Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Hech qanday shartlarsiz» – AQSh koronavirusga qarshi yana 500 million doza vaksina xayriya qilmoqda

«Hech qanday shartlarsiz» – AQSh koronavirusga qarshi yana 500 million doza vaksina xayriya qilmoqda

Jo Bayden joriy yil iyun oyida dunyo mamlakatlariga vaksina xayriya qilish rejasini e’lon qildi.

Foto:«Getty Images»

AQSh 100 ga yaqin kam daromadli mamlakatlarga Pfizer vaksinasining 500 million dozasini yetkazib berishni boshlamoqda. Bu haqda prezident Jo Bayden ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlarga hozirga qadar pandemiyaga qarshi kurash doirasida 65 mamlakatga 110 million dozadan ko‘proq emdorilarni yetkazib bergan. Bu esa xayriya ko‘magi bo‘yicha dunyodagi eng katta ko‘rsatkichdir. 

«Prezidentlik faoliyatimning ilk kunlaridanoq koronavirusga qarshi milliy miqyosda kurashish bilan murod hosil bo‘lmasligini teran angladim. Negaki, virus chegara bilmaydi, uni to‘xtatib qolish uchun baland devorlar tiklash ham befoyda», – deydi Oq uy rahbari.

Jo Baydenga ko‘ra, millionlab doza vaksina ehtiyojmand davlatlarga hech qanday shartlarsiz, insoniylik nuqtai nazaridan taqdim etilmoqda. 

«Bu o‘rinda bizning qadriyatlarimiz haqida gap ketmoqda. Amerikaliklar og‘ir pallalarda yordam qo‘lini cho‘zishga odatlangan. Biz insonlar hayotini saqlab qolish va pandemiyaga barham berish uchun beminnat ko‘makka shaymiz», – deydi u.

Jo Bayden joriy yil iyun oyida kam daromadli mamlakatlarga kovidga qarshi emdorilarni xayriya qilish rejasini e’lon qilgan edi. Ushbu rejaga ko‘ra, yarim milliard dozaning 200 millioni joriy yil yakuniga qadar, qolgan 300 millioni esa 2022 yilning birinchi yarmida to‘liq yetkaziladi.

Qo‘shma Shtatlar emdorilarni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX (COVID-19 vaksinasidan dunyo miqyosida teng foydalanishga qaratilgan xalqaro tashabbus) dasturi doirasida tarqatmoqda. Bundan tashqari, rasmiy Vashington mazkur dasturga 2 milliard dollar miqdorida ko‘mak ajratgan.

AQSh O‘zbekistonga ham COVAX dasturi doirasida 3 million 60 doza «Moderna» vaksinasini beg‘araz ko‘mak tariqasida taqdim etdi. Pandemiya davrida muhim ahamiyat kasb etgan vaksinalar joriy yil 29 iyul kuni Alabama shtatidan Toshkentga keltirildi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev va AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum «Moderna» vaksinasini topshirish marosimida. Foto: AQSh elchixonasi

Ma’lumotlarga qaraganda, AQSh koronavirus pandemiyasi boshlangan 2020 yil mart oyidan buyon COVID-19 ofatiga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekistonga qariyb 14 million dollar miqdorida ko‘mak ko‘rsatgan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring