qoldirishingiz mumkin.

Shu kunlarda mamlakatimiz shifokorlari 726 nafar koronavirusga chalingan bemorlar hayoti uchun tunu kun kurashmoqdalar. Afsuski, bemorlarning 7 nafari og‘ir, 1 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring