Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Uy, to‘y, mashina va... fojia: o‘zbekona orzular algoritmi

Uy, to‘y, mashina va... fojia: o‘zbekona orzular algoritmi

O‘zbek xalqi — hoyu havasli. Barchamizning yashash tamoyilimizda, ko‘pgina maqsadlar mushtarak bo‘lib, shulardan dang‘illatib to‘y qilish, yangi mashina minish orzusi bor. Bu borada imkoniyat, ehtiyojdan ko‘ra, havas oldi o‘rinda turadi.

Rivojlangan mamlakatlarda avtomashinaga faqat, A nuqtadan B nuqtaga eltuvchi vosita deb qaralsa, biz bu jonsiz temirni qadrli mulk bisotimizga, guyoki oilamiz a’zosiga aylantirib olganmiz. Achinarlisi, bunda eng muhim hayotiy ehtiyojlarni chetlab bo‘lsada, yoru birodarlar orasida «moyi bilan» mashina minishni maqsad qilamiz. Axir bitta yangi ulov minolmasak, «odamlar nima deydi».

Endi ushbu avtomobillarning asosiy talabgorlari haqida birgina misol. Bugun 3 mlncha aholimiz xorijda bo‘lgani holda (mubolag‘a bo‘lsa ham ularning 90 foizi birinchi o‘rinda mashina olish istagida) har oy uyiga pul jo‘natadi. O‘sha pullar, tabiiyki, yostiq tagida yig‘ilib boriladi. Yillar davomida yemay, ichmay yig‘ilgan pullarga, nihoyat, avtomobil olinadi. Mashina uchun eng kami oyiga 200 dollardan yig‘ilganda ham (bundan bir necha barobar ko‘p ham bo‘lishi mumkin) oyiga naqd shakldagi qancha mablag‘ passivligicha qoladi. Endi buni yillarga ko‘paytirib ko‘ringchi?!

Boshqa zaruriy ehtiyojlar cheklansada, yostiq tagiga qo‘yib borilayotgan bu mablag‘lar mashinaga yetguncha 4 yoki 5 yilgacha teginilmaydi. Eng yomoni, shuncha yig‘ilgan pulga olingan bu «bisot», egasi kelgach bir minilib, ketgach yana darvozaxonada yoki garajda passiv mulk bo‘lib turishga mahkum etiladi. O‘sha mablag‘lar omonat tizimiga yo‘naltirilganda, egasi kelgach esa havasdagi «bisot»ni olishga shoshilmay, biror tadbirkorlik qilinganida... Balki oila davrasi to‘kis bo‘lib, qayta xorijga borishga hojat qolmasmidi.

Dang‘ilamma to‘y vasvasasi

To‘y — bu asli nikoh asnosidagi oilaviy marosim hisoblansa-da, keyingi paytlarda kimo‘zarga bahslashadigan, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zining nechog‘li «to‘q»ligini boshqalarga namoyish etadigan vositaga aylandi. «Odamlar nima deydi» deb, qilinayotgan «ko‘z-ko‘z» tufayli bir necha yil zahmat chekishga majbur bo‘linyapti. Keyingi paytlarda bu «orzu-havas»lar borasida tafovut qisqarib, hech kimning birovdan kam bo‘lgisi yo‘q. Afsuski, bugungi kimo‘zarda dong taratuvchi, ertangi «jabrdiyda»ga aylanib qolmoqda.

Shunaqa «orzu-havas»li bir tanishim 20 yildan buyon Rossiyaga qatnaydi. U muhojirlikning ilk yillarida topganiga uy solib, «uy to‘yi» qildi. Keyin topganiga dang‘illatib «o‘g‘il to‘yi» qildi.

«Odamlar nima deydi» deb, qarz ko‘tarsa-da «dushman ko‘ziga» mashina oldi, ungayam «mashina to‘yi» qilib berdi. Ammo qarz qaytararda 19 yoshli o‘g‘lini ham o‘zi bilan olib ketdi. Topgani to‘yga buyurayotgan, bugun yoshi bir joyga yetgan tanishimning sog‘lig‘ida bir qancha nuqsonlar bo‘lib, shifokorlar ogohlantirishiga doimgidek beparvo: «do‘xtirlar aytaveradi-da», deb qo‘l siltaydi. Davolanishga go‘yo vaqt ham, imkon ham yo‘qdek. Lekin bir yildan beri, yangi to‘yga degan to‘rt bosh qo‘chqor, bir novvos qoziqda. Turfa xil ichimliklar yerto‘lada taxt. Yetmaganiga, qarz ko‘tarmoqchi. Ishqilib, biror kami ko‘sti bo‘lmasin. Axir, «odamlar nima deydi».

Tanish holatmi? Shu tarzda o‘tadigan ko‘p to‘ylar, balki egasiga bir lahza baxtli onlarni taqdim etar. Ammo, nimaning badaliga? Yillab yaqinlar diydoridan uzoqdagi, muhojirlikdagi og‘ir hayot evazigami? Yo‘qotilgan sog‘liq, sarf etilgan kuch va umrining gullagan lahzalari evazigami? Eng yomoni, shu kabi «orzu-havas»lar sohiblari uchun og‘ir lahzalar aynan o‘sha to‘ydan keyin boshlanadi. Yetishmovchilik, qarz qistovi sabab, yarimjonligiga qaramay ota yangi kuyov bolani olib, yana uzoq yurtga ketishga majbur bo‘ladi. Chunki vaqtida farzandining ta’limi bilan qiziqmagan. Endi u ham kasbsiz, hunarsiz muhojirlikka mahkum. To‘y ZAGSidagi avtomobillar korteji uchun 5-6 million so‘m sarflanadi-yu, yosh kelinning reproduktiv holatini yaxshilash uchun 100 ming so‘mlik darmondoriga pul topilmaydi. O‘nlab yashik aroq ortib qoladi-yu, uyda hammom chala. Qish-qirovli kunga o‘tin-u, ko‘mir yo‘q.

Ma’lumotlarga ko‘ra, armanlar kelin-kuyovni, ya’ni bo‘lajak yosh ota-ona organizmini katta hayotga tayyorlashni to‘ydan ancha oldin boshlab, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, vitamin va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlar ekan. Bizda nikohlanuvchilar uchun majbur qilingan tibbiy ko‘rikni ham iloji bo‘lsa, tanish-bilish orqali chetlab o‘tib, oson hal etamiz. Farzandini tibbiy ko‘rikka olib borishni esa hech kim xayoliga keltirmaydi. Axir bitta-yarimta ko‘rib qolsa, «odamlar nima deydi».

Hali hashamatli to‘y va ZAGSning zavqli damlaridan masrur kuyov, visolga qonmayoq, juftining bag‘rini sovitib ketishga majbur bo‘lsa. Dunyoga kelajak ilk farzandi diydorini ko‘rolmasa, nuridiydasini bag‘riga bosolmasa, otalik baxti tatimasa... «Orzu-havas»lar ortidagi jabru sitamlar algoritmi shu tazda davom etaveradi.

Hozir ba’zi to‘ylarda dabdaba uchun tonnalab go‘sht, yuzlab ichimliklar, milliardlab mablag‘ sarflanmoqda. Hatto yer yuzining farovonlik nuqtasi bo‘lgan Amerikada ham to‘y degani yaqin do‘stlar davrasida bitta dimlangan kurka bilan o‘tib ketsa-yu, bizda shuncha dabdaba.

Qani endi to‘y o‘tkazishda manmanlik va riyokorlikdan biroz chekinib, me’yor va mo‘’tadillikni tanlasak. To‘yni «odamlar nima desa desin» tarzida o‘tkazib, tejalgan pulga kelin chevarlik qilsa, kuyov hech bo‘lmasa biror hunar bilan shug‘ullansa, chorva boqsa; oila daromadi oshib, bolalar ota bag‘rida ulg‘ayardi. To‘yda nimadir kam bo‘lsa ham, eng muhimi, oila bag‘ri to‘kis bo‘lsin. Oila kemtik bo‘lib, darz ketsa, unda ko‘ring — odamlar nima deydi...

Shuhrat Normurodov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring