Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident saylovlarida qancha xalqaro kuzatuvchi qatnashishi ochiqlandi

Prezident saylovlarida qancha xalqaro kuzatuvchi qatnashishi ochiqlandi

Joriy yilning 15-sentyabrida YeXHT DIIHB ning saylovlarni kuzatish bo‘yicha Missiyasining matbuot-anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida 2021-yilning 24-oktyabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovlarini kuzatish bo‘yicha Missiyaning faoliyati boshlangani xaqida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, saylovlarni kuzatish uchun O‘zbekiston MSK ning taklifi bilan YeHXT DIIHB Missiyasining janob Ouen Myorfi (Irlandiya) boshchiligidagi 12 kishidan iborat Asosiy jamoasi tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari Germaniya, Avstriya, Belarus, Polsha, Moldova, Slovakiya, Ukraina, Ruminiya, Gruziya va Shimoliy Makedoniyadan.

Hammasi bo‘lib YeHXT DIIHBdan 300 ga yaqin kuzatuvchi qatnashadi, shu jumladan, ulardan Chexiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Polsha, Shveysariya, Rossiya, AQSh, Daniya, Finlyandiya, Gruziya, Vengrya, Qirg‘iziston, Litva va Buyuk Britaniya kabi 18 mamlakatdan 28 ta uzoq muddatli kuzatuvchi ham ishtirok etadi. Ular saylov kuni O‘zbekistonning hududlarida saylov jarayonlarini, 250 ta qisqa muddatli kuzatuvchilar ovoz berish protseduralarini kuzatadilar.

Tadbir davomida bu 2016-2021-yillar ichidagi 3 to‘laqonli missiya ekanligi ta’kidlandi.

Umuman olganda, YeHXT DIIXB saylovlarni kuzatish missiyasi O‘zbekistonda o‘z faoliyatini 1999, 2004, 2009, 2014, 2019-yillardagi beshta va 2007, 2015 va 2016-yillardagi 3 ta Prezident saylovlarida amalga oshirgan.

Avvalroq, joriy yilning 24-may kunidan 28-maygacha O‘zbekistonda YeHXT DIIXB Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBM) tashrif buyurgandi. U mamlakatimiz parlamenti, Oliy sud, vazirlik va idoralari, siyosiy partiyalari, shuningdek, jamoat tashkilotlarida uchrashuvlar o‘tkazdi.

YeHXT DIIXB EBM tashrifi yakunlari bo‘yicha joriy yil 19-iyul kuni Byuro tomonidan hisobot e’lon qilinib, unda joriy yil 24-oktyabrda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlarini kuzatish bo‘yicha to‘laqonli Missiyani boshlash tavsiya etildi.

EBM hisobotida saylovoldi sharoitlari va saylovga tayyorgarlik jarayonlari, ularni erkin o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha mamlakatda qabul qilingan chora-tadbirlarga ijobiy baho berilgan.

Qayd etilishicha, bo‘lib o‘tadigan saylovlarni tashkil etishda YeHXT DIIXB ekspertlarining avvalgi Prezident saylovlari yakunlari bo‘yicha hisobotlarda bayon etilgan fikr-mulohazalari va tavsiyalari e’tiborga olingan.

Xususan, joriy yilgi saylovlarda ayol kishi nomzod sifatida ishtirok etayotgani ijobiy baholanmoqda. 2016-yilgi prezidentlik saylovlarida ijro organlarda ayollar soni kam edi.

Shuningdek, saylovlarni o‘tkazish jarayonidagi o‘zgarishlar ham qayd etildi. Xususan, katta xavf tug‘dirmaydigan va og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovda ishtirok etishiga doir cheklovlar bekor qilindi. Siyosiy partiyalardan kuzatuvchilarning saylovlar oshkoraligi va demokratligini ta’minlashdagi roli kuchaytirildi. Ular ovozlarni sanab chiqish natijalari bo‘yicha saylov komissiyasining bayonnomasi tayyorlangandan so‘ng darhol saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning ko‘chirma nusxasini olishlari mumkin. Uchastka saylov komissiyasining ovozlarni sanash to‘g‘risidagi bayonnomaning ko‘chirma nusxasini hamma tanishib chiqishi uchun darhol Saylov uchastkasiga kamida qirq sakkiz soat muddatga osib qo‘yish tartibi o‘rnatildi;

Saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan davlat axborot resursi hisoblangan Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari konsullik ro‘yxatidan o‘tganidan qat’i nazar, chet davlatlarda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi hamda horijdagi saylovchilarning yashash joyi va ish joyidagi ko‘chma ovoz berish qutilarida ovoz berish uchun huquqiy asoslar qonuniy jihatdan mutahkamlandi;

Siyosiy partiyalarga targ‘ibot ishlarini olib borishi, umumpartiyaviy saylov tadbirlari, jumladan, ommaviy saylov kampaniyasini o‘tkazishi uchun qulay huquqiy sharoitlar yaratildi;

Tayyorgarlikning barcha bosqichlarida va saylovlarni o‘tkazishda saylov qonunchiligi sub’yektlarining qabul qilingan qarorlar ustidan shikoyat qilish tartibi nazarda tutilgan. Shuningdek, saylov komissiyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning saylovlarni o‘tkazish va yakunlarni sarhisob qilishga oid masalalar bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi ham tartibga solindi.

Saylovlar davomida siyosiy partiyalar tomonidan tashkil etiladigan ommaviy yig‘ilishlar, mitinglar va namoyishlar uchun xabardor qilish tartibi joriy etildi.

2021-yilda Markaziy Saylov qo‘mitasida davlat budjetidan «joriy harajatlar» uchun 2020-yildagiga qaraganda 74 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi – 4,1 mlrd ga qarshi 304,2 mlrd so‘m.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosiga taqdim etilgan ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistondagi 2016-yilgi prezidentlik saylovlari yakuni bo‘yicha 24 ta tavsiyanomadan 19 tasi qabul qilindi, jami 2016-2021-yillar davomida O‘zbekiston saylov qonunchiligiga 29 ta tavsiya, 8 ta qisman qabul qilingan tavsiya implementatsiya qilindi.

Missiyaning o‘tgan saylovlardagi kuzatuvlari davomida tayyorlangan hisobotlarida «saylovlar ancha yangilangan huquqiy baza doirasida bo‘lib o‘tdi», deb alohida qayd etiladi.

Saylov qonunchiligiga YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining ilgari taqdim etilgan tavsiyalariga javob beradigan qator yangiliklar kiritilgani tilga olingan.

Ushbu hisobotlarning o‘ziga xos jihati saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini takomillashtirish sohasida salmoqli yutuqlarning e’tirof etilishi, mamlakatimiz hukumatining davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlarining qayd etilishidir. Xususan, chet eldagi fuqarolarning ovoz berish masalalari hisobga olingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikassining Saylov kodeksi tilga olingan.

Shuningdek, transformatsiya jarayonlari so‘z erkinligi, davlat organlari oshkoraligi va OAV faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani qayd etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi faoliyati unga a’zo bo‘lgan 57 ta davlatda demokratiyani ta’minlashga qaratilgan YeXHT ning inson huquqlari sohasi bo‘yicha instituti hisoblanadi.

O‘zbekiston 1992-yildan buyon ushbu tashkilotga a’zo. 1994-yilda YeXHT huzurida O‘zbekiston Respublikasining Vakolatxonasi (Vena shahri) o‘z faoliyatini boshladi. 1995-yilda mamlakatimiz taklifiga binoan Toshkent shahrida YeXHT ning Markaziy Osiyo bilan aloqalar byurosi ochildi. 2006- yil iyun oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan YeXHT doimiy Kengashi tomonidan o‘sha vaqtgacha mavjud bo‘lgan YeXHT ning Toshkentdagi markazi o‘rniga YeXHT loyiha muvofiqlashtiruvchisining O‘zbekistondagi ofisini tuzish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. 2006-yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va YeXHT tomonidan YeXHT ning O‘zbekistondagi loyihalar muvofiqlashtiruvchisi lavozimini ta’sis etish to‘g‘risida Memoraandum imzolandi.

Bo‘lg‘usi saylovlarda YeXHT Parlament assambleyasi, MDH, ShHT, IHT va boshqa xalqaro tashkilotlar va chet davlatlardan kuzatuvchilarning tashrif buyurishi rejalashtirilmoqda.

O‘tgan yillar mobaynida saylovlarda horijiy va xalqaro kuzatuvchilar soni oshgani kuzatiladi: 2016-yilgi prezidentlik saylovlarida 555 (2015-yilda 296) nafar chet ellik kuzatuvchilar qatnashgan bo‘lsa, 2019-yilgi parlament saylovlarida ularning soni 825 (2014-yilda 331) nafarga yetdi. Bu O‘zbekistondagi saylovlar xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb qilayotgan yangi siyosiy muhit, tub o‘zgarishlar va demokratik islohotlar sharoitida o‘tayotganidan dalolatdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring