Senatorlar zamonaviy tibbiyot muassasasi ochilishida ishtirok etdi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalarining tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha yuqori texnologiyali usullarni keng qo‘llagan holda aholi, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan xizmatlar ko‘lami va turlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qolaversa, tibbiyotning xususiy sektorlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiyot uskunalari, maxsus inventar va asboblar bilan jihozlash, sodda qilib aytganda, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator sa’y-harakatlar olib borilmoqda.
Oliy Majlis Senati a’zolari ham bu borada faollik ko‘rsatib, tibbiyotning qator xususiy sektorini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bugun, 10-sentyabr kuni poytaxtimizda «Medion innovation» klinikasining ochilishi ham shular jumlasidandir.
Ochilish marosimida Senat a’zolari, hukumat mutasaddilari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, ushbu muassasa 50 o‘ringa, shundan 10 tasi reanimatsiya bo‘limiga mo‘ljallangan. Asosan kardioxirurgiyaga ixtisoslashgan bo‘lsa-da, 20 ga tibbiy yo‘nalishda xizmat ko‘rsatiladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yaqin kunlarda «Mehrli yurak» fondi bilan hamkorlikda 10 nafarga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar a’zolarida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish rejalashtirilgani, Rossiya, Germaniya, Hindiston, Turkiya, Ukraina davlatlaridan kelgan mutaxassislar ham faoliyat yuritishi, bemorlarni tibbiy o‘tkazishini ta’kidladi.
Shuningdek, joriy yilning 20-avgust kuni davlatimiz rahbarining O‘zbekiston tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangani, ushbu klinika ham tadbirkorlar, shu jumladan, xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida berilayotgan imkoniyatlar natijasi ekanligi qayd etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter