Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Virusning kuchi kamaydi deyish to‘g‘ri emas» — koronavirusga qarshi kurashgan shifokor bilan suhbat

«Virusning kuchi kamaydi deyish to‘g‘ri emas» — koronavirusga qarshi kurashgan shifokor bilan suhbat

Toshkent tibbiyot akademiyasining Anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi mudiri Ne’matjon Ibragimov.

Foto: «Xabar.uz»

Yil boshida Xitoyning Uxan shahridan butun dunyoga yopirilgan ofat uch oy o‘tar-o‘tmas bizning diyorimizga ham kirib keldi.

Toshkent tibbiyot akademiyasining Anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi mudiri Ne’matjon Ibragimov bilan bo‘lgan suhbatimiz koronavirus mavzusida.

 — O‘zbekistonga koronavirus pandemiyasi endi kirib kelganida vaziyat qanday edi-yu, endi qanaqa?

— Ochig‘i, bu hujumga bizda allaqachon tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgandi. Hali vaziyatni to‘liq anglamaganimiz uchun turli tibbiy adabiyotlarni o‘rganib, uni grippning bir turidek (parranda, cho‘chqa gripplardek) qabul qilayotgandik. Unda koronavirus hali pandemiya darajasiga yetmagandi. O‘shandayoq maxsus buyrug‘u farmonlar asosida topshiriqlar berilib, choralar ko‘rilgan va biz kasallikning bugun bo‘lmasa, ertaga kirib kelishini kutayotgandik.

O‘sha paytda eng katta yutug‘imiz vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar bo‘ldi, ya’ni karantin zonalarining tashkil etilgani. Aks holda charter yoki o‘z reysi bilan kelgan fuqarolarimiz mamlakatimiz bo‘ylab tarqab ketib, qiyin ahvolda qolardik, deb o‘ylayman. Tan olish kerak, bu hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilgan eng katta yordam bo‘ldi.

Masalan, hamma ko‘klarga ko‘taradigan Yevropa, Amerika davlatlari, Rossiyani olaylik, vaziyatni pisand qilmagani uchun ko‘p yo‘qotishlarni ko‘rdi…

To‘g‘ri, boshida hamma koronavirusni juda kuchli vahima bilan qarshi oldi. Lekin u bugunga kelib ham o‘z ta’sirini susaytirgani yo‘q. Aksincha odamlarning o‘zi moslashib, sal befarqroq munosabatda bo‘lishyapti. Shu kunlarda ikkinchi to‘lqini deymizmi yoki qolgan dumlari deymizmi, xullas, kasallanganlar soni juda tez ko‘payib boryapti. Bu karantin tadbirlarining yumshatilganini boshqacha tushunish, fuqarolarimizning o‘zini-o‘zi himoyalash va tavsiyalarga rioya etmasligi, ogohlantirishlarga qaramay katta yo kichik yig‘inlar o‘tkazishi oqibati hamdir.

Lekin hukumat tomonidan kasallikka nisbatan munosabat o‘zgargani yo‘q. Hozir ham tegishlicha mablag‘lar ajratilib, tibbiyot xodimlari xizmati, karantin zonalari saqlanib turibdi. Dori-darmonlar va uch mahal ovqati uchun ham davlat tomonidan mablag‘lar ajratilyapti.

— Karantin zonalaridagi sharoit ko‘pchilikni qiziqtiradi. Agar qarshi bo‘lmasangiz, shu haqda gaplashsak…

— Biz Toshkent tibbiyot akademiyasidagi zonaga aprel oyining boshlarida birinchilardan bo‘lib kirdik. U yerda 15 — 20 kun ishlagan bo‘lsak, tibbiyot xodimlari va bemorlarning ratsioni juda boy va kaloriyali ekaniga shaxsan guvohman. Kezi kelsa, odatiy hayotimizda ham har kuni bunday to‘laqonli ovqatlanolmaymiz. Uch mahal vitaminlarga boy taomlar bilan birga salatlar, mevalar ham stolga tortilardi. Shu o‘rinda qayta-qayta aytishdan charchamaydigan bir e’tirofim, bosh shifokorimizning xizmatdagi shifokoru hamshiralarga toza asal olib kelib tarqatib turgani bo‘ldi. Buni hech unutmayman, «Immunitetlaring kuchliroq bo‘lsin», deb shunday qilardilar. Yana yarim kechasi «Xizmatdagi hamshiralarga choy ichirib qo‘ydinglarmi», deb tez-tez xabar olardi. Bularning hammasi biz tibbiyot xodimlariga bo‘lgan munosabatning bir ko‘rinishi.

Shuningdek, u yerlarda tartib-qoidalar ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada Mudofaa vazirligining yordami juda katta.

 — Sizningcha, bizga nisbatan nega qo‘shni davlatlarda o‘lim ko‘rsatkichi yuqori?

— Hukumatimiz tomonidan berilgan topshiriq asosida o‘z tashabbusimiz bilan qo‘shni Tojikiston davlatiga ham insonparvarlik yordami, ham tajribalarimizni o‘rtoqlashish uchun 8 ta mutaxassis yubordik. Virus ayni avjiga chiqqan pallada ham ular bizda koronavirus yo‘q deb o‘ylashgan. Test o‘tkazilmagani uchun bemorlarga pnevmoniya tashxisi qo‘yilavergan. Lekin kundan-kunga o‘lim ko‘rsatkichi ortib boravergan. Yetib borgach, o‘rgangan tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashdik. Karantin zonalarini tashkil qilishda yordamlashdik. Ularning sog‘liqni saqlash mutasaddilari va xodimlarini yig‘ib, biznikilar bilan telekonferensiyalar uyushtirdik.

O‘shanda biz qo‘shni davlatlardagi holatni o‘zimizniki bilan solishtirish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Bizda ishchi guruh sutka davomida kiyimini 3 mahal almashtirar va buning uchun hamma sharoitlar yaratilgandi. Ya’ni yuqorida ta’kidlaganimdek, biz «qurollanib» kutdik bu kasallikni. Lekin u o‘ylaganimizdan ancha jiddiy dard chiqib qoldi. Shaxsan o‘zim 30 yillik faoliyatim davomida juda ko‘p kasalliklarni ko‘rganman. Lekin bunisi… Tasavvur qiling, ertalab ko‘rib chiqqan bemoring 2 soatda nafas yetishmovchiligi bilan reanimatsiyaga o‘tkaziladi-da, bir soat ichida apparatga tushib qolib, ahvoli og‘irlashadi… Jarayon juda tez kechadi… Kutilmaganda qon quyuqlashib qoladi yoki jigarda o‘zgarishlar kuzatiladi. Birdan buyrak vazifasini bajarmay qo‘yadi... Lekin ko‘proq nafas tizimida muammolar tug‘iladi. Shuning uchun boshida biroz qiynaldik. Keyin tibbiyot akademiyasi rektori hamda vazir muovini rahbarligida shtab tashkil qilib, tor doiradagi mutaxassislar bilan videokonferensiya o‘tkazadigan bo‘ldik. Chunki bitta yo‘nalishdagi mutaxassis hamma kasalliklarni bilavermaydi. Barcha kasalliklar bo‘yicha mutaxassislarni olib keladigan bo‘lsak, ularga sharoit yaratib berishda muammolar tug‘iladi. Masalan, koronavirus yuqtirgan bemorlar ichida homilador ayollar bo‘lsa, konferensiya paytida menga ginekolog maslahati kerakligini aytib, undan tegishli ko‘rsatmalar olaman.

Qo‘shni davlatlarda aynan shunday chora-tadbirlarning kechroq yo‘lga qo‘yilgani vaziyatning jiddiy tus olishiga sabab bo‘lgan deb o‘ylayman.

O‘zbekiston hukumati tomonidan Tojikistonga taqdim etilgan konteynerlarni ko‘rdim (Adashmasam, 147 ta edi). Ularning ichida yuvinish xonasi, televizori, konditsionerlari bor. Konteynerlar stadionlarga joylashtirildi, kasallar ko‘pligi uchun statsionar sifatida foydalanadigan bo‘lishdi. O‘shanda shaxsan prezident Imomali Rahmonning o‘zi tashrif buyurib, minnatdorchiligini yetkazdi. Yaqin do‘stlarimiz — tojik xalqining bizdan xursand bo‘lganini ko‘rsangiz, «Aka, siz O‘zbekistondanmi? Rahmat sizlarga, katta rahmat» deb qolishdi.

Shunday daqiqalarda kimlargadir yordamimiz tekkanidan quvonib, shifokor ekanimizdan faxrlanib ketamiz.

— Bizda tibbiyot xodimlarining karantin zonalariga majburlab jo‘natilishi holatlari ham uchradimi? Bunda ularning yoshi, salomatligi inobatga olinadimi?

— Yo‘q, bunday holatga umuman duch kelmadim. Lekin ishonch bilan aytamanki, butun dunyo boshiga kelgan bunday savdoda, o‘zini shu kasbga loyiq deb bilgan birorta tibbiyot xodimi ortga chekinmaydi. Insonlar umriga zomin bo‘layotgan pandemiya — urushning bir turidek gap. Jang paytida harbiylarning o‘zini chetga olib, bekinishini tasavvur qila olmaganimizdek, bu urushda tibbiyot xodimlari vazifalarini o‘z o‘rnida o‘tashi kerak. Boshida hayotimizni, umrimizni tibbiyotga baxshida etish yo‘lini tanladikmi, demak, shuni bo‘ynimizga olib, oxirigacha turib berishimiz shart.

Qolaversa, mening yoshim ham 60 ga borib qoldi. Agar chuqur tekshiruvdan o‘tsak, hammamizda ham qandaydir yondosh kasallik aniqlanadi. Kimdadir jigar, buyrak, qon tomir, yurak, xullas, hech bo‘lmaganda, qon bosimi deganidek. Men ikki marta qaynoq nuqtada bo‘ldim. Tojikistonda kuniga 400 — 800 tagacha test olganda virus chiqqanlar bilan muloqot qildik. Albatta, o‘zimiz bilan himoya vositalarini olib ketganmiz. Shukurki, 8 kishi ketgan bo‘lsak, hammamiz sog‘-salomat qaytdik. Demak, o‘zimizni yaxshilab ehtiyotlasak, bunaqa muammolar kelib chiqmaydi, nazarimda.

— Karantin zonalaridan qaytgan shifokorlar ham 14 kun mobaynida uylaridan hech qayoqqa chiqmay o‘tirishadimi?

— Agar, ha shunday, desam, noto‘g‘ri gapirgan bo‘laman. Qaynoq nuqtalarda bo‘lgan tibbiyot xodimlari 14 kunga birorta sihatgohga yuboriladi. Masalan, biz ikki marta «Nuroniy» sanatoriysida bo‘ldik. Biri Tojikistondan kelgach, ikkinchisi Tibbiyot akademiyasida ishlaganimizdan keyin. Shuningdek, xodimlarimiz «Oltin olma», «Botanika» kabi sihatgohlarga ham yuboriladi. Ular 14 kun davomida ham karantinda bo‘lishadi, ham charchoqlarini chiqarishadi.

— Xorij ma’lumotlarida virusning kuchi borgan sari susaymoqda, degan qarashlar bor. Mutaxassis sifatida sizning bunga munosabatingiz...

— Men bugungi kunda koronavirusning kuchi kamaydi demagan bo‘lardim. Chunki avvalgi bemorlarda qanday nafas yetishmovchiligi kuzatilgan bo‘lsa, bugun ham shunday.

To‘g‘ri, yotib yeganga tog‘ chidamas deyishadi. Karantinda o‘tirsak-da, hayot davom etaveradi. Shularni inobatga olib, har birimiz o‘z ehtiyotimizni qilib, yashashda davom etishimiz kerak.

Niqob taq, masofa saqla, qo‘lingni tez-tez yuv yoki dezinfeksiya qil, deyilyaptimi, bajarish lozim. Bu qoidalar amali birov uchun emas, o‘zimizga kerakligini unutmasligimiz zarur.

— Shu kunlarda ko‘pchilikda tomoq bilan bog‘liq yengil simptomlar kuzatilyapti. Masalan, qichishish, bir-bir yo‘tal deganidek, agar bu koronavirusning yashirin shakli bo‘lsa, bemor atrofdagilar uchun xavflimi?

— Albatta. Chunki u tashuvchi bo‘lib qoldi. Nega biz yosh bolalar, homilador ayollar, qariyalar, immuniteti pastlarni qayta-qayta ogohlantiryapmiz. Chunki ularda yuqtirish xavfi yuqori. Misol uchun, yana bir yaqin qo‘shnimiz Qozog‘istonni olaylik. Ularda ham kasallanganlar soni juda ko‘payib ketyapti. Kichkina bir tumanning o‘zida 30 — 37 nafargacha o‘lim holati kuzatilyapti. Demak, hazillashib bo‘lmaydi.

Immuniteti kuchli, yo‘ldosh kasalliklari bo‘lmagan odamlar kasallikni yengil o‘tkazyapti. Aksariyatida dardning yashirin kechayotgani test o‘tkazilishi natijasida aniqlanyapti.

— Koronavirus keyinchalik ham o‘zidan asorat qoldirishi mumkinmi?

— Bilasizmi, ayni paytda bu kasallik biz uchun yangilik. Hali keyin nima bo‘lishini bilmaymiz. Oqibati 2-3 yildan keyin ma’lum bo‘ladi. Ya’ni uni to‘xtatib, chuqur o‘rganganimizdan so‘ng. Hozircha butun dunyo buning oxiriga yetgani yo‘q. Nima bu, qayerda to‘xtaydi, nima bilan to‘xtaydi, degan savollarning javobi hammani qiziqtiryapti. U hali o‘rganish jarayonida bo‘lgan yangi kasallik. Shuning uchun aniq bir xulosa berolmayman, chunki asosim yo‘q.

Lekin shu o‘rinda aytmoqchi bo‘lganim, bu virusni to‘xtatish, davolash yo‘lida shifokorlar, hukumat rahbarlari, mutasaddilar ming yugurib, hoy-hoy qilgani yoki butun budjetdagi mablag‘ni sarflagani bilan odamlar o‘zini ehtiyot qilmasa, bari bekor. Ya’ni hech narsani o‘zgartirolmaymiz. Bu har birimizning ongimizga singishi kerak bo‘lgan haqiqat, shuni aslo unutmaylik!

Shohida Isroilova suhbatlashdi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring