Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Rayyona Qutlug‘» rahbarlaridan biri yig‘ilgan pullar bilan qochib ketdi (video)

Seshanba, 9 avgust, 2022 yil. Tahririyatning odatdagi ish kuni sayt o‘quvchilari tomonidan kelib tushgan murojaat bilan boshlandi...

Unda aytilishicha, ofisi Toshkent shahrida joylashgan «Rayyona Qutlug‘» firmasi 300 nafarga yaqin odamlardan turli miqdordagi pullarni yig‘ib, ularga uy va avtomobil olib berishni va’da qilib kelgani, biroq belgilangan muddat o‘tib ketgan bo‘lishiga qaramasdan, berilgan va’dalar bajarilmagani, bu ham yetmaganidak, joriy yilning 4 avgust kuni firma rahbarlaridan biri hisob raqamda yig‘ilgan pullarni yechib, chet elga qochib ketgan.

Firma rahbarlaridan biri, deyishimizga asos bor: firmani joriy yil mart oyidan buyon boshqarib kelayotgan «dokumentalniy» rahbari shu yerda, Toshkentda. Bu haqda keyinroq...

Murojaat bo‘yicha vaziyatni o‘rganish uchun muxbirimiz «Rayyona Qutlug‘» ofisiga bordi. Biroq u yerda firma xodimlaridan hech kimni topib bo‘lmadi, ammo kutilganidek, 60 nafarga yaqin jabrlanganlarga duch kelindi.

Ulardan holatni bilish maqsadida suhbatga tortganimizda aksariyati boshlang‘ich to‘lovlarni (avtomobillar uchun o‘rtacha 4-5 ming AQSh dollari, uylar uchun esa o‘rtacha 15-17 ming AQSh dollari) turmush o‘rtoqlaridan, oila a’zolarining ayrimlaridan yashirin yoki ruxsatsiz to‘lagani, shu sabab videotasvirda yuzlari chiqmasligi kerakligini ta’kidlashdi. Buyog‘i o‘zbekchilik.

Akmal, jabrlanuvchi, Qashqadaryo viloyatidan:

— «Rayyona Qutlug‘» firmasi haqida internet orqali xabar topganman. Avvaliga ishonchsizday tuyulgan edi, biroq kelib ko‘rganimda bu yerdagilarning mijozlarga muomalasi, to‘lovlarning bank orqali qilinishi va ayrim mijozlarga berilayotgan uy va mashinalar ularga bo‘lgan ishonchimni orttirdi. Qolaversa, firma xizmatlarini islomiy shartlarda taklif qilgani ham ularga ishonishimga qaysidir ma’noda turtki bo‘ldi.

Ular menga 4 yildan beri ishlayotgan firma ekanligini aytishgandi. Endi bilishimizcha, ochilganiga 8 oy bo‘lgan ekan. Hozir rahbarlaridan biri bankdagi pullarni yechib, Ozarbayjonga qochib ketganmish.

Men 1 avgust kuni uyga 10 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan boshlang‘ich 120 million so‘m to‘lov qilganman.  

Ozoda, jabrlanuvchi. Surxondaryo viloyatidan:

— To‘yga deb yig‘ib yurgan pulimizni olib kelib bergandim. Foizsiz, peniyasiz deyishgani uchun turmush o‘rtog‘imga sovg‘a bo‘lsin deb, undan ruxsatsiz shu yerga to‘lov qilganman.

Bu yerga kelganimda odamlar 20 ming dollarlab uyga to‘lov qilayotganlarini ko‘rib, ishonib qoldik. 5 nafar bo‘yi yetgan farzandlarim bor, ularning to‘ylari uchun yig‘ib yurgan pullarimga ozroq qarz ko‘tarib, jami 5 ming dollar to‘lov qilgandim. Endi hammasiga kuyib o‘tiribman.

Muqaddas, jabrlanuvchi. Toshkent shahridan:

— Biz ham internet orqali xabar topgandik. Avvaliga ishonmadik, ammo bu yerdagilar shunaqa muomala qilishdi va xizmatlari haqida aytib berishdiki, oqibatda yashab turgan uyimizni sotib, boshlang‘ich to‘lov – 90 kv.m maydonga ega xonadon uchun 170 million so‘mni to‘lagan edik. Uch nafar o‘g‘lim bor. Turmush o‘rtog‘im bilan kelishib, uyni kengaytirmoqchi edik. Ular istasak ko‘p qavatli uylardan xonadon, istasak hovli-uy olishimiz mumkinligini aytishdi. Biz masalamiz oson hal bo‘layotganidan, shunday hojatbaror kishilar bor, deb xursand bo‘lib yuraveribmiz...

Muqaddas pullarni olib qochib ketgan firma rahbarlaridan biri – Gulyamov Zafar (u o‘zini mijozlarga Abdulloh deb tanishtirgan) bilan o‘sha kuni ham Telegram orqali yozishganini aytadi. Bizga taqdim qilingan skrinshotlarda ko‘rinishicha, o‘zini «Abdulloh» deb tanishtirgan va ayni paytda Baku shahriga qochib ketgani aytilayotgan Gulyamov Zafar unga o‘zining sog‘lig‘idagi muammolari sababli Hindistonda ekani, xavotir olmasligi, hammasi joyida bo‘lishi haqida taskin beruvchi gaplarni aytadi.

Mazkur holat bo‘yicha firma va firmaning ayni paytdagi rahbari – Egamberdiyev Erkinga advokatlik uchun yollangan Farhod Mirahmedovning aytishicha, Gulyamov Zafar 2022 yilning 10 yanvarida «Rayyona Qutlug‘» MChJni tashkil qilib, mart oyiga qadar boshqarib kelgan. Shu yilning 17 mart sanasidan boshlab esa ayni paytda Toshkentda bo‘lgan Egamberdiyevga firma rahbarligini topshirib, o‘zi norasmiy ravishda firma ishlariga bosh-qosh bo‘lib kelgan. 4 avgust sanasiga kelib esa u Egamberdiyevni hamkorlar bilan uchrashish bahonasida Moskvaga uchirib yuboradi va o‘zi firma xodimlarining bank-kartalariga pul o‘tkazish va ulardan naqdlashtirib olish yo‘li bilan firmaning bor pullarini olgan. So‘ng chet elga chiqib ketgan.

«Gulyamovda ham bankdan pul yechib olish uchun kerakli kalit bo‘lgan. Dastlabki o‘rganishlarimizda firmaning jami aylanmadagi mablag‘i 17 mlrd so‘m bo‘lganini aniqladik. Oxirgi marta kecha, 8 avgust kuni ham 40 million so‘m pul yechishga urinish bo‘lgan. Hozirda Egamberdiyev tomonidan banklardagi hisob raqamlarga ta’qiq qo‘yildi», – deydi advokat. 

O‘z o‘rnida orginfo.uz saytida keltirilgan ma’lumotlar bilan ham tanishib chiqqanimizda, «Rayyona Qutlug‘» MChJ haqiqatda joriy yilning 10 yanvarida davat ro‘yxatidan o‘tgani, ustav fondida 400 million so‘m bo‘lgani va ta’sischisi Erkin Egamberdiyev, rahbari Jumaboyev Ulug‘bek ekanligi aniq bo‘ldi.

Huddi shu savollar bilan Egamberdiyevning advokatiga yuzlanganimizda, u bularning hammasi soxta imzolar bilan Gulyamov tomonidan uyushtirilganini aytmoqda.

Voqealar rivojini kuzatamiz...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring