Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident amaldorlar ishidan qoniqish hosil qilmayapti. Buning ildizi nimada?

Prezident amaldorlar ishidan qoniqish hosil qilmayapti. Buning ildizi nimada?

Foto: Prezident matbuot xizmati

(Prezident Sh.Mirziyoyevning 12-avgustda o‘tkazgan videoselektori yuzasidan mulohazalar)

O‘zaro ishonch, qat’iylik va hamjihatlik asosida qaror qabul qila olish yuqori madaniyat belgisi. Boshqaruv mexanizmi, rahbarlik faoliyatida, ayniqsa buning o‘rni tobora sezilmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan muloqot va muomala madaniyatiga borib bog‘lanadi. Aks holda, turli anglashilmovchilik va ixtiloflar kelib chiqaveradi.

2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusni og‘ishmasdan amalga oshirish ham bevosita ana shu mezonga bog‘liq. 

«Inson o‘zgarmasa, jamiyat o‘zgarmaydi». Ushbu fikrni Prezidentimiz ikkinchi Murojaatnomasida e’tirof etgandi. Yaqinda 12-avgust kunidagi videoselektorda o‘sha mulohazani yana takrorladi. Demak, talab va topshiriqlar ijrosi ko‘ngildagidek emas. Yuqoridan buyruq va topshiriq kutib o‘tirish, tashabbus va tashkilotchilik ko‘rsatish o‘rniga sansolarlikka yo‘l qo‘yish, ishni paysalga solish to hanuz davom etmoqda.

Ayrim jabhalardagi rivojlanishlarni inkor etmagan holda, shuni aytish joizki, xalq bilan muloqot jarayonida, ularning ehtiyojlarini qondirish borasidagi harakatimiz hali maqtovga sazovor emas. Demak, Prezident qoniqish hosil qilmayapti. Xo‘sh, buning ildizi nimada? Bu savolga ham o‘zi atroflicha javob berdi. «Hali odamlar o‘zgargani yo‘q, madaniyat o‘zgargani yo‘q, hatto, hokimlarning ham madaniyati yo‘q, odamlar bilan gaplashishni bilmaydi. Oldingiday madaniyatsiz gaplar bilan majlislar o‘tkazib odamlarni haqorat qilishadi. Kim ularga shunday huquq berdi? Bu nimadan dalolat? Bu madaniyatsizligimizdan, o‘qimaganligimizdan, ma’naviyatimiz pastligidan dalolat. Hammamizga xalq baho beradi».

Kuyunish va achinish hissi bilan sug‘orilgan, tabiiylik va samimiylik ufurib turgan ushbu nutqdan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda ish tutish maqsadga muvofiq ekanini zamonning o‘zi taqozo etayapti. Kuylakning bichimini bitta odam hal qilishi mumkin, lekin muammoning yechimini jamoa hal etadi. Chuqur o‘ylangan holda, o‘zaro xalqchil manfaatdorlik asosida ish yuritishning barakasi ham samarali bo‘ladi. Odamlarni eshitish, tushuntirish va qaror qabul qilish, muloqot hamda muomala madaniyatini to‘la shakllantirmas ekanmiz, zalvorli vazifalar, istiqbolli rejalarni amalga oshirish mushkul.

Tadbirkor yoxud bloger ba’zi masala bo‘yicha izoh talab etsa, tuman hokimi o‘rinbosari unga to‘g‘ri javob berish o‘rniga o‘dag‘aylab, videokamera shtativini sindirsa, haqoratomiz xatti-harakatlar qilib ko‘r-ko‘rona ish tutsa, buni qanday tushunish mumkin?

Biz muloqot va muomala madaniyatimizni sharqona axloqiy tamoyillar asosida, muosharat odobi doirasida qurmas ekanmiz, xalq ishonchini qozonish qiyin. Ana shu tamoyil to‘la amal qilmasa, yetuk madaniyat, bilimimiz yetarli bo‘lmasa, rahbarlik bilan ijro organlari orasida anglashimovchiliklar tugamaydi.

Nutq xulqdan oziq oladi. Axloqiy madaniyatimiz ibratli bo‘lmasa ko‘ngil og‘rishiga sabab bo‘laveramiz. Bu esa muhitning nosog‘omligiga, ish ko‘rsatkichlarining pasayib ketishiga sabab bo‘lishi tayin.

Kaykovus o‘z «Qobusnoma»sida shunday yozadi: «Kishining martabasini so‘zi bilan bilurlar, ammo so‘zning martabasini kishi bilan bilmaslar, chunki har kishining ahvoli undan chiqadigan so‘zning ostiga yashiringandir, ya’ni bir so‘z bir ibora bilan aytilsa, eshitgan odamning ko‘ngli undan xijolat tortgay va yana o‘sha so‘zni bir ibora bilan aytsa, eshitgan odamning joni undan rohatlanadi».

Anglashilayaptiki, bu o‘z-o‘zidan nutqiy va xulqiy madaniyatga daxldor. Baqir-chaqir, ta’bir joiz bo‘lsa, «bo‘kirishu o‘kirish»lar natija bersa mayli edi, u aksincha, ishning chappasiga ketishiga, kishining ranjishiga sabab bo‘ladi.

Muloqot madaniy nutqqa asoslangandagina o‘zining ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Tilning bu imkoniyatlarini istifoda etishda qanchalik befarq bo‘lsak, nutqning madaniylik darajasi ham shunchalik past bo‘ladi, aksincha, munosabat qanchalik yuqori bo‘lsa, nutq ham, hosila ham shunchalik madaniy bo‘lishi tayin. Nazariy manbalarda keltirilishicha, so‘zlovchining til imkoniyatlariga munosabat tafakkur, ong, borliq, turli vaziyat va holatlar, maqsadga bo‘lgan munosabat qanchalik yuqori saviyada bo‘lsa, nutq madaniyati, muloqot mahorati ham yuqori bo‘ladi.

 Nahotki, ajdodlarimizga xos muosharat odobini unutgan bo‘lsak. Ajdodlarimiz qadimdan to‘g‘ri, ta’sirchan, chiroyli gapirishga intilish va ularni odatga aylantirishga ma’rifiy-axloqiy talab sifatida qarab kelganlar. So‘zni qadrlash, yaxshi so‘zlay olish, so‘zlaganda o‘ylab, tushunib gapirish, chin so‘zlash, tilni tiyish, suhbat sirlarini saqlash, ezma va vaysaqi bo‘lmaslik kabilarga amal qilish nutq odobining asosiy talablari hisoblangan.

Nutq madaniyatini egallashning ikki zaruriy asosi bor. Biri hozirgi o‘zbek tili va uning mavjud ifoda vositalarini puxta o‘zlashtirish, adabiy til me’yorlariga to‘liq amal qilish bo‘lsa, ikkinchisi so‘zlashganda muayyan axloq-odob me’yorlariga rioya etish, o‘z va o‘zgalar gapiga e’tiborli bo‘lish, o‘rinli so‘zlash, tinglash, suhbatlashish, munozara madaniyatini bilishdir.

Shuning uchun ham videoselektorda muhtaram Prezidentimiz ayrim rahbarlarni «gapirishni bilishmaydi» deya e’tiroz bildirganlari bejiz emas. Omma bilan tillashish va dillashishgina maqsadlarimizni amalga oshuviga zamin hozirlashini bilamiz-u, negadir amal qilmaymiz, uquvimiz yo‘qmi yoxud unga ko‘nikma va malaka hosil qilmaganimizmikan, deya o‘ylab qoladi kishi.

Aslida, bu tushunish va tushuntirish, targ‘ibot va tashviqot mexanizmining nazariy va amaliy jihatlarini omixta qilolmaganimizdandir.

Muloqot turfa odamlarning bir-birlari bilan til topishish, bir-birlariga turli xil ma’lumotlarni uzatish, fikrlar almashinuvi kabi murakkab hamkorlikni talab qiluvchi jarayon. Shuning uchun ham har bir shaxsning jamiyatda tutgan o‘rni, ishlarining muvaffaqiyati, obro‘si uning muloqotga kirisha olish qobiliyati bilan bevosita bog‘liqdir.

Taniqli psixolog B.F.Parigin muloqotning ko‘p  qirrali ekanini e’tirof eta turib, u kishilarning o‘zaro ta’sir jarayoni, ular o‘rtasidagi axborot almashinuvi jarayoni, bir shaxsning boshqa shaxsga munosabati jarayoni, bir kishining boshqalarga ta’sir ko‘rsatish jarayoni, bir-birlariga hamdardlik bildirish imkoniyati, shaxslarning bir-birlarini tushunishi kabi jarayonlarni o‘z ichiga olishini qayd etgan.

 Muloqotning yana bir muhim vazifasi – u odamni u yoki bu faoliyatga hozirlaydi, ruhlantiradi. Odamlar guruhidan uzoqlashgan, ular nazaridan qolgan odamning qo‘li ishga ham bormaydi, borsa ham jamiyatga emas, balki faqat o‘zigagina manfaat keltiradigan ishlarni qilishi mumkin. Demak, jamoani ruhlantirish, istiqbolli rejalarni amalga oshirishda jipslashtira olish qobiliyati rahbarlar uchun zarur.

Endilikda, «kerak bo‘lsa eshigim oldida soatlab kutsin, mening soyamga salom berishadi, deganim degan bo‘ladi», – deydigan kalondimog‘, ko‘zini yog‘ bosgan, burni ko‘tarilgan rahbarlar bugungi kunda ish yurita olmaydi. Xalqqa qancha yaqinlashsa, muammolarning yechimini idrok etadi, odamlarning o‘y-tashvishlari bilan yashasa, obro‘si va martabasi shunchalik oshadi. «Snos» masalasida xalqni ranjitgan ayrim rahbarlarning xatti-harakatiga qarab «Kibru havo nimaga kerak, o‘tma g‘urur ostonasidan», – deging keladi.

O‘zaro hamjihatlik, birdamlik va ishchanlik muhitini yaratishda, rahbar kadrlarning mehnat jamoasi va fuqarolar bilan munosabatlarini o‘zaro hamkorligiga erishishida milliy ma’naviy qadriyatlar va o‘zaro muomala madaniyatini rivojlantirish dolzarb masala. Jamiyat hayotining barcha sohalarida boshqaruv jarayoni mavjud. Kimdir mehnatni tashkil qilishi, maqsad va vazifalarni belgilashi, ularning bajarilishini nazorat qilishi hamda amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirishi lozim. Aynan shu masalalarni hal etishda rahbarlarning kommunikativ layoqatliligi, muloqot va muomala madaniyatisiz muvaffaqiyatga erishish, ishni tashkil qilish aslo mumkin emas.

Prezidentimiz Konstitutsiyamizning 24 yilligiga bag‘ishlangan nutqida «Bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishimiz darkor. Biz aholi eng ko‘p murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tish» zarurligini qayd etgandi.

Muloqotning mohiyati borasidagi ushbu haqiqatni unutish yaramaydi. Fransuz adibi Antuan Sent-Ekzyuperining «Bu dunyodagi birdan-bir haqiqiy ne’mat odamlarning bir-biri bilan muloqotidir», – degan fikrida jon bor.

Vaholanki, boyligimiz va borligimiz, kuch-qudratimiz manbai xalqning ishonchi va roziligi bilandir. Navoiy hazratlarining «Agar el qilmadi himoyat sanga, o‘zingdan kerakdir shikoyat sanga» degan purma’no hikmati bejiz emas. Buning mazmun va mohiyatida xalq bilan muloqot qilish, uning qalbiga quloq tutish, muammolarini oqilona va odilona hal etish majburiyati mavjud.

Beixtiyor sharq mutafakkirlaridan Kaykovusning ushbu mulohazalari yodga keladi. «Hech ishda shitob qilmag‘il. Har ishgaki kirishar bo‘lsang, oldin o‘sha ishdin chiqmoqni yaxshi ko‘zlag‘il va ishni oxirig‘a qarag‘il, har bir ishning o‘lchog‘in bilg‘il va barcha ishni o‘ylab qilg‘il. Barcha ishga, so‘zga aql yuzi bilan qarag‘il toki botil ko‘ra bilg‘il». Haq gap. Oqibatini o‘ylamasdan ish tutgan kishi oxiratini o‘ylamasdan nojoiz qadam tashlagan kimsaga monanddir.

Prezident iborasi bilan aytganda, har qanday kadrda saviya, bilim, ilm va fidoyilik uyg‘un bo‘lmas ekan, faoliyatimiz mantiqsiz, harakatlarimiz besamar bo‘lishi aniq.

Bu esa ilm va hilmning birligi masalasidir. «Nurnoma» risolasida xoliqi olamning «Men yetti daryo yaratdim, ularning orasida biri ilm daryosi, ikkinchisi hilm daryosi» degan zikri keltirilgan. Ilm bu saviyaga, olamni anglashga ishora bo‘lsa, hilm — bu muomala va muloqot madaniyatiga daxldor.  Shuningdek, Abdulla Avloniyda ham shunga monand fikr bor. «Hilm deb bo‘lar-bo‘lmas ishga achchig‘lanmaydurgan, arslon yurakli, yumshoq tabiatli bo‘lmoqni aytilur. Hilm insonlarning tab’idan xusumat, adovat, g‘azab, hiddat kabi yomon xulqlarni yo‘q qiladurgan har kimcha maqbul bir sifatdur. Hilm ilmi axloq yuzasidan insonga eng kerakli narsadur». Jahl otiga mingan ayrim rahbarlar buni bilishsa,  g‘azab asabga sabab bo‘lib inson umrini kemirishi, salomatligiga putur yetkazishini, bu harakat ishning ijobiy tomondan ko‘ra salbiy tomonga ketishini idrok etishlari zarur. Shu o‘rinda Verner qonuniyatini esga olish o‘rinli. «Harakatning qiymati ehtiyoj bo‘lmagan joyda amalga oshirilsa, u nolga teng bo‘lib, teskari natija beradi».

Halimtabiatlilik muloyimlikdir. Jahl qilish, g‘azablanish ularga yot bo‘lishidan tashqari, fikrini bosiqlik, vazminlik bilan yetkazuvchi kishilardir. Jahlning jilovi shaytonning qo‘lida. Halimtabiat inson o‘zgani emas, o‘zini yenga olgan kishini mard hisoblaydi. Bu ularning shiori. Demak, «insonlararo muomalada  chin inson bo‘lmak uchun havasning qo‘liga nafsning jilovini bermaydirgan, bo‘lar-bo‘lmas narsalardan achchig‘lanmaydurgan, sovuqqonli, yumshoq tabiatli, muloyim so‘zli, halim va sabrli bo‘lmak» lozimligi uqtiriladi. Shuning uchun ham hadisi shariflardan birida «Hilm xulqlarning sayyididur» deyiladi. Suqrot hakim: «Shiddat ila muomala qilgan kishilarga man viqor va halimlik ila muqobila qilurman, chunki hilm shiddatni, xusumatni past qilur. Lekin kishini ojiz va xorlik darajasiga tushuradurgan halimlikdan man bezor», – deb yozgandi.

Kishilararo ko‘cha-ko‘ydagi o‘zaro muloqotdagi muomaladan ko‘ra, rahbar va xodimlar orasidagi muloqot madaniyati mas’uliyat hissi va majburiyat burchining yuqoriligi bilan ajralib turadi.

Aytish mumkinki, notiqlik, muomala madaniyati barcha kasblarning, san’atlarning asosida mavjud. O‘z fikrini ommaga chiroyli tarzda, aniq va sodda tushuntira olish va ishontira bilishga bo‘lgan harakat deyarli barcha soha, kasb egalarining tabiatida bor. Bu ularning doimiy orzusi hamdir. Mashina mexanizmlarni boshqarish uchun shu kasbga oid chuqur bilim, tajriba, layoqat, shijoat bo‘lishining o‘zi kifoya. Odamlar orqali ishni boshqarish, ularga rahbarlik qilish boshqa narsa. Shu xakda fikr yurita turib psixolog Sh.Razzoqov «Rahbarlik uchun maxsus bilimlar, ko‘nikmalardan tashqari, odamlar bilan muomala qilish, qo‘l ostidagilar bilan til topishish, topqirlik, hozirjavoblik, qaltis vaziyatlardan chiqa olish, vaziyatni baholash, eng asosiysi, har qanday mushkul vazifani qiyin vaziyatlarda ham uddalay oladigan ahil va jipslashgan jamoa tuzish qobiliyati mujassam bo‘lishi lozim», – deb yozadi.

Xalqaro maydonda mafkuraviy, g‘oyaviy va informatsion kurashlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali davrda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, yurtdoshlarimizning hayotga ongli munosabatini shakllantirish, yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga daxldorlik hissini oshirish, mamlakatimiz mustaqilligi, tinch-osoyishta hayotimizga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tajovuzlarga qarshi izchil kurash olib borish vazifasi ushbu sohadagi ishlarni qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirishni, «jaholatga qarshi ma’rifat bilan» bahsga kirisha oladigan muloqot va muomala qila oladigan ritor va iqtidorli notiq kadrlarni tayyorlashni talab etmoqda.

Jamiyat taraqqiyotining muhim mezoni bo‘lgan ushbu muloqot mexanizmi, kommunikativ kompetensiyani amaliy asoslarini boshqaruv tizimida, rahbarlik faoliyatida, kadrlar masalasida keng joriy etish nihoyatda zarur.

Shu haqda taklif va fikr bildirganimizda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning tashkilotchilik salohiyatini ta’kidlash o‘rinlidir. U fan, ta’lim, turizm, sport va sog‘liqni saqlash tizimi davlatimiz qudratining muhim manbalaridan ekanini, bu esa o‘z navbatida targ‘ibotning ta’sirchan mexanizmi – muloqot madaniyati va notiqlik san’ati bilan bog‘liqligini uqtirish asnosida notiq-pedagoglarning ko‘rik tanlovini o‘tkazish va rag‘batlantirish borasida bildirgan tavsiyalari shu sohaga yaqin bir inson sifatida kaminani ham ruhlantirib yuborgani rost.

Darhaqiqat, targ‘ibotning ta’sirchan, qiziqtirish orqali ergashtiruvchi, ishontirish san’ati – muloqot mexanizmi, notiqlik mahorati bo‘lmasa, ta’lim sifati va samarasining pasayishiga sababchi bo‘ladigan o‘qituvchilar ham, moziy muhri bo‘lgan muzeylardagi eksponatlar haqida qiziqarli tarzda ma’lumot bera olmaydigan gidlarning ham, sayyohlarning e’tibori va qiziqishini orttira olmaydigan ekskursovodlarning ham, masala mohiyatini teran tushunmasdan har xil nizolarga sabab bo‘luvchi madaniyatsiz hokim muovinlarining ham, davlat va hukumat hujjatlarini, qonun, qaror, farmon va farmoyishlarning mazmun-mohiyatini sodda va ravon yetkaza olmaydigan huquqshunoslarning ham urchishiga sabab bo‘laveramiz.

Xayrli ishlar madaniyatli kishilar bilan, ulug‘ vazifalar, qutlug‘ maqsadlar ma’naviyatli shaxslar, ibratli insonlar bilan amalga oshirilishini, aslo, unutmasligimiz kerak.

Rahimboy Jumaniyozov, 
TIQXMMI matbuot xizmati rahbari,
filologiya fanlari nomzodi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring