Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbek tiliga «mag‘lubiyat» yozilgan kun

O‘zbek tiliga «mag‘lubiyat» yozilgan kun

Shu kunlardagi eng dolzarb mavzu bu — tilimiz, hayot-mamotimiz masalasi. Bu ko‘plab taqdirlarga tushov bo‘layotgan, hayotiy og‘riqli dardimizdir.

Bunga jonajon vatanimizda kunda bir uchrab turadigan oddiy voqeliklar bilan misol keltirsak. Bir necha yil oldin shahar markazidagi tug‘ruqxonalardan biriga homilador ayol shoshilinch olib kelinadi. Qishloq shifokorining ko‘rsatmasiga binoan yuborilgan ayolning homilasi yuragi sust urib turgani bois, tezlik bilan kesarcha jarrohlik amaliyoti o‘tkazishni taqozo etar edi.

Navbatchi rusiyzabon shifokor esa olis qishloqdan kelgan homilador ayol va uning qaynonasiga ruschalab bir nimalar deydi, tabiiyki, ular buni tushunishmaydi. Ayol homilasi harakati sustlashganini tushuntirishga harakat qiladi, lekin shifokor «ne ponyala» deydiyu, ertaga o‘zbek shifokori kelishini aytib, kutishini buyuradi. Afsuski, shu kecha homila ham, ayol ham nobud bo‘ladi. Bu ikki jon, o‘z yurtida, o‘z ona tilida dardini tushuntira olmaganidan, shifokorning davlat tilini bilmasligidan qurbon bo‘ladi. Ming bir taassufli bu kabi holatlar boshqa vaziyatlarda ham uchrab turadi.

Aholi shoshilinch murojat etuvchi maskanlar, aeroport, vokzal, mehmonxonalar, xususiy klinikalar, ko‘plab korxonalarda o‘zbek tilini bilmaydigan xodimlar sabab achinarli holatlarga tushayotganlar, sarsonu sargardonlikka mahkum etilayotganlar borligini-da inkor etib bo‘lmaydi. Mayli, bizda til va so‘zlashuv borasida hadsiz erkinlik bor, lekin mas’ul lavozimdagi xodim uyida, ko‘chada xohlagan tilida so‘zlashsa ham, ish joyida murojaat etuvchiga albatta o‘zbek tilida javob bersin. «Ne ponyala» deya birovning hayoti, taqdiriga nuqta qo‘ymasin.

Buni o‘sha birgina tugmani bosish bilan qonunlarni tasdiqlab, millat taqdirini hal etuvchi, xalq saylaganu, ammo shu xalqqa «o‘gay» bo‘lgan ba’zilar his etishsa yaxshi bo‘lardi. 

Achinarlisi, bugun juda ko‘p muassasalarning saytiga kirsangiz, hali ham davlat tilida ochilmaydi, bir chetda turgan o‘zbekcha havolani qidirishga majbur bo‘lasiz. Ko‘pgina tashkilotlarga sim qoqishingiz bilan «slushayu» degan javob eshitiladi. Balki tug‘ilgandayoq, «mi otkrilis» deb nafas ola boshlagan korxonayu muassasa, savdo majmualari o‘zlariga alal oqibat bu qismatni taqdir etar.

Bir paytlar mashhur bo‘lgan bir nufuzli xonimimiz xorij tillarini bilgani holda, o‘z davlati tilini bilmas edi. O‘zbek tili unga o‘gay ekanini esa, o‘sha paytlarda bot-bot uyushtiriladigan tadbirlarda nomigagina, istar-istamas gapiradigan uch to‘rt jumlasidayoq sezdirib qo‘yardi.

O‘zga tillarni bilib, o‘z tilini bilmaslikdan hijolatsiz faxr tuyadiganlar bugun ham bisyor. Balki o‘zimiz tilimizni shu qadar ojiz qilib qo‘ydikmikan, degan o‘ylar charx uradi ba’zan. Qaysidir davralarda, majlisu savol javoblarda ruscha murojaatlarni o‘zbek tilidagisidan ustun qo‘yamiz. Rusiyzabon hamsuhbatga shu tilda yondashamiz, ruscha gapirmasak, o‘zimizni mulzam his etamiz. Lekin bugun o‘sha kun keldi, tilimizga befarqlikni ba’zi «elita»larimizdan o‘rganayotgan avlod ham o‘zga tillarni «elita»lashtirmasidan, o‘z tilimizni va shu bilan qaddimizni tiklaylik endi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring