Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mo‘g‘ullarni hayratga qoldirgan shayx: Sayfiddin Boxarziy tarixi

Mo‘g‘ullarni hayratga qoldirgan shayx: Sayfiddin Boxarziy tarixi

Foto: Xabar.uz

Xarobaga aylangan Buxoroni qayta obod qilib, uni «sharif» unvoniga sazovor etgan shayx sharafiga 8 asrdan ortiq vaqt o‘tib, muqaddas manzillar bunyod etilmoqda.

Buxorodagi «Sayfiddin Boxarziy» mahallasida joylashgan «Fatxobod» ziyoratgohi hududida «Islom tamadduni namoyandalari» xiyobonining barpo etilayotgani ko‘pchilikka qiziqish uyg‘otmoqda. Hali qurilish va bunyodkorlik ishlari yakunlanmay turib, sayyoh va ziyoratchilar soni ortmoqda. Mazkur xiyobonda islom dini namoyondalari Abu Havs Kabir, Abu Bakr Kalobodiy, Mustamliy Buxoriy, Hazrat Poyanda Muhammadshoh Axsaviy kabi yetuk allomalarning memoriallari, masjid binosi, tahoratxona, hunarmandchilik markazi, mehmonxona, kutubxona, anjumanlar zali kabi ob’yektlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.  Dastlabki bosqichda 2000 nafar namozxonga mo‘ljallangan masjid binosi va tahoratxona qurish ishlari davom etmoqda.

Xo‘sh, Sayfiddin Boxarziy kim va uning sharafiga tiklanayotgan inshootlarning siri nimada?

Sayfiddin Abul Ma’oliy Sa’id ibn Mutohhar ibn Sa’id ibn Ali Qoidiy Boxarziy XII asrning ikkinchi yarmida, ya’ni 1190-yilda  Xuroson viloyatining Boharz (Eronning shimoliy sharqidagi Naysobur bilan Hirot o‘rtasidagi viloyat) mavzeida tug‘ilgan. Manbalarda ta’kidlanishicha, Boxarziyning nasablari Hazrat Abu Bakr Siddiqga borib taqaladi. Boxarziy Hirot va Nishopur shaharlarida o‘qigan va diniy-huquqiy ta’limni olib, tez orada so‘fiy darajasiga erishgan.

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shavkat Bobojonovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha,  Sayfiddin Boxarziy Makka va Madina shaharlarini ziyorat qilib, musulmon huquqshunosligining nodir asari – «al-Hiloya» asarini o‘rgangan. Ustozlari Najmiddin Kubroga e’tiqodi baland bo‘lgan. Boxarziy ustozlari tahoratda azob chekmasin deb, oftobaga suv olib, bag‘irlariga bosib, yurak tafi bilan uni isitib, kechasi bilan ostonada turganlar. Ustozlari shogirdidan nega tuni bilan riyozat chekding deganlarida, Boxarziy, «Men uchun Hazrat Shayx ostonalarida bo‘lmoqdan ortiq farog‘at, lazzat yo‘q» degan ekanlar. Bunga javoban Najmiddin Kubro «Bashorat bo‘lsin sengaki, podshohlar sening oting rikobida bo‘lg‘ay» deganlar.

Boxarziy Kubraviylik diniy so‘fiylik ta’limotini targ‘ib qilish uchun Shayx Najmiddin Kubro maslahati bilan taxminan 1218-1219-yillarda Buxoroga kelgan. Boxarziy diniy ilmlarda noyob muvaffaqiyatlarga erishgandan so‘ng Xorazmda biroz yashab, so‘ng Buxoroga noib qilib yuborilgan.

«Bu davr Buxoroning eng murakkab, o‘lkamiz tarixining  ayanchli paytlariga to‘g‘ri keladi. Chingizxon bosqinidan so‘ng shahar ayovsiz talangan, yarim asr davomida Buxoro xarobaga aylantirilgan edi. Sayfiddin Boxarziy Buxoroga kelganida shahar batamom yonib, hatto, istiqomat qilishga joy qolmagan. Chunki, 1220-yil 16-fevralda Chingizxon buyrug‘iga binoan, shahar yoqib yuborilgan va bir kunda ho‘li quruq birdek yonib bitgan. Boxarziy esa bunday paytda odamlarni yig‘ib, ularga «Sahihi Buxoriy»ni o‘qib bergan. U  mo‘g‘ullar zulmi davrida Buxoroda qariyb 40 yil yashagan va yuqori darajali lavozimlarda ishlagan. Ma’lumki, bu davrda mo‘g‘ullar tomonidan Buxoro o‘zaro kurashlar natijasida ikki marotaba, 1220 va 1273-yillarda yoqib yuborilgan»,-deydi Shavkat Bobojonov.

Boxarziy Buxoro xalqini mo‘g‘ullar zulmidan panoh izlashida, bu davrda islom dinining keng yoyilishida xizmat ko‘rsatgan.       

«Tarixda yozilishicha, shayx nihoyatda chiroyli bo‘lgan, shu sabab Najmiddin Kubro u kishiga yuzini yopib yurishni tavsiya qilgan ekan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Sayfiddin Boxarziy Oltin O‘rda xoniga maktub yo‘llab, agar ulkan saltanatni osoyishtalik bilan boshqarishni istasa, mo‘g‘ullar islomni qabul qilishlari, boshqa o‘lkalarda ham musulmonchilikni joriy qilishni maslahat bergan. Bunga javoban mo‘g‘ul hukmdori Berkaxon Shayx huzuriga sovg‘a-salom bilan tashrif buyurgan va muridlikni qabul qilgan. Berkaxon shayx sharafiga xonaqo, masjid va madrasa barpo etilishiga farmon beradi. Berkaxonning akasi zolim va qonxo‘r Boyquga Boxarziy shayx bo‘lmoqchi, deb yomonlashadi. Shunda shayxni zanjirband qilib, Samarqandga Boyqu  o‘rdasiga olib ketadilar. Boxarziy borayotib, «Men bu xorlikdan keyin bir izzat kelishini ko‘rmoqdaman», - deydi. Hazrat Samarqandga yaqinlashganida, Boyqu vafot etadi. Bu voqeadan xabar topgan ko‘rgan mo‘g‘ul askarlari shayxni qo‘yib yuboradi va uning qo‘lida musulmon bo‘ladilar. Bag‘dod xalifasi Musta’sim Boxarziyga tuhfa yuborib turgan. Tuhfalardan biri Hazrati Ali qo‘llari bilan yozilgan Qur’oni karim edi. Ozarbayjon voliysi Malika binti O‘zbek ibn Pahlavon esa Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) Uhudda singan tishlarini hadya sifatida jo‘natgan. Shunday qilib, Sayfiddin Boharziyning buyuk xizmatlari bilan bir tomchi ham qon to‘kilmay, millionlab insonlar haq yo‘liga yetishi va islomni davlat fuqarolarining rasmiy diniga aylanishiga erishiladi. Shayx mo‘g‘ul noiblari bilan doimiy olishib, ularning Islom ruhoniylarini kamsitish yo‘lidagi harakatlariga ochiqdan ochiq kurashgan. Bundan xabar topgan Arab xalifasi Sayfiddin Boxarziy hazratlariga «Shayx-ul-olam» (Olam shayxi) unvonini, Buxoroga esa «Sharif» («Muqaddas shahar») maqomini berish to‘g‘risida yorliq yuborgan va Buxoro «sharif» unvoniga sazovor bo‘lgan uchinchi shahar bo‘lib qolgan. O‘sha zamonda musulmon dunyosida islom dini vujudga kelgan Quddus shahri bunday sifatlashga munosib topilgan edi, xolos»,-deydi Shavkat Bobojonov.

Hazrat 1261-yil 20-oktyabrda zulqa’da oyining 24 kunida Buxoroning Qarshi darvozasidan 1 chaqirim uzoqlikda joylashgan Fatxobod qishlog‘ida vafot etgan.

Suhbatdoshning aytishicha, to‘rt yuz ming atrofida odam Boxarziyning janozasida qatnashgan.  Hazratdan mixlari kumushdan kovush, besh yuz dinorga teng tilla suvi yuritilgan oyoqlari ostiga qo‘yiladigan kursi, o‘n ming dinorga baholangan ot va chorvalari qolgan. Faqatgina 330 ta kiyimlik, ro‘mol, salla va mo‘yna o‘g‘illari Jaloliddin Muhammad, Burhoniddin Ahmad, Mazhariddin Mutahhirga tekkan. 60 ta qullari u kishidan hofizi Qur’on, husnixat, arab tilini o‘rgangan va hadis eshitgan. Qullaridan Nofe’iddin qirqdan ziyod Qur’on ko‘chirgan.

«Shayx ul-olamning vafotidan keyin Fatxobod so‘fiylik e’tiqodining markazi bo‘lib xizmat qilgan va hozirgacha ham shunday. Amir Temur ham Buxoroga tashrif buyurganida Shayx qabrini, albatta ziyorat qilgan. XII-XIV asrlarda hazrat qabri ustiga qurilgan maqbara bugungi kungacha saqlangan. Maqbara ichida jami 11 ta qabr bo‘lib, «Kitobi Mullozoda»da keltirilishicha, bular hazratning ikki o‘g‘il Jamoliddin Muhammad va Mazhariddin Mutahhir, nevarasi Abu Mufaxir Yahyo va evaralari Xovand Burg‘oniddin, Ruhiddin shayx Dovudnikilardir»,-deydi suhbatdosh.   

Hazrat xonaqoh maqbarasi XIV asrning ikkinchi yarmida, uning ulkan portali ancha keyinroq qurilgan. Maqbara o‘z shaklining ulkanligi bilan, tuzilishining mahobati, me’moriy g‘oyasining aniqligi bilan kishini o‘ziga jalb qiladi.

«Ziyoratgohning bugungi kunda Fatxobod, deb atalishida ham ramziy ma’no mujassam. «Fatx» so‘zi - bosib olingan, ya’ni bosib olingan yerlarni qayta obod etgan Boxarziyga ishoradir,-deya so‘zida davom etadi tarix fanlari nomzodi Shavkat Bobojonov,- 1976 yilda Buxoroda yuz bergan kuchli yer silkinishi oqibatida maqbara gumbazi batamom xarobaga aylangan. Istiqlol yillarida maqbara binosi qayta ta’mirlanib, asl holiga qaytarilgan, gumbaz qayta o‘rnatilgan. Xalq ijodining nodir asarlaridan bo‘lgan maqbarani buxorolik ustalar va O‘zbekiston yodgorliklarni ta’mirlash va konservatsiyalash maxsus ilmiy-tadqiqot instituti olimlari buzilishdan qutqarishga kirishgan. Yodgorlikni mustahkamlash va qayta tiklash loyihasi tuzildi. Buxoro maxsus ilmiy ishlab chiqarish ustaxonasi bu muhim ishni ta’mirlovchilar avlodidan bo‘lgan usta Azim Hayitov boshliq brigadaga topshirdi. Brigada a’zolaridan Kamol Otayev, Husayn Najmiddinov, Umid Habibov va boshqa qadimgi yodgorliklarni tamirlovchilar, binoning devorlarini mustahkamladilar»

Ta’kidlanishicha, ziyoratgoh xonaqosi va masjidi uchun nafis billur qandillar in’om etilgan.   

Buxoro shahar hokimligining sa’y-harakati bilan eski bitum ishlab chiqarish korxonasi yopilgan va temir yo‘l olib tashlangan. Atrofidagi shu paytgacha saqlanib qolgan qabrlar ham olinib, ular Xo‘ja Ismat, Hazrati Imom qabristonlariga ko‘chirilgan. Ziyoratgoh kengaytirilib, bog‘ga aylantirilgan. Qum ostida qolgan qabrlar ochilib, tozalangan. Maqbara yonidagi minora ikki yil mobaynida (2007-2009)  usta Muzaffar tomonidan qurib bitkazilgan. 

«Sayfiddin Boxarziy sharafiga «Islom tamadduni namoyandalari» xiyobonining barpo etilayotgani tarixsevar xalqimiz tomonidan ham katta hayajonlar bilan qarshilandi. Ushbu xiyobon zamonaviy va qadimiy ko‘rinishdagi betakror inshootlar bilan yanada fayziyob bo‘ladi. «Family Park» qurilish kompaniyasi tomonidan   amalga oshirilayotgan ushbu masjid arxitekturasida Sayfiddin Boxarziy hamda Bayonqulixon maqbaralaridan andoza olingan bo‘lib, masjid ikki tarixiy inshoot bilan uyg‘un ravishda bunyod etilmoqda»,-deydi Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov.

Jamol Nosirov quruvchi-muhandislar bilan muloqot chog‘ida masjid qurilishi ishlarida har bir detalga alohida e’tibor qaratish va bu masalada imom xatiblar bilan maslahatlashgan holda ish olib borish lozimligini bildirdi.

Bugungi kunda shayxning qabri ustiga yasalgan yog‘och sag‘ana mozaika usulida terilgan bo‘lib, unda tug‘ilgan va vafot etgan sana, Qur’oni karimning mashhur suralari, shayxni madh etuvchi marsiyalar  yozib chiqilgan.

«Hazrat tug‘ilganiga 830 yildan oshgan. Lekin «sharif» maqomiga ega Buxoromiz uchun to hanuz xizmatlari bisyor. Buxorolik ilm ahlining tafakkur chirog‘i asrlar mobaynida Sharq xalqlarini yuksak ma’naviy komillik ruhida tarbiyalashdek xayrli ishga xizmat qilib kelgan. Ana shunday ulug‘vor ish yo‘lida kamarbasta bo‘lgan zot sharafiga xizmat qilmoq va uning manzillarini obod aylash har bir buxorolikman, deganning muqaddas ishiga aylanishi kerak»,-dedi Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring