Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarshidagi kamar mojarosiga munosabat bildirildi

Qarshidagi kamar mojarosiga munosabat bildirildi

Foto: Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati

Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ijtimoiy tarmoqlarda «Qarshi shahrida kamar masalasi bo‘yicha odamlar yig‘ilmoqda ekan» sarlavhasi bilan tarqalgan videoga munosabat bildirdi.


Mavzu doirasida: Qashqadaryo haydovchilari qonunga qarshi chiqishmoqda


«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l harakati qoidalari»ning 9-bandiga yangi norma kiritilgan bo‘lib, unda «Konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositasini boshqarayotgan haydovchi va uning old o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarini taqib olishlari shart»ligi belgilangan.

Barcha ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir-necha bor chiqishlar qilindi. Shuningdek, korxona, tashkilot, mahalla va transport uyushmalarida hamda avtomobil yo‘llarida yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan harakat ishtirokchilariga tushuntirish, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.

Yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning asosiy maqsadi avtomobil yo‘llarida sodir bo‘layotgan og‘ir turdagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga, fuqarolarmizning sog‘lig‘i hamda hayotini asrashga, yo‘l-transport hodisalarining og‘irlik darajasini kamaytirishga qaratilgan.

Joriy yilning 26-may kuni soat taxminan 14:00lar chamasida Qarshi shahar, Islom Karimov ko‘chasida joylashagan Transport kolleji ro‘parasida, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi taksi haydovchilari tomonidan norozilik bildirilib, xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga amal qilmasdan sodir etgan qoidabuzarliklarini bekor qilishni so‘rab mas’ullarga murojaat bilan chiqishgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2022-yil 14-may kuni Islom Karimov ko‘chasida «Lochin ko‘z-Q» dasturi asosida kameralar o‘rnatilib ushbu kameralar orqali xavfsizlik kamari qoidabuzarliklarini aniqlash ishga tushirilganligi to‘g‘risida Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining rasmiy sahifasi hamda boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumot berilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Barcha yo‘l harakati ishtirokchilaridan amaldagi Yo‘l harakati qoidalariga rioya etishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi munosabatda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring