Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Shuncha bo‘larmu hay-hay» yoxud gazetalardagi tanqidga munosabat yo‘q

«Shuncha bo‘larmu hay-hay» yoxud gazetalardagi tanqidga munosabat yo‘q

Maqola orqali matbuotga e’tibor qay ahvolda ekanligi haqida fikr bildirmoqchi emasmiz. Bilamiz, bosma nashrlarning ko‘pchiligi qiyin sharoitda. Ammo mana shu qiyinchiliklarga qaramay matbuot o‘z missiyasini bajarmoqda. Taniqli jurnalist Qulman Ochil aytganidek: «Asl gazetchilik shoxi sinsa ham shashti so‘nmaydiganlarning ishi-da».

Bugun  odamlardan gazetada o‘qiydigan maqola yo‘q degan fikrlarni eshitamiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham bemalol bosma nashrlarga ayamay tosh otishi sir emas. Ammo biz aytmoqchimizki, bosma nashr jurnalistlari muammolar haqida bong urayotganini ko‘rmayotgan bo‘lsangiz bu sizning muammongiz, gazeta o‘qishga hafsala qilmayotgan yoki obuna bo‘lishni istamayotgan bo‘lsangiz bu sizning aybingiz. Afsuski, ayni paytda mutasaddi tashkilotlar ham gazeta o‘qimaydiki, o‘zlariga tegishli bo‘lgan muammolarni og‘zilariga chaynab solishsa-da na bir javob xati yozishni ep ko‘rishadi va na muammoni hal qilishga harakat qiladi. Biz fikr bildirmoqchi bo‘lganimiz aynan «gung, kar, soqov» tashkilotlarga yana bir bor matbuotda ko‘tarilayotgan masalalarga bee’tibor bo‘lmaslikka chaqirishdir.

«Xitoy» devorini kim o‘rnatyapti?»

Norqobil JALILOV,«XXI asr» gazetasi bosh muharriri:

– Tanqid yozish eng og‘ir, bosh og‘riq ish. Uni har kim uddalay olmaydi. Yozdingmi, ba’zan kerakli paytda tegishli joyda javob berishga majbursan. Bu tabiiy holat. Nega desangiz, hali shu vaqtgacha biror rahbar, xato qilgan odam tanqidni to‘g‘ri qabul qilganini eslolmayman. Kimligimizdan qat’i nazar, fermermizmi, vazir yo hokimmi, maktab direktori yo do‘xtirmi, o‘zi haqida ozgina salbiy fikr eshitsa, tamom, osmon uzilib yerga tushadi go‘yo.

Gazetalarda tanqid chiqmayapti, jurnalistlar zamondan ortda qolib ketdi, degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Xo‘sh, ayting, qaysi zamonda qalami o‘tkir, murosaga kelmaydigan haqiqatparast jurnalistdan rozi bo‘lishgan? Demak, bosma nashrlarda tanqid yo‘q deydiganlarning o‘zlari umuman gazeta-jurnal o‘qiyotganiga shaxsan menda jiddiy shubha bor.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi muassisligida chop etilayotgan «XXI asr» gazetasi misolida aytadigan bo‘lsam, o‘tgan 2022 yilda deyarli har sonimizda kamida bitta tanqidiy maqola chop etilgan. «Kalavaning uchi bor, oxiri yo‘q», «Ovqatlanish joylari: qachon tartib o‘rnatiladi yoki xizmat ko‘rsatish madaniyati, gigiyenasi, narx-navoni kim belgilaydi?», «Chilladan OMON chiqmagan ko‘chatlar», «Mug‘ombir «muxbir»,«Qayerdasan, «to‘rtinchi hokimiyat»?!, «Zafarobodda unutilgan mahalla bor», «Ko‘pqavatli uylarning ko‘pqavatli muammolari», «Prezident qarori nega bajarilmayapti?»,sanayversam, ko‘p ular. Lekin shuncha jiddiy muammolar aks etgan maqolalar bosilsayu ularga munosabat bo‘lmasa, tegishli tartibda choralar ko‘rilmasa, aksariyat «qalampir sifat» chiqishlarimiz qumga singgan suvdek izsiz ketsa yana nima qilishimiz mumkin? 

Demak, na mas’uliyat bor, na javobgarlik. Shuning uchun ham duch kelgan OAVda tanqidiy maqola chiqqudek bo‘lsa, aksariyat tashkilotlar sukut bilan javob berishadi. Qolaversa, o‘sha idorada «xitoy devori» vazifasini bajarayotgan matbuot xizmati degan bo‘linmayam borki, har qanday ko‘rinishdagi tanqidiy chiqishlarni og‘ir tahqirlanishday qabul qilguvchi rahbariga kiritmaslikka urinadi. O‘ylaymizki, ayni shu borada parlament deputatlari jiddiy ishlashi va qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritishlari lozim.

Yana o‘sha tanqidiy mavzularga qaytadigan bo‘lsak, shuncha chiqishlarimizning besh-oltitasigagina choralar ko‘rildi, xolos.

Keyingi paytlarda bizda, to‘g‘rirog‘i, mas’ul, vakolatli idoralarda boshqa bir g‘alati tendensiya paydo bo‘ldi: u ham bo‘lsa, masalan, O‘zbekistondagi OAVda chiqqan tanqidiy chiqishlarga xolisona munosabat bildirish kamaydi. Aksincha, xorijiy axborot vositalari, jumladan, radiolar, saytlar, hatto nari borsa ikki-uch ming obunachisi bor savodi haminqadar bo‘lgan bloger va ba’zi telegram kanallari admin-mualliflarining e’lon qilayotgan materiali, manbasi to‘g‘rimi yo tuhmatmi, soxta ma’lumotlarni odamlar e’tiboriga sizdiryaptimi, baribir, birdaniga o‘sha tanqidga yov quvib kelayotgandek shosha-pisha javob yo‘llash odat tusiga kirib bormoqda. Yaqinda ko‘zingiz tushgandir, «Ishonch» gazetasi katta bir sahifada shapaloqday qilib tanqidiy maqolalarga umuman munosabat bildirmagan «ko‘r-gung-kar» idoralar ro‘yxatini e’lon qildi. Bu ham bejiz emas.

Savol tug‘iladi: shumi endihaqiqiy, demokratik jurnalistika yoki so‘z erkinligi?! Tahlil etish, o‘rganish va nihoyat xulosa chiqarish degan mezonlar qayerda qoldi?

«Befarqlik shuncha bo‘lurmi hay-hay»

Husan ERMATOV,«Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari bosh muharriri:

– «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari 2022 yilda 236 ta tanqidiy materialni ko‘rib chiqib, munosabat bildirish uchun tegishli hokimlik, vazirlik va tashkilotlarga  yubordi. Qator tashkilotlar mas’uliyatni his etgan holda o‘z vaqtida munosabat bildirishdi. Lekin... Shu kungacha ulardan yarmidan ko‘prog‘i, ya’ni 119 tasiga javob kelmadi.

«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi hamda «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunlarda ommaviy axborot vositalari tahririyatlaridan kelib tushgan murojaatlar tegishli tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi zarurligi qayd etilgan. Shunday ekan, murojaatlarga bepisandlik qilayotgan davlat idoralari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar qonun oldida javob berishlari lozim.

Hatto yil boshida «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalarining murojaatlariga javob bermasdan ularni e’tiborsiz qoldirib, tegishli qonunlar talabini buzayotgan davlat idoralari va tashkilotlar ro‘yxatini e’lon qildik. Balki shundan keyin uyqudagi mas’ullar uyg‘onishib, ko‘tarilgan masalalarga o‘z munosabatlarini bildirishar, deb o‘ylagandik, ammo chuchvarani xom sanagan ekanmiz, birortasining vijdoni uyg‘onmadi. Ushbu maqolalar 2022 yilda turli vazirlik va idoralarga jo‘natilgan edi. Bugungi kunda ularning aksariyatining nomi o‘zgargan bo‘lsa-da, ammo yo‘nalish va vazifalari hamon o‘sha-o‘sha. Aytmoqchi bo‘lgan fikrimiz shuki, gazeta minbar, unda e’lon qilingan va ataylab tegishli tashkilotga jo‘natilgan materiallarning taqdiri mavhum bo‘lib qolishi, mas’uliyatsizlik va e’tiborsizlikdan boshqa narsa emas. 

«O‘zimizga o‘zimiz gapirayotganga o‘xshaymiz»

Shohruh AKBAROV,«Hurriyat» gazetasi bo‘lim mudiri:

– Mushtariylarimizdan biri matbuotda ko‘tarilayotgan muammolar, tanqidiy chiqishlarga chora ko‘rilmayotganiga iddao qilib «sizlar xuddi o‘zlaringizga o‘zingiz gapirayotganga o‘xshaysiz» deb yozgan edi. Ochig‘i, juda achchiq va juda to‘g‘ri gapga o‘xshaydi bu.

Chunki o‘tgan yillar davomida «Hurriyat» sahifalarida yuzga yaqin turli-tuman mavzularda tanqidiy-tahliliy maqolalar e’lon qilingan bo‘lsa-da, ularning bir nechtalariga javoblar olganmiz. Aslida, bu maqolalarda konkret turli-tuman jinoyat alomatlari yoki ularga adolatli huquqiy baho berilmayotgani yoxud ta’lim, sog‘liqni saqlash, hokimiyat tizimlaridagi illatlar, ko‘zbo‘yamachiliklar tanqid qilingan edi. Ammo hech qanday munosabat ham, javob ham yo‘q. Hozir esa ming afsuski hatto xat bilan murojaat qilinganda javobsiz qoldirilishi yoki nomigagina yuzaki javob berilishi odatiy hol bo‘lib qolgan. Biz turli muammolarni ko‘tarib chiqsagu, hatto ba’zi masalarga o‘z fikrimizni bildirib yechimigacha bersagu, ammo  hech qanday aks-sado bo‘lmasa kim uchun ishlayapmiz, nima uchun ishlayapmiz, degan savol tug‘iladi?

«Muammo bir chetda qolib…»

Husan KARVONLI, «Ma’rifat» gazetasi bosh muharriri: 

– Gazetamizda ko‘plab sohalardagi jarayonlar, mavjud shart-sharoit va muammolar yuzasidan tanqidiy-tahliliy maqolalar, taklif va mulohazalar bitilgan maktublar ko‘p chop etiladi. Tahririyat ana shu muammolar yechim topishi, taklif va fikrlar o‘rganib chiqilib, lozim bo‘lsa amaliyotga joriy etilishi, eng muhimi – ko‘tarilgan mavzu qog‘ozda qolib ketmasligi uchun ushbu maqolalar yuzasidan tegishli tashkilotlarga xat bilan murojaat qiladi.

Raqamlarga e’tibor qaratsak, 2021 yil boshidan hozirgi kunga qadar chop etilgan maqolalar yuzasidan 49 ta rasmiy xat tashkilotlarga jo‘natilgan. Ularning 33 tasi Xalq ta’limi, 9 tasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga, qolgan 7 tasi esa boshqa tashkilotlarga yuborilgan. Afsuski, murojaatlarimizga har doim ham o‘z vaqtida javob ololmaymiz, ayrimlari esa bir necha oy o‘tganiga qaramay hamon javobsiz. Aniq qilib aytadigan bo‘lsak, bugungacha 49 ta xatdan 13 tasiga javob keldi. Shulardan 7 tasi Xalq ta’limi vazirligidan (33 ta xatdan 7 tasiga javob berildi), 2 tasi viloyat xalq ta’limi boshqarmalaridan, 4 tasi boshqa turli tashkilotlardan kelgan. Ajablanarlisi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga jo‘natilgan 9 ta murojaatga hali ham javob qaytarilmadi. Afsuski, bunday mas’uliyatsizlik ortida tizimdagi qancha-qancha muammolar e’tiborsiz qolayotganini fahmlash qiyin emas.

Vaholanki, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasida murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari quyidagicha belgilab qo‘yilgan:

«Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo‘lib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi».

Murojaatlarimizga javob xati kelgan zahotiyoq gazetamizning «Mutasaddilardan javob keldi» rukni orqali gazetxonlarga yetkazamiz.

Javob xatlarining ba’zilari orqali muammo yechim yoki adolat qaror topayotganidan xursand bo‘lsak, ba’zilarida yoritilgan muammo qolib, muammoni ko‘targan muallifning shaxsiga bosimlar uyg‘ongani dilni xira qiladi. Ba’zan esa shunday javob xatlari keladiki, ularda muammo o‘rganilmagani, shunchaki rasmiy xatga rasmiy javob yo‘llangani bilinib turadi. Biz mutasaddilardan kelgan javob xatlarini faqat imlo xatolarini tuzatgan holda mazmun-mohiyatiga umuman o‘zgartirish kiritmagan holda gazetxon hukmiga havola etamiz.

Jurnalistlar tanqid yozmay qo‘ydi, deb bizni yozg‘iradiganlarga esa javoban esa tanqidiy maqolalarning ba’zilarini havola etmoqchiman: «O‘qituvchining boshi yana «tosh»ga tegmaydimi?», «Biologiya darsliklari kamchiliklar», «Haqqingizni talab qiling muallim», «Tarix darsliklaridagi chalkashliklar», «Bolalarimiz rus tilini o‘rganishga majbur emas», «Shuncha dissertatsiya himoq qilinmoqda, lekin nega rivojlanish sust», «Oliy ta’lim tizimi jiddiy islohotga muhtoj», «Davlat test markaziga savollarim bor»…

Umuman, yuqorida nomlari keltirilgan gazetalarning har bir sonida nafaqat tanqidiy, balki tahliliy maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin. Agar o‘qishga ishtiyoqingiz bo‘lsa... Balki nega gazeta o‘qimaysiz yoki obuna bo‘lmaysiz, degan savol o‘rtaga tashlanganida gazetalar tanqid yozmaydi, faqat islohotlarni yozadi deya o‘zingizni oqlashni bas qilarsiz. Balki «x» va «h» harfining farqiga bormaydigan ayrim blogerlardan farqli o‘laroq hatto nuqta, verguliga javobgarlik hissi bor jurnalist ko‘tarib chiqayotgan muammo bilan tanishib o‘z so‘zingizni aytishni o‘rganarsiz. Jurnalistni tanqid yozmaydi, deya malomat qilishdan oldin gazetada chiqqan tanqidiy maqolani ko‘tarib tegishli tashkilot, tegishli idora, tegishli mutasaddiyu rahbarlardan o‘z haqqingizni so‘rarsiz. Balki shunda SIZ boshqalarni o‘zgartira olarsiz...

 Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring