Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

«To‘nkalar qabristoni»: Kitob tumanida tog‘ o‘rmonlari ayovsiz kesilmoqda

«To‘nkalar qabristoni»: Kitob tumanida tog‘ o‘rmonlari ayovsiz kesilmoqda

Foto:«Xabar.uz»

Dahshatli manzara

«Yaqin kelajakda eng qimmat narsa — toza havo bo‘ladi». Bu ijtimoiy tarmoqdagi munoqashalardan men eshitgan tashvishli, ammo tagida haqiqat ko‘rinib turgan gaplardan biridir.

Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida ulg‘ayganman. Yoshligimizda bahor chog‘i maktabda tog‘larga sayohat orzusi boshlanardi. Chunki qishloqning shimoli-sharqida joylashgan Kattaqir, So‘qari, Qo‘shchinor tog‘ yonbag‘irlari va adirlari, Qoramomo cho‘qqisi atrofidagi do‘lanazor, yong‘oqzorlarning tabiati bahorning «ilikuzildi» paytida odamga jon kirgizardi.

Ammo bu yil qishloqqa borib, ne ko‘z bilan ko‘ray-ki, biz yoshlikda ko‘rgan ajoyib o‘rmonlar juda g‘arib ahvolga tushib qolibdi (suratlarga qarang). Yaqin-yaqingacha bu yonbag‘irlar ko‘m-ko‘k daraxtzorlar edi. Hozir esa quruq to‘nkalar qolibdi. Onda-sonda bir-ikkita chalajon daraxtlar shumshayib turibdi. Ming orzular bilan borgan joying o‘zgacha chiqsa, o‘zing ham shu daraxtlar kabi kasallanib qolar ekansan. Axir, bu kelajak avlodga nisbatan xiyonat emasmi? Butun boshli o‘rmon kesilib ketsa-yu, hamma qo‘lini qovushtirib tursa? Sahroga aylangan Orol o‘rnida o‘rmon barpo etish tashabbusi bo‘layotgan vaqtda, biz tog‘dagi xushhavo joylarda, tap-tayyor o‘rmonni yo‘q qilish bilan bandmiz. Bu ne bedodlik?

Foto:«Xabar.uz»
Foto:«Xabar.uz»

Agar daraxt kesishga barham berilmasa, mamlakatimiz uchun suv-havodek zarur o‘rmonlar, ekoturizm uchun qulay hududlar qo‘ldan ketadi, eng yomoni iqlim va atrof-muhitga katta zarba beriladi.

 Aholi nima deydi?

Orif Pardayev, Kitob tumanidagi 50-maktab direktori: - Toqqa chiqdim-u yuragim ezildi. Afsuski, odamlar tomonidan tog‘ o‘rmonlarini o‘tin qilish hanuz davom etmoqda. Aybdorlar yonimizda, ular o‘z hamqishlog‘imiz, tumandoshimiz. Ekologiya bo‘yicha mas’ullar nima uchun maosh olishayotganini ham bilmayaptilar, chog‘i. Mana shu tog‘ yonbag‘irlarida 20 dan ziyod buloqlar bor edi. Hozirda ulardan asar ham qolmadi. Qadimgilar bir do‘lana qirq yilda daraxt bo‘ladi, deyishadi. Qirq yillik do‘lananing umri o‘n besh minutda tamom bo‘lmoqda. Ahvol shu tariqa davom etsa, Kitob tumani daraxtzorlari, tep-tekis adir va butazorga aylanadi.

Nuriddin To‘raqulov, mustaqil ijodkor: - Shu tog‘lar etagidagi Iskana qishlog‘ida istiqomat qilaman. Tan olish kerak, so‘lim go‘shalar bo‘lishiga qaramasdan ekologik holat yildan yilga yomonlashib bormoqda. Daraxtlar asosan To‘pchoq, Iskana, Govxona, Birkunli qishloqlari aholisi tomonidan faol kesilmoqda. «Yotib qolguncha otib qol» qabilida mashina-mashina o‘tin qilib, pullayotganlar ham serob. Ya’ni, bu yerda biznes ham ketyapti. Daraxtlar kesilayotganining asosiy sababi bu o‘tin taqchilligi, gazning yo‘qligidadir. Mahalliy aholi qishdagi sovuqda omon qolish uchun daraxt kesishga majbur. Bir-ikki marta «ekologiya»dan kelib siyosat qilishdi, ayrimlarga jarima solishdi. Shundan so‘ng vaziyat sal tinchigandek bo‘ldi. Ammo bu vaqtincha bo‘lib chiqdi. Qishloqdagilar ballonlik gaz ishlatadi, shuningdek, arzon ko‘mir ham kelib turadi. Tabiiy gaz uzilganiga esa o‘n yilcha bo‘lib qoldi.

Safar To‘rayev, ishchi: - Shu xalqning oddiy vakili sifatida mening mulohazam boshqacharoq. Agar xalqqa tabiiy gaz va elektr energiyasi uzluksiz berilsa, tog‘dagi daraxtlarga birov tegmaydi. Xalq buni majburlikdan qilyapti. Tasavvur qiling, uyingizda gaz,chiroq yo‘q, lekin uyni isitishga majbursiz. Ibtidoiy usullar: o‘tin va tappiga qaytish bo‘lishi shundan, buni ochiq tan olish kerak. Ekologiya masalani nazoratga oladigan kuchliroq tizimning o‘zi yo‘q bu yerda. Na tuman hokimligi va na boshqa tashkilotning parvoyiga keladi bu masala. Bo‘lmasa allaqachon muammo bilan shug‘ullanishar edi. 

Shu o‘rinda…

Jurnalist va filolog Eldor Asanovning ushbu iqtibosi va unga ilova qilgan surati e’tiborimni tortdi.

Foto: Eldor Asanov kanali

«Vashington, Jorjtaun. Daraxtlarni himoya qilish uchun ular shunday o‘rab olinar ekan. Teginganga jazosi bor ekan» deya yozadi muallif.

Tabiat kechirmaydi

Biz bugun o‘z qilmishlarimiz bilan tabiatga katta zarar yetkazyapmiz, buni turli sabablar bilan oqlashga urinyapmiz. Vaholanki, kelajakda toza havo, daraxtlar, ekologiya masalasi  muhimlardan muhimi bo‘lishi hozirdan ravshanlashib qolgan. Aholi soni, tabiat ne’matlari va resurslariga bo‘lgan talab soat sayin o‘smoqda. Demak, tabiat bilan qo‘pol munosabatda bo‘lish emas, muammoga jo‘yaliroq yechim topish kerak.  

Avvalo, Kitob tumani hokimligi, ekologik muammolar bilan shug‘ullanuvchi mutasaddilar mazkur muammoga sergakroq bo‘lsalar yaxshi bo‘lardi. Lekin shu yil kuzda Kitob tumani markazidagi azim chinorlarning ayamay qulatilgani va xushmanzara ko‘chalar yalanglikka aylangani bu umidimizni soya ostida qoldiradi...

«Kenja»miz bo‘lgan O‘zbekiston ekologik partiyasining ham hududlarda faollashishini chin dildan istardik.

Shuningdek, mahalliy aholiga insof bersin. Biz ham o‘z ne’matlarimizni o‘zimiz asrashni o‘rganaylik. Bolta ko‘tarib o‘rmon kesishga ketayotgan hamqishlog‘imizni bu yo‘ldan qaytarib, o‘sha yalanglikka bitta bo‘lsa ham ko‘chat o‘tqazaylik. Zero, tabiat bilan qasdlashsak,  baribir yengilamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring