Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Xorazmda saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi (foto)

Shavkat Mirziyoyev Xorazmda saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 22-sentyabr kuni Xiva shahrida Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

Uchrashuvni nomzodning Xorazm viloyati bo‘yicha ishonchli vakili A.Vafoyev ochdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. 

Bu dastur mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan o‘nta ustuvor yo‘nalishdan iborat. Bular – iqtisodiyotni ilm va yuqori texnologiyalar asosida rivojlantirish, faol tadbirkorlik va manzilli moliyaviy ko‘mak orqali kambag‘allikni qisqartirish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, aholi salomatligini mustahkamlash, hududlarni mutanosib rivojlantirish, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, madaniy-ma’naviy sohalarni yuksaltirish yo‘nalishlaridir.

Xorazm viloyatidagi o‘zgarishlar qayd etib o‘tildi. Oxirgi besh yilda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan 7 mingdan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshirilgan. 141 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Turizm sohasida 80 ta yangi mehmonxona qurilgan. Toshsoqa irrigatsiya tarmog‘i rekonstruksiya qilingani natijasida 191 ming gektar yerga suv yetib borgan. 12 ming xonadonli uy-joylar barpo etilgan.

Nomzod kelgusi besh yillikka mo‘ljallangan dasturini ham bayon etdi. Xususan, bu davrda viloyatda 250 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish maqsadi qo‘yilgan. Ularning 100 mingi mahallalarda tadbirkorlikni keng joriy etish orqali tashkil etiladi. Turizm xizmatlarini kamida 5 barobarga oshirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. 12 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga ochiq tanlov asosida ijaraga beriladi. Shuningdek, transport, ta’lim, tibbiyot, ekologiya va boshqa ijtimoiy sohalardagi rejalar ham ma’lum qilindi.

«Xorazm viloyatida amalga oshiradigan barcha islohot va loyihalarimiz hududning iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yuksaltirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining bandligini ta’minlash orqali inson qadrini ulug‘lash, xalqni rozi qilishga qaratilgan. Mana shunday ulkan-ulkan rejalarni amalga oshirish uchun bizda barcha imkoniyatlar – tabiiy resurslar ham, iqtisodiy, insoniy, intellektual va ma’naviy salohiyat ham yetarli», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga chaqirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring