Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Suv ham bir loyqalanib tinadi...»

«Suv ham bir loyqalanib tinadi...»

Foto: «Xabar.uz»

O‘tgan hafta Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov boshchiligidagi oliy mahkamaning bir guruh sudyalari Andijonda sayyor qabul o‘tkazdi. Kun davomida 100 nafar fuqaroning murojaatlariga quloq tutildi. Sirasini aytganda, sudyalarning munosabatidan qoniqish hosil qilmagan arzgo‘y qolmadi hisob.

Nega?

Bilasiz, Oliy mahkamaga asosan birinchi instansiya hamda viloyat sudlarining qaror va ajrimlaridan norizo bo‘lganlar shikoyat bitadi. Ammo «katta»larning qabuliga kirish umidida poytaxtga borishning ham yetarlicha ovoragarchiliklari bor: yo‘l haqi, yemoq-ichmoq hamda mehmonxona xarajatlarining o‘ziyoq o‘rtahol ishchining salkam bir oylik maoshiga teng. Ayrimlarga shugina pulni topish ham katta muammo. Shu ma’noda joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar ko‘plarning uzog‘ini yaqin  qilishi barobarida ko‘plarning murodini hosil qilmoqda ham.

Yana deng, to‘rt yo‘nalish bo‘yicha viloyat sudlarining raislaridan tortib barcha xodimlari eshik oldida «keling-keling»lab kutib olsa, Oliy sudning masalaga daxldor mutasaddisi o‘tirgan xonalarga boshlab kirsa... Hayoti davomida sudga bir necha bor ishi tushgan oqsoqollardan biri bunday mulozamat-manziratga duch kelmagan chog‘i, ko‘ziga yosh olvordi, ishonovring?!

Sayyor qabuldagi murojaatlarning 40 tasi jinoyat ishlari bo‘yicha, 22 tasi fuqarolik sudiga, 38 tasi esa ma’muriy sudga taalluqli bo‘ldi. Ularning 35 tasiga huquqiy tushuntirish berildi, 60 ta murojaat o‘z o‘rnida ijobiy hal etildi. Yana beshta masala bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan nazorat tartibida hal etish uchun qabul qilinib, tegishli sudlov hay’atiga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazildi.

Masalan, Asaka tumanida yashovchi Qahramon T. o‘ziga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish bo‘yicha suddan yengillik so‘ragan.

Xo‘sh, u nima xato qilgan ediki, sudyaning ko‘zlariga iltijoli boqib turibdi?

Andijonda kim ko‘p – kirakashlik bilan shug‘ullanadigan «Damas» haydovchilari ko‘p. Ular orasida nozirlarga chap berib, litsenziyasiz yurganlarning hisobini hech kim bilmaydi. Qahramon ham «Damas»ini g‘izillatib, ruxsatnomasiz yurgan kunlarining birida qo‘lga tushdi. Bilasiz, ayni holatda haydovchiga yo‘q deganda eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima «ilinadi». Bu salkam 4,5 million so‘m degani...

Sud haydovchining noqonuniy faoliyati aniqlangandan so‘ng bir oyga yetmay tegishli tartibda litsenziya kartasi olganligi, muhimi, xatosini tushunib yetganligini e’tiborga olib, ma’muriy javobgarlikdan ozod qildi. Qahramon kabi xuddi shu ko‘yga tushgan o‘ndan ziyod haydovchilar ham ayni xatoni takrorlamaslik sharti bilan otning kallasidek jarimadan qutulib qolishdi. Bu — qora qozoni kunlik bir siqim daromadiga  arang qaynaydigan haydovchilar uchun katta gap, katta yengillik...

* * *

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga dardi hol qilib kelgan Kozim ota Ergashevga quloq tutsangiz, hasratidan chang chiqadi.

Tasavvur qiling, uch opa-singildan biri ancha yillar oldin vafot etgan. Hayotlik chog‘ida uy-joyini yolg‘iz qiziga meros qilib qoldirgan. Ammo oradan hech qancha fursat o‘tmay, farzandi – yagona voris ham olamdan o‘tgan. Xullas, marhumaning turmush o‘rtog‘i va bola-chaqasi yo‘qligi uchun unga tegishli mol-mulklar ikki xolavachchasi o‘rtasida (katta va kichik xolalarning bolalari) teng taqsimlanishi kerak.

Biroq xolavachchalardan biri «uloq»ni ilib ketadi. Bir necha bor sudlashilsa-da, hal qiluv qarorlari uning foydasiga chiqaveradi. Kozimjon ota uddaburon xolavachcha tug‘ilganlik guvohnomasini almashtirib, onasining ismi o‘rniga marhuma xolasining nomini yozdirib olganligi evaziga qo‘li baland kelayotganligini iddao qilyapti.

Oliy sud sudyasi Kozimjon ota Ergashevning quyi sud qarorlari yuzasidan e’tirozlarini diqqat bilan tingladi, taqdim etilgan hujjatlar bilan tanishdi, pirovardida muammoni hal etish uchun ishni nimadan boshlash zarurligi haqida huquqiy tushuntirish berdi.

— Asli bu nizoda men da’vogar ham, javobgar ham emasman — bor-yo‘g‘i guvohman, xolos, — deydi yoshi salkam saksonni qoralagan oqsoqol. — Soxta hujjatlar evaziga haq-huquqi buzilib, merosdan ulush ololmayotgan mahalladoshimning turish-turmushi og‘irligini ko‘rib, vijdonim qiynalganidan yugurib yuribman. Sudyaning «qorin to‘ydiradigan» maslahatlarini oldim. Astoydil urinib ko‘raman, umid qilamanki, adolat qaror topadi!

* * *

Shu kuni tushdan so‘ng Oliy sud sudyalari Andijon davlat universitetida yoshlar bilan uchrashishdi. Talabalarning huquqiy va siyosiy bilimlarini oshirish bo‘yicha tushuntirish va tavsiyalar berildi. Shuningdek, ular foydalanishlari uchun bir qator huquqiy adabiyotlar hadya qilindi.

Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, diniy ulamolar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda esa ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

...Zal to‘la odam. Yosh kelin-kuyovlar, quda-andalar, mahalla faollari, jamoatchilik vakillari. «Bo‘ldi, yashamayman, oilam bilan ajrashaman!» degan juftliklarning gap-so‘zlariga quloq tutsangiz, aksariyatida aytarli jiddiy asos yo‘q: aksariyati arzimas, mayda-chuyda gap-so‘zlar, qudalar o‘rtasidagi munosabatlardan kelib chiqqan mayda muammochalar... Biroq vaziyat shu darajada tarangki, mo‘ltirab turgan polvonchalar, qaqajon qizaloqlarning tirik yetim bo‘lib qolishlari hech gap emas!

Avvaliga so‘z olgan Oliy sud raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov zaldagi vaziyatdan kelib chiqib, «Farzand omonat» hamda «Ota» nomli qisqa metrajli badiiy filmlar namoyishidan so‘ng muloqotni davom ettirish taklifini bildirdi. Aytish mumkinki, oilasiga darz ketgach, ne-ne sinovlarga duchor bo‘lgan ikki inson taqdiri haqidagi ta’sirchan lavhalardan so‘ng notiq tag‘in zalga e’tibor qaratdi: boyagina shashtidan qaytmayotgan uncha-muncha tajang qiyofalarning ham diydasi yumshab, ko‘zlari namlangan...

—  Andijon — hazrati Bobur kindik qoni tomgan diyor. Bobur avlodlari ayolini ulug‘lab, uning nomiga jahonga mashhur saroylar qurgan. Hindistondagi «Toj mahal»ni ko‘z oldingiz keltiring, — dedi notiq salmoqlab. — Shunday buyuk zot tug‘ilgan go‘shada bugun yosh-yosh navqironlar «ajarashama-an» deb turishi og‘riqli hol emasmi?!  «Qaytar dunyo» degan hikmat bejiz emas: bugun mehringizdan mosuvo bo‘lgan, ota-onasidan ajralgan boladan keksaygan chog‘ingizda oqibat kutish aqldan emas. Bolalarning ko‘z yoshiga, uvoliga qolishdan qo‘rqish kerak. Yillar o‘tib yoshingiz bir joyga borganda, qizingiz qirga, o‘g‘lingiz o‘rga ketganda, sizga faqat mana shu jufti halolingiz suyanchiq bo‘ladi. Har qanday oilada talashish-tortishish bo‘lib turdi, ammo vaqt o‘tishi bilan hammasi iziga tushadi. Suv ham bir loyqalanib tinadi-ku, axir?!

Mubolag‘a yo‘q: notiqning hayotiy hikmatga to‘la gap-so‘zlaridan zal larzaga keldi. Boyagina «Bo‘ldi, oilam bilan yashamayman!» degan kelin-kuyovlar shartta o‘rnidan turishdi: «Bo‘ldi, tushundik, yarashamiz!»

Shu joyning o‘zidayoq 22 ta oila yarashtirildi, bu 32 nafar voyaga yetmagan bola ota-onasi qaramog‘ida voyaga yetadi degani, nasib...

Sayyor qabuldan eng katta natija shu bo‘ldi, aslida.

Nurillo No‘’monov, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring