Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqqa xizmat qilish oilaviy an’ana: Shavkat Mirziyoyevning otasi haqida nimalarni bilamiz?

Xalqqa xizmat qilish oilaviy an’ana: Shavkat Mirziyoyevning otasi haqida nimalarni bilamiz?

Miromon Mirziyoyev yuzlab insonlarni davolashga muvaffaq bo‘ldi.

Zomin ahli Miromon Mirziyoyevni chuqur hurmat bilan yodga oladi. U Samarqand Davlat tibbiyot institutini tamomlagan va butun umrini bemorlar va muhtojlarga yordam berishga bag‘ishlagan.

Miromon Mirziyoyev  1953-yili, Samarqand Davlat tibbiyot institutini tamomlaganidan so‘ng, o‘z yurti Zominga qaytib keladi va tuman shifoxonasida silga qarshi shifokor-ftiziatr sifatida ish boshlaydi.

O‘sha paytda tumanda sil kasalliklariga qarshi bo‘lim ham, shifoxona ham mavjud emasdi. Yosh Miromon o‘z-sa’y harakatlari bilan tuman shifoxonasida besh o‘rinli sil kasalliklarini davolash bo‘limi ochishga muvaffaq bo‘ladi. Bemorlarni tashish uchun ham transport ham bo‘lmagan og‘ir bir paytda  ularni shifoxonaning o‘ziga keltirib davolash zarur edi. Chunki shifoxonadan tashqarida bemorlardan kasallik tarqalishi ehtimoli juda yuqori bo‘lgan.

Miromon Mirziyoyev shunday og‘ir sharoitda sil kasalliklari bo‘limi alohida binoga ko‘chib o‘tishi va 25 o‘ringa kengayishiga erishadi. Bundan tashqari, qahramonimiz bo‘limga yangi tibbiy uskunalar ham olib kelinishiga bosh-qosh bo‘ladi.

1970-yilda dispanserga bemorlarni tashish uchun «UAZ» mashinasi beriladi, bu ham katta yutuq edi. Miromon Mirziyoyev bu bilan ham to‘xtab qolmay soha muammolari yuzasidan sog‘liqni saqlash ministriga murojaat qilishga qaror qildi.

1974-yili Zominga sil kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sh.Alimov boshchiligidagi yirik ishchi guruh yetib keladi va rayonning uzoq qishloqlarigacha borib bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadilar.

Qiziq, Miromon Mirziyoyev nega bunday yo‘l tutgan?! Axir u ham ko‘pchilik qatori tinchini o‘ylab o‘z kabinetidan o‘tiraverishi va kuniga bir necha bemorni ko‘rikdan o‘tkazish bilan qanoatlanishi mumkin edi-ku. Yo‘q, u xalqiga xizmat qilishga astoydil bel bog‘lagan inson edi.

Urushdan keyingi murakkab yillar, ocharchilik, keng tarqagan og‘ir kasalliklarni xalqimiz unutgani yo‘q. Ana shu yillarda Miromon Mirziyoyev uzoq urinishlardan keyin Zominga rentgen apparati olib keladi. Hali markaziy rayonlarda ham bo‘lmagan bu apparatning keltirilishi katta yutuq edi. Shuningdek, Mirziyoyev butun Zomin bo‘ylab tibbiy ko‘riklar o‘tkazadi va 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan, sil bilan og‘rigan 1700 bemorni o‘z vaqtida aniqlab, nazorati ostida turli dispanserlarda davolanishini ta’minlaydi. Bu og‘ir dard o‘z vaqtida davolanmasa, insonni ne kuyga solishini hamma yaxshi biladi.

Uzoq yillik harakatlardan so‘ng Zominda sil kasali bilan og‘riganlar deyarli qolmadi, Miromon Mirziyoyev yuzlab insonlarni davolashga, kasallikning og‘ir asoratlari va hatto o‘limdan asrab qolishga muvaffaq bo‘ldi.

U ishlayotgan shifoxonada Jiyanboy ismli qorovul ishlar, uning oilasi juda katta, farzandlari ko‘p edi. Olgan maoshi bolalarini ta’minlashga yetmasdi. Ularning og‘ir ahvolini ko‘rgan Miromon aka bu oilaga ko‘mak berishga qaror qiladi va Jiyanboyning xotini va o‘g‘lini shifoxonaga ishga joylashtiradi. Bu oila Miromon aka bilan aka-ukadek bo‘lib ketadi.

Oqibat avloddan ham o‘tishi bor gap. Bu satrlarni o‘qirkanmiz, mehribon oiladan buyuk insonlar yetishib chiqishiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Shavkat Mirziyoyev mana shu savobli ishlarni ko‘rib ulg‘aygan inson, u o‘z xalqini sevishni otasidan o‘rgangan. Otasining hayot yo‘li unga katta hayot darsini o‘tagan. Chunki hamma narsa oiladan boshlanadi, prezidentning serg‘ayratligi va qat’iyati — oilaviy an’ana.

Faxrullo Hamidullayev,
«Upl.uz» saytidan olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring