Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlandi

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlandi

1-mart kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldini qabul qildi. Tomonlar O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada hamkorlikni kuchaytirish masalasini muhokama qildilar.

Vazir I. Abdurahmonov O‘zbekiston-Xitoy hamkorligida amalga oshirilayotgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining sinov jarayonlari haqida ma’lumot berdi. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va Xitoy farmkompaniyasi bilan uch tomonlama memorandum doirasidagi III faza sinovlarida mazkur vaksinaning xavfsizligi yuqori baholanganini qayd etdi.

Bugungi kunga kelib  6836 nafar ko‘ngilli vaksinaning 1-dozasi, 4453 nafar ko‘ngilli vaksinaning 2-dozasi va 283 nafar ko‘ngilli 3-doza bilan emlandi. Ushbu sinovda qatnashgan fuqarolarning 6 nafaridagina ozroq nojo‘ya ta’sir – allergik reaksiya kuzatildi. Bu 0,01 foiz bo‘lib, vaksinaning xavfsizligidan dalolat beradi.

O‘z navbatida Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori o‘rinbosari Dilbar Dolimova ZF-UZ-VAC2001 rekombinant vaksina ekani tushuntirib, emlash jarayonida inson organizmiga koronavirusning tojining bir bo‘lagi kiritilishi haqida gapirdi.

«Bu usul nojo‘ya ta’sirlarni oldini olishga xizmat qiladi, negaki unda faqatgina virusning tashqi oqsili ishlatiladi. ZF-UZ-VAC2001ni oddiy muzlatkichda 2-8 daraja haroratda saqlash mumkinligi ham mazkur vaksinaning ijobiy tomonidir», – dedi D. Dolimova.

Darxan Satibaldi O‘zbekiston va Xitoy davlatlari hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 yangi rekombinant vaksina sinovlari muvaffaqiyatli o‘tayotgani bilan qutladi. Shuningdek, ushbu vaksina borasida Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarida ham materiallar berilayotgani haqida gapirdi. Elchi janoblari O‘zbekiston-Xitoy vaksinasini Qozog‘istonga ham yetkazish masalasini muhokama qilish bo‘yicha taklif tayyorlashini bildirdi.

Suhbat yakunlangach, Qozog‘iston elchisi Darxan Satibaldi va ikki nafar Qozog‘iston elchixonasi xodimlari ZF-UZ-VAC2001 vaksinaning 1-dozasi bilan emlandilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring