Urush yurtda tug‘ilib, urush yurtda o‘lgan Sasha tog‘a
2022-yilning avgust oyida eski «dom»ni sotib, oilamiz bilan boshqa ko‘p qavatli uylardan biriga ko‘chdik. Shinam, keng. Birinchi qavatda joylashgani uchun kichikkina tomorqasi ham bor. Qo‘ni-qo‘shnilar begona bo‘lgani uchun hech kimni tanimaymiz. Yetmaganiga ko‘pchiligi rus millatiga mansub fuqarolar.
...Bir haftadan ortiqroq vaqtda zo‘rg‘a joylashib oldik. Bu orada na ko‘chaga qaray oldik, na tomorqaga. Shunday kunlarning birida chamasi, 70 yoshlardan oshgan rus millatiga mansub bir kishi tomorqadagi toshlaru qog‘ozlarni terib, yo‘lakchaga to‘plarti. Meni ko‘rib, qo‘li bilan imlab chaqirdi.
- Zdrastuvuyte, idyomte,-dedim kulib unga tomon borar ekanman.
- Vaaleykum assalom, men bilan bemalol o‘zbekcha tilda gapir. Man uje sto-o-o let bilaman o‘zbekchani. I menga bu til yoqadi,-dedi kulib. O‘zbek tilini o‘z shevasiga xos talaffuzlab so‘zlardi u,- ko‘rdim sen yangi qo‘shni, men senga yordam berishni istadim. Ozgina ko‘magim tegsa, men shundan xursand.
- ...
- Ismim Sasha. Qo‘shnilar «Sasha tog‘a» deyishadi,-qo‘shib qo‘ydi kulib.
- Unda Sasha tog‘a, uyga kiring,-dedim kulib.
- Yo‘q, sen chiq, ogorodingni tozalaymiz, bahonada suhbatlashib, yaqindan tanishamiz. Bu yerda hamma qo‘ni-qo‘shni yaxshi. Joy yaxshi. Men yaxshi – olam yaxshi,-dedi kulib.
Birgalashib kulishdik. Sasha tog‘a bilan bir pasda inoqlashib oldik. Uning qaddi baland, viqorli, ishlashidan ko‘rinib turardi, qo‘llari chayir. Har ikki gapining birida kular, qah-qah otardi. Suhbat qizib, birpasda tomorqani tozaladik.
- Agar bog‘ni boqsang, bog‘ seni boqadi. Bu yerda sendan oldingi qo‘shni uy olib sotadigan edi, shuning uchun bog‘iga qaramagan. Bu yaxshi ish emas. Sen unday qilma.
- Xo‘p, Sasha tog‘a! Qani, issiq choydan iching,- dedim tomorqaga choy va qand olib chiqqan bolalar qo‘lidan choynak-piyolani olar ekanman.
- O‘zbekni shu takallufi menga yoqadi. 78 yil bo‘ldi, men O‘zbekistonda yashayman. Qayerda bo‘lmasin, o‘zbekning bir piyola choyiyu, bir taqsim qandi bor...
- 78 yildan buyon... – so‘radim hayratlanib.
- Ha, nima deb o‘ylaganding, 81 yoshdaman...
- Qoyil, lekin, ko‘z tegmasin, o‘xshamaysiz!
U haqiqatan ham 81 yoshga kirgan odamga o‘xshamas, chamalashimcha, 70 yoshlarni bergandim.
- O‘zbekistonda qarimaysan-da, odam, bu yer yaxshi, - dedi yana kulib, so‘zida davom etdi,- boriga shukur, O‘zbekistonni. Menga Vatanlik qildi!
Sasha tog‘a birdan ma’yus tortdi. Qaynoq choyni o‘zbeklarga xos ho‘plab-ho‘plab ichardi.
- Lekin, tashlab ketgim yo‘q... Ammo, bolalarim qo‘yarda-qo‘ymay olib ketishyapti...
- Iya?
- Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida tug‘ilganman. 1941 yilda. Ayni urush boshlanganda. Otam urushda o‘lib ketgan. Meni onam bilan 1944 yilda poyezd bilan jo‘natishgan. Elas-elas eslayman, bor xotiralar ham o‘chib ketgan... Faqat bir-ikki «kartina» qolgan bu qari Sasha tog‘angda. Otamning yuz tuzilishini eslolmaymanu, hovlida cho‘chqalarni quvlab yurishigina xotiramda bor. Keyin judayam shovqin-suronda meni onamga qo‘shib, poyezdga chiqarishgani... Bo‘ldi, boshqa hech narsani eslolmayman. Shuyam uzuq-yuluq... Lekin, bilsang, 78 yildan beri har kuni shu ikki xotira miyamda tinimsiz aylanadi...
- Ha-a, buni Vatan, deyishadi, tug‘ilib o‘sgan yurt, deyishadi,-deyman men.
- Xabarovsk o‘lkasi Rossiyaning Sharqiy Sibir va Uzoq Sharq mintaqasida joylashgan. Judayam katta hudud. Posyolkalariyam ko‘p. Men Chegdomin posyolkasida tug‘ilganman, Verxnebureinsk tumanida joylashgan. Hozir o‘g‘illarim shu yerdagi ko‘mir sanoatida ishlashadi. Ikki o‘g‘lim, ikki qizim bor. Ularning ketishganiga yigirma yillardan oshdi-yov. Men ayolim Katya bilan qoldim. Katya ham xuddi o‘zimdek urush davrida O‘zbekistonga kelib qolganlardan. Bolalarimiz har yili navbat bilan kelib-ketib turishadi. Har ikki kunning birida telefon orqali xabar olib turishadi. Pul-mul jo‘natib, ro‘zg‘orimizni butlab qo‘yishadi. Ammo, baribir, yoningda yurishganiga yetmas ekan. Nimayam qilardim, «Vatanga qaytamiz» deb oyoq tirab olishgandi-da. Ayolim pandemiyaning boshidayoq vafot etdi. 2019 yilda. Mana, uch yildan beri bolalar quloq-miyani titishib, meniyam olib ketamiz, deyishgani-deyishgan. Shu yoshimda qo‘ylaring, desam ham qo‘yishmayapti...,-deya chuqur xo‘rsindi Sasha tog‘a.
Sasha tog‘a suhbati davomida piyolani aylantirib-aylantirib, choy ichdi, qand qog‘ozini chiroyli buklab, cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
- Bering, Sasha tog‘a, o‘zim tashlavoraman!
- Yo‘q, o‘zbeklar shunaqa qilishadi-ku, buyam bir adab bo‘lsa kerak-da,-deydi miyig‘ida kulib.
Shu bilan qo‘shnimiz Sasha tog‘a tez-tez biznikiga chiqadigan, uzoq suhbat quradigan bo‘ldi. Men ham xabarlashib, shirinlikmi, ovqatmi ilinib turardim. Kunlarning birida u o‘zi pishirgan shirin kulcha (bulochka)dan olib chiqdi. Yana bir piyola choy ustida suhbat qurdik. Sasha tog‘a meni «qizinka» derdi.
- Kelgusi oyda ketaman, qizinka. Bu yerda onamning, ayolimning qabri bor. Ularni tashlab ketgim yo‘q. Bolalar meni olib ketishgach, keyin o‘zlari kelib, onasiyu, buvisining qabridan xabar olishadimi, yo‘qmi?-ko‘zlaridan bilinar-bilinmas yosh sizib chiqdi Sasha tog‘aning.
- Xabar olishadi. Axir ular O‘zbekistonda ulg‘ayishgan-ku!
- Uveren aytding-a, qizinka,- Sasha tog‘a yana ochilib kulib,-haqiqatan ham. O‘zlari rus bo‘lishsayam, o‘zbek millatiga xos tarbiyada ulg‘ayishdi. Rus maktablariyu, rus oliygohlarida tahsil olishsayam, qadrlashdi o‘zbek urf-odatlarini. Bilsang, bir o‘g‘lim o‘zbek qiziga uylangan. Kelinkam namoz o‘qiydi. E, yana bilsang, bir chiroyli qiroatlar qiladi kelinkam, meni miyalarim orom oladi. Xatim-o‘char, xudoyi, mavlud, degan urf-odatlaringiz bor-ku, shulargayam qo‘ni-qo‘shnilarnikiga tez-tez chiqib turamiz. Umrbo‘yi shu yurt non-tuzini yedik, urfiniyam qabul qilamiz-da. Bu yerda qancha do‘stlarim, qancha o‘rtoq, tanish-birodarlarim bor. Ketish qiyin bo‘lyapti-da!
- Ketmang, Sasha tog‘a, mana, menday yaxshi qo‘shniyam keldi,-dedim men ham kulib.
- O‘lma, qizinka, o‘lma,-qah-qah otdi Sasha tog‘ayam,- bu tushmagur bolalar biletni olib qo‘yishgan-da, hozir avgustning 22-chi kunimi, 11 sentyabrda uchaman. Hozir katta o‘g‘lim ham shu yerda. Birga uchamiz!-dedi o‘ychan tortib.
- 11-sentyabr. Yuragim, negadir, «shuvv» etib ketdi. Bu sanada juda ko‘p tarixiy talofatlar sodir bo‘lgani uchunmi, beixtiyor Sasha tog‘aga «yalt» etib qarabman.
- 2001-yil, 11-sentyabrda AQShda terrorchilik hujumlari sodir bo‘lgan. 1973 yil, 11-sentyabrda Chilida harbiy to‘ntarish yuzaga kelib, harbiy diktatura rejimi o‘rnatilgan. 1857-yil, 11-sentyabrda Dehlida Britan istilosiga qarshi hujum... shunaqa demoqchiydingmi?
- Yo‘-o‘q, to‘g‘risi, bunchalik bilmasdim...
- Sasha tog‘ang bilimli-da, qizinka, hatto, nima demoqchi bo‘lganingni qarashingdan darrov sezdim...
- Ha, ajoyibsiz, Sasha tog‘a!-dedim-da, o‘ychan tortib,-demak... bor-yo‘g‘i, nari borsa, 10-15 kundan keyin uchasiz...
- Shunday!
- ...
- Sen jurnalistsan, shu gapim yodingda tursin: Men O‘zbekistonda yashadim, ulg‘aydim, ilm oldim, kasb egalladim. O‘zbekning non-tuzini yedim – buyam men uchun Vatan. Ammo Rossiya o‘lkasida tug‘ildim – u tug‘ilib o‘sgan Vatan. Qo‘limda chiptam borligi uchunmi, baribir, tug‘ilib o‘sgan yurt tuprog‘i tortishini ko‘proq his qilyapman. Aqlimni tanigandan beri menga boshpana bo‘lgan O‘zbekistondan esa yurak uzolmayapman. Tinch yurt, tinch-da. Bunday yurtni qayerdan ham topish mumkin. Urushni nomi qursin, eslolmasam ham og‘riqlari ko‘pni yurtgado qildi..,- Sasha tog‘a shu paytda xuddi suv ustida qalqib turgan xascha cho‘pga o‘xshab ketdi ko‘zlarimga.
- ...
- Farzandlarim uchun ketyapman, ularni ham yigirma yillardan beri ikki o‘rtada sarson qildim-da. «Keliningiz buxorolik bo‘lsa. Uning ham qarindosh-urug‘lari shu yerda. Tez-tez kelib ham turamiz, baribir. Bizning ham onamizni, sizning ham onangizni tuprog‘i shu yerda, xabarsiz qoldirmaymiz... hech bo‘lmasa, otamiz tuprog‘i o‘zimizda bo‘lsin. Siz bizga keraksiz, ota!»-deya qat’iy aytishgandan keyin ketyapman-da... noiloj. Endi farzandlar ixtiyoridaman-da,-dedi Sasha tog‘a.
- Xay, baxayr bo‘lsin. Choydan oling. Shirin kulchangiz ajoyib chiqibdi,-dedim Sasha tog‘ani chalg‘itish uchun.
- Osh bo‘lsin. Ha, aytmoqchi, qizinka, telefon raqamingni yozib ber. Senga sog‘-salomat yetib borganimni bildirib, telefon qilaman,-dedi Sasha tog‘a.
Sasha tog‘a bolalik kechinmalariyu, urush davrlarida onasi bilan ancha-muncha qiyinchiliklarga uchragani, Buxoro va buxoroliklarning ko‘magi, madadi bilan oyoqqa turishgani, o‘zbeklardan naqadar, minnatdorligini so‘zlab berishdan to‘xtamasdi. Yurak-yurakdan Sasha tog‘aning ketishni istamayotgani sezilib turardi. Har ikki gapining birida «Farzandlarim uchun ketishga majburman.»,-deb qo‘yardi.
Bir payt eshik taqilladi.
- Po-moyemu, Sergey, o‘g‘lim!-dedi kulib Sasha tog‘a.
Eshikni ochdim. Haqiqatan ham Sergey.
- Assalomu alaykum, opa. Otam shu yerda-a,-dedi kulib.
- Endi Sergey, otangiz bizning tog‘amiz. Tog‘amizni esa Rossiyaga jo‘natmaymiz,-dedim kulib va,- kiring, mehmon!
Sergey ham ichkariladi. Qo‘shnilar uzoq suhbatlashdik. Suhbat qo‘lbola oshga ulandi. Sasha tog‘aning bizning uyda ekanini eshitib, boshqa qo‘shnilar ham birin-ketish kelishdi.
- Sasha tog‘ani hammamiz yaxshi ko‘ramiz. Sergey, senga shart shu: sog‘-salomat olib ketasan. Bitta kasal bo‘lsa, seni qulog‘ingni tortib qo‘yamiz,-dedi qo‘shni Shamsigul xola.
***
10 sentyabrdan 11 sentyabrga o‘tar kechasi. Sasha tog‘ani kuzatib qo‘yish uchun ko‘p qo‘ni-qo‘shnilar ko‘chaga chiqdik. Hammamiz Sasha tog‘a bilan bag‘irlashib xayrlashdik. Hammamiz diydor qiyomatda qolishini bilib xayrlashdik.
- Ha-a, ota-onam meni urush o‘chog‘ida qolib ketmasligim uchun O‘zbekistonga yuborgan. Tinch o‘lkangizga ko‘z tegmasin. Non-tuz uchun, hayot uchun, tinchlik uchun, mehr-oqibat uchun rahmat,-dedi hammaga.
Va menga qarab:
- Qizinka, bog‘ingni qarovsiz qoldirma. Qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaxshi bo‘l. Bularning hammasi yaxshi, men yaxshi – olam yaxshi,-dedi qah-qahlab kulib va peshonamdan o‘pib qo‘ydi.
- Siz menga qo‘ng‘iroq qilishga, kasal bo‘lmaslikka va meni sog‘inishga va’da bering!-dedim ko‘zlarimda yosh aylansa-da, kulib.
- Va’da, va’da, qizinka!-dedi Sasha tog‘a.
Sasha tog‘a mashina ortidan bizga ko‘zlari mo‘ltirab tikilgancha ke-ye-yetdi...
***
Sasha tog‘aning telefonini ancha kutdik. Ammo, darak bo‘lmadi. 2022 yil fevral oyining o‘rtalarida Rossiya va Ukraina o‘rtasida ziddiyat keskinlashayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarni «yora» boshladi. 21 fevral Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib kelgan jarayonlarning bir qismi bo‘lgandi. 24 fevralda esa keng ko‘lamli urush boshlandi.
Shu kuni tunda, ayni uxlar pallamizda telefon jiringladi. Sapchib turdim. «Neizvestniy».
- Oyi, oling, Sasha tog‘a bo‘lishi mumkin!
- ...-biroz qaltiragan ko‘yi go‘shakni oldim. He yo‘q, be yo‘q aytgan gapim:
- Sasha tog‘a, sizmisiz?- bo‘ldi.
- Tanidingmi, qizinka?!
- Sizdan xavotirdamiz, Sasha tog‘a!
Telefon go‘shagida biroz sukut bo‘ldi, keyin xiragina tovushda:
- Ob-havosini yoshim ko‘tarmadi, qizinka. O‘zbekistondan qaytgan kunim, depsinib yiqildim. O‘shandan beri to‘shaklab yotgandim. Hali oyoqqa turib-turmagandim, yurtda notinchlik boshlandi. Bu dardni yuragim ko‘tara olmasa kerak. Urush yurtda tug‘ilib, urush yurtda o‘lish taqdirimda bor ekan, qizinka..,- Sasha tog‘a tomog‘iga bir nima tiqilganday jim tortdi. Chuqur «uh» tortdi. Xo‘rsindi...
- Sasha tog‘a...
Telefon go‘shagi qisqa-qisqa «dud-dud»ladi... Sasha tog‘a boshqa gapirolmadi. Boshqa gapirolmadik. Shu-shu boshqa gaplashmadik...
Oradan ikki yil o‘tdi. Yaqinda Sasha tog‘aning o‘g‘li Sergey ayoli bilan Buxoroga – onasi va buvisining ziyoratiga kelishdi.
- Otam urush dardini ko‘tarolmadi. O‘shanda istagiga qarshi chiqmay, olib ketmasak yaxshiroq ekan. U keksa yoshda ekani uchun emas, «Urush yurtda tug‘ilib, urush yurtda o‘lish taqdirimda bor ekan»,-degan og‘riq bilan o‘ldi,-dedi Sergey.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter