Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Morxo‘rlar – Ko‘hitang jilosi. Ikki kunlik safar haqida

Morxo‘rlar – Ko‘hitang jilosi. Ikki kunlik safar haqida

Foto: Marat Nadjibayev

Surxon qo‘riqxonasi «Qizil kitob»ga kiritilgan yovvoyi tog‘ echkisi – morxo‘r bilan mashhur. Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan safarga otlanganda aynan morxo‘rni ko‘rishni niyat qilgandik. Ikki kunlik mashaqqatning mukofoti o‘laroq shu niyatimizga yetdik.

Hali biror marta qo‘riqxonalarda bo‘lmagan, noyob, yovvoyi hayvonlarni ko‘rmagan odam uchun bundan ortiq zavq bo‘lmasa kerak.

Termizgacha poyezdda yetib bordik, Ko‘xitang etagiga qadar esa yengil mashinalarda. U yog‘iga bir nechta yo‘ltanlamas avtomobillarda toqqa chiqib ketdik. Yo‘limizdagi eng oxirgi qishloqdan o‘tganimizda allaqachon kun yoyilib bo‘lgan edi.

Qo‘riqxonaga yetib borgach, birinchi kun asosan bemisl tabiatni tomosha qilish bilan o‘tdi. Biz joylashgan «Shalqon» bo‘limida morxo‘rdan tashqari Buxoro tog‘ qo‘yi, silovsin, yovvoyi cho‘chqa, bo‘ri va boshqa jonzotlar kun kechirsa-da, quyuq o‘rmon bilan qoplangani uchun birortasini uchratishning imkoni bo‘lmadi. Tabiat olami o‘ta extiyotkor bo‘ladi, xatto katta tajribaga ega o‘rmonchilar ham harchand urinmasin, birorta hayvonni uchratishning imkoni bo‘lmadi. Biroq foto, video texnikalarimiz uchun ish yetarlicha topildi, manzara shu qadar chiroyli ediki, suratga tushira-tushira kech tushganini ham sezmay qoldik.



Tun qorong‘u bo‘lganda tayyor materiallarni redaksiyalarga yuborish uchun internetga ehtiyoj tug‘ildi. Shu maqsadda eng yaqin masofadagi Shalqon qishlog‘idagi maktabga yo‘l oldik. Baraka topishsin, qorong‘u tushib qolgan bo‘lsa ham internetni tezda ulab berishdi.

Ertasi kuni qo‘riqxonaning boshqa bo‘limi – Xatakka boradigan bo‘ldik. Yo‘limiz ustida yana o‘sha maktabga kirdik, qorong‘uda yaxshi ko‘rmagan ekanmiz, uzoq qishloqda bo‘lsa ham binoyidek maktab bunyod etishibdi. Qizil olma mahallasiga tegishli 36-maktabda bor yo‘g‘i 90 nafardan ko‘proq bola o‘qirkan va bir maktabga kerak bo‘lgan hamma narsa bor. Eng muhimi – shuncha uzoq masofaga ham optik tola tortib kelinibdi, internet tez, uchyapti.



Qo‘riqxonaning Xatak bo‘limiga yetib kelganimizdan so‘ng ulovlarni ko‘zdan kechirib, yana yuqoriga chiqib ketdik. Biz boradigan joyni Bog‘lidara deb atasharkan. Aytishlaricha, 10-15 yil oldin Bog‘lidara sal qolsa turli tashkilotlarning dala hovlisiga aylanib ketayozgan ekan. Hatto ba’zi o‘ziga to‘qroq korxonalar qurilish ham boshlab yuborgan. Ammo o‘z vaqtida qabul qilingan qarorlar tufayli barcha «yaxshi dam olish» ixlosmandlari Bog‘lidaradan chiqarib yuborilgan va tabiat o‘z holiga qo‘yilgan.


– Hozir qo‘riqxona hududiga kirish mutlaqo taqiqlangan. Siz ko‘rib turgan mana shu yo‘l atrofidagi daraxt va butalar yuk mashinalari o‘taverganidan ancha ozorlanib qolgan edi. Endi esa ko‘rib turibsiz, bir yengil mashina arang sig‘adigan joy qolgan, tabiat o‘zini tez tiklab olyapti, – deydi biz bilan suhbatda qo‘riqxona direktori Rustam Turdiyev. U morxo‘rlarni ko‘ra olishimizni aytib, bizga tasalli beradi. Bog‘lidara bo‘ylab ketarkanmiz, barcha jurnalist va operatorlar tinmay ikki tomonga alanglaydilar, nahotki yovvoyi echkilarni bugun ham ko‘ra olmasak?

Yo‘q, oradan hech qancha vaqt o‘tmay ilk morxo‘rlarni ko‘ramiz, e’tiborlisi, buning uchun hech qanday binokl ham kerak bo‘lmaydi – beshta jonivor shundoq yonimizdagi qoyalardan shiddat bilan yugurib o‘tib ketadi. Arang suratga tushirishga ulgurib qolamiz, ammo foto sifati biz o‘ylaganchalik yaxshi emas.

– Hechqisi yo‘q, – kuladi qo‘riqxonachilar – Bu hali hech narsa emas, nasib qilsa yana ko‘ramiz. Bizning morxo‘rlar hali biror marta pand berishmagan, qidirib kelsak albatta ko‘rinish beradi.
Aytganlaridek, sal turib yana uzoq-uzoqlardagi qoyatoshlarda morxo‘rlar ko‘zga tashlanadi. Ammo ilg‘ab olish qiyin, video, fotolarning sifati kutganimizchalik emas. Hamrox jurnalistlar hafsala pir bo‘layotganini yashirishga urinadilar, ammo hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. Mayli, jilla qursa osmonda viqor bilan uchib yurgan burgut va oqboshli qumoylarni kuzatamiz.

Nihoyat, kun botishi arafasida ikki kunlik yurishlarimiz o‘z mevasini beradi – morxo‘rlar suv ichish uchun tushadigan joyga xufya qo‘yilgan xodim ratsiya orqali jonivorlar tog‘dan tushib kelayotganini xabar qiladi. Bu safar o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga ahd qilamiz va faqat tasvirga oluvchi operatorlar yig‘ilib borishga kelishib olamiz.

Ular orasiga men ham qo‘shilaman, zero, ko‘rmagan narsam haqida yozishni uddalay olmayman, aniqrog‘i, yozmayman. Shunday ekan, bormasam bo‘lmaydi.

Yo‘ltanlamas mashinalarda suvloqqa yaqin joyga borganimiz hamono morxo‘rlarni ko‘ra boshlaymiz. Avvaliga beshtasi ko‘rinadi, ortidan 10 dan ortig‘i, keyin esa butun boshli suruv qoyalar orasidan chiqib keladi – jami bo‘lib 50 dan ortiq. Yana bu faqat bitta suvloqqa kelayotgan morxo‘rlar!

Imkon qadar shovqin chiqarmay jonivorlar suv ichadigan joyga yaqinlashamiz, ammo suruv tog‘-toshlar orasida to‘xtab qolgan. Yovvoyi tabiatda yashaydigan jonzotlarda ehtiyotkorlik instinkti juda kuchli, ular qandaydir savqi-tabiiy bilan allaqachon bizni sezib ulgurishgan va tepada turgancha atrofni kuzatishadi. Yo‘q, bu qo‘lida allambalo ko‘tarib olgan odamlar ularda ishonch hissini uyg‘otmaydi va suruv qayta tepaga ko‘tarilib, qoyalar bo‘ylab boshqa suvloq tomon yo‘l oladi.

Bizning yana hafsalamiz pir bo‘lgan, ortga qaytishga chog‘lanamiz – yetarlicha video, surat olishga ulgurdik, sifati ham yomon emas, shuni o‘zi yetadi.

Ammo shu payt tajribali qo‘riqxonachilar bizni sal nariga boshlaydilar. Charchagan bo‘lsak-da, ularning ortidan ergashamiz, soyni kechib o‘tamiz, toshlar orasidan sakraymiz. Nihoyat suruv yana ko‘rinadi.



Bu safar ham morxo‘rlar bizni sezishgan bo‘lsa-da, tashnalik baribir o‘z kuchini ko‘rsatadi. Avvaliga bitta yoshrog‘i hech narsaga qaramay qoyadan pastga sakraydi va o‘zini suvga uradi, ortidan boshqalari ham tushadi. Nihoyat butun suruv pastga o‘rlaydi. Ikki kunlik mashaqqatli yurishlarimiz o‘z mevasini beradi va 100 metr nari-berisida suv ichayotgan suruvni tomosha qilamiz, qayta-qayta suratga olamiz.

Safarimiz o‘xshadi!

Zafar QOSIMOV,
Toshkent - Termiz - Ko‘hitang

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring